Breaking News

Muhojirlik mevalari - tashlandiq bolalar


Qirg’iziston Mehnat va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi ma'lumotiga ko'ra, oxirgi olti yil mobaynida Rossiyaning Moskva shahri va Moskva viloyatidan Qirg’izistonga 63 nafar tashlandiq bola keltirilgan. Ulardan voz kechgan onalar Qirg’izistondan bo’lib, aksar hollarda farzandlarni nikohsiz dunyoga keltirishgan va tug’ruqxona yoki mahalliy asrab olish uylarida qoldirib ketishgan.

Bepoyon Rossiyaning mehnat muhojirlari qo’nim topgan boshqa mintaqalarida qancha go’dak tashlab ketilgani borasida ma’lumot yo’q.

O’shdagi “Onalar va bolalar uyi” hozirda Oila va bolalarni reabilitasiyalash bo’yicha ixtisoslashgan markaz deb ataladi. Ushbu markaz xodimasi Buken Maqsutbayevaning aytishicha, farzandlarni odatda tevarak-atrofdagi qishloqlardan shaharga ish izlab kelgan yoki xorijda nochor ahvolda yashayotgan qiz-juvonlar tashlab ketadi.

“Hozirda ijtimoiy xodimlarimiz bolalarini tug’ruqxonalarda qoldirmoqchi bo’lgan 11 ona bilan ish olib bormoqda. Ularni o’z qarorini o’zgartirishga undayapmiz. Jami bizning muassasamizda 38 nafar bola tarbiyalanmoqda, aksari muhojirlar, nikohda bo’lmagan yoki kuyovidan ajrashgan ayollarning farzandlari”, - deydi Maqsutbayeva.

Reabilitatsiya markazi, O'sh
Reabilitatsiya markazi, O'sh

Faxriy qahramon ota deydiki, hatto qahatchilik avj olgan zamonlarda ham jigarbandidan voz kechish hollari bu qadar ko’zga tashlanmagan. “Chunki u paytlar tartib, qonun-qoida, ma’naviyatga qattiq rioya qilinardi”, - deydi faxriy.

Buken Maqsutbayeva farzandlarni tashlab ketgan ayollarni qoralashga shoshilmaydi. Uningcha, bunday insonlarga chorasiz ahvoldan chiqib olishda ko'mak zarur. Birinchi galda ish va boshpana topishda yordam, ijtimoiy muhofaza lozim.

Tashlandiq bolalar orasida mayib-majruh tug’ilganlari ham bor.

“Agar davlat bunday bolalarga yetarli nafaqa to’lab, ularni parvarishlayotgan ota-onalarga ham tegishli moyana ajratganda, hech kim o’z bolasini bag’ridan uzoqlashtirmasdi”, - deydi mutaxassis.

Suhbatdoshning aytishicha, farzandlarini vaqtincha bolalar uylariga joylab, xorijga ish izlab ketayotgan yolg’iz onalar ham oz emas. Bu o’rinda ular odatda qog’ozbozlikka duch kelishadi, har-xil hujjatlar to’plashga to’g’ri keladi.

Buken Maqsutbayeva
Buken Maqsutbayeva

Pedagog Odinaxon aya o’z bolalarini tashlagan ayollarni ona deb hisoblamaydi.

“Qanday qiyin ahvolda bo’lmasin, nuri-diydasini tashlab bo’ladimi? Ikkinchi tarafdan, erkaklarimiz aqlli-hushli bo’lsa, davlatimiz farovon hayotni ta’minlab bersa, ayol zoti chetga qadam bosarmidi?”, - deydi u.

Buken Maqsutbayeva har bir go’dak o’z onasi yoki ona o’rnini bosishga qodir, mehridaryo insonlar qo’ynida ulg’ayib, baxt-saodat topishini istaydi. U bir paytlar shu Bolalar uyiga tashlab ketilgan va amerikalik xonadon asrab olgan mayib qizaloq taqdirini eslaydi.

“Bizda qolganda bu qizning kelajagi qanday bo’lardi - aytolmayman. Amerikalik xonadon uni davolatib, oyoqqa turg’izdi, o’qitdi, kasb berdi. Uning baxtiyorligini bilaman. Hozir bizning muassasamizda tarbiyalanayotgan barcha bolalarning ham kelajagi porloq bo’lsin, deb duo qilamiz”, - deydi Buken Maqsutbayeva.

Onalar va bolalar uyi
Onalar va bolalar uyi

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG