O'zbekiston Davlat statistika qo’mitasining 9 oylik yakunlari bo’yicha tarqatgan ma’lumotiga ko’ra, yil boshidan beri 10 milliondan oshiq o’zbekistonlik xorijga chiqqan. Bu raqam 33 millionlik aholining 40 foizdan oshig’ini tashkil qiladi, ya’ni har uch kishidan biri xorijda. Bu o’tgan yilgi ko’rsatkichdan ikki barobar ko’p.
Statistika qo’mitasiga ko’ra, xorijga chiqqanlarning ko’pchiligini qarindoshlarini ko’rish uchun qo’shni davlatlarga o’tayotgan fuqarolar tashkil etadi.
Ish topish maqsadida ketayotganlar esa Rossiya, Qozog’iston, Turkiya, Janubuy Koreya kabi davlatlarga yo’l olmoqda. Ularning soni 3 million 200 ming kishi atrofida.
Buni xorijdagi o’zbekistonlik mehnat muhojirlari haqidagi dastlabki rasmiy raqamlar sifatida qabul qilish mumkin, ayniqsa, hozirgacha mehnat muhojirlariga doir biror aniq raqamlar mavjud emasligi inobatga olinsa.
Marhum prezident Islom Karimov davrida O’zbekiston uzoq yillar mehnat muhojirligi muammosini tan olmagan. Karimov mehnat muhojirlarini “Moskva ko’chalarini supirayotgan dangasalar” deb atagan edi.
Shavkat Mirziyoyev dastlabki chiqishlarida mehnat muhojirlari muammosiga to’xtab o’tdi. Qozog’istondagi avtobusda 52 nafar o’zbekistonlik yonib ketishi ortidan muhojirlar ishsizlik bois xorijda sarson-sargardon yurishgani, buning uchun hukumat javobgarligini tan olgan edi.
Qozog’istondagi bu fojia ortidan mehnat muhojirligi muammosi O’zbekistonda keng muhokamaga chiqdi, hukumat samolyot chiptasi narxlarini pasaytirish, xalqaro yo’nalishdagi avtobuslarni yo’lga qo’yishga va’da berdi.
Ammo hozirgacha o’zbekistonliklarni vatanda ushlab qolish uchun munosib ish o’rinlarini yaratish va’dalari bajarilmadi. Mehnat muhojirligi oqimi ham, muhojirlikda turli holatlarda fojiali halok bo‘layotganlar soni ham o’smoqda.
Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotiga ko’ra, Rossiya va Qozog’istondan keyin o’zbekistonliklar ommaviy ish izlab kelayotgan davlatlardan biri bu Turkiya. Liraning qadrsizlanishi ortidan boshlangan iqtisodiy qiyinchiliklar ham bunga to’sqinlik qilmayapti.
Turkiyadagi mehnat muhojirlari “Amerika Ovozi” bilan suhbatda vatanga qaytish mumkinligi, ammo qaytgach, nafaqat oilani, balki o’zini boqish uchun ham pul topish muammo ekanligi haqida aytishadi.
Istanbulda ishlayotgan o’zbekistonlik mehnat muhojiriga ko’ra, O’zbekistonga qaytib ishsiz qolish o'rniga oz bo’lsa ham bu yerdagi topishga qanoat qilish ma’qul ko’rinadi.
“Men O’zbekistonda hamma ishni qilib ko’rdim, hatto savdogarchilik ham qildim, ammo hech narsa orttirganim yo’q. Farzandlarim bor, uy-joy qilishim kerak, ammo bu narsa imkonsiz, aynan shuning uchun ham Turkiyaga keldim. Bu yerda ham pul topish juda qiyin, uchragan hamma ishni qilishga majburman”, - deydi o'z ismi oshkor qilinishini istamagan o'zbekistonlik.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, xorijga chiqqan fuqarolarning 1,3 foizi, 100 mingdan oshiqrog’i Turkiya hisobiga to’g’ri keladi. Ulardan qanchasi ish topish maqsadida Turkiyaga ketgani aniqlashtirilmagan, ammo bu yerdagi o’zbeklarga ko’ra, so’nggi yillarda Turkiyaga ish qidirib kelayotganlar soni keskin ko’paygan. Norasmiy hisoblarga ko’ra, ular soni 300 mingdan oshgan.
Ish qidirib xorijga chiqib ketayotganlar soni yana oshib borayotgani yuzasidan O’zbekistonda tahlillar yo’q; mehnat muhojirlari esa buni ilojsizlik bilan izohlashadi.
Mirziyoyev hukumati mehnat muhojirligi muammosini tan olar ekan, xorijdagi millionlab o’zbekistonliklarning asosiy umidi vatanda munosib ish o’rinlari yaratilishiga bog’liq qolmoqda.
Facebook Forum