Kremldan norozi Rossiya jamoatchiligi uchun mehnat muhojirlari norozilikning yangi nishoniga aylantirilmoqda. Faollar Rossiyadagi xuruj ortidan muhojirlarga nisbatan boshlangan bosimlarni to`xtatishga chaqirmoqda.
Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan Rossiya va Markaziy Osiyo prezidentlari nomiga yozilgan petitsiyada muhojirlarga nisbatan tazyiq kuchayishida huquq-tartibot idoralarining hissasi kattaligi ta`kidlanadi.
Rossiya Xavfsizlik xizmati Sankt-Peterburgdagi terror tashkilotchisi sifatida taqdim etgan gumonlanuvchilardan biri Abror Azimov ayblovni rad etgan.
Moskva sudi Abror Azimovning ishini 18-aprel kuni ko`rib chiqqan, uni 3- iyunga qadar qamoqda ushlash haqida qaror chiqarilgan.
Azimov sudda Sankt-Peterburgdagi terrorga aloqasi borligi haqidagi ayblovlarni inkor etgan. Asli qirg`izistonlik, Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o`zbeklardan ekanligi aytilayotgan Azimov terror tashkilotchisi sifatida taqdim etilgan.
Sankt- Peterburgda Akbarjon Jalilov sodir etgani aytilgan terror xuruji oqibatida 15 kishi qurbon bo`ldi, 50 ga yaqin odam jarohat oldi. Rossiya huquq-tartibot organlari bu xurujga aloqadorlik aybi bilan hozirgacha o`ndan oshiq muhojirni hibsga olgan. Ular terror hujumiga aloqadorlik, “Islomiy davlat” guruhiga xayrixohlikda gumonlanmoqda. Portlashni hozirgacha biror guruh o`z bo`yniga olmagan.
Rossiyada hukumatga qarshi o`tgan yirik norozilik namoyishlaridan so`ng kuzatilgan xuruj ortida kim turgani mavhum, turli munozaralar mavjud, xolos.
Bu mavhumlik Rossiya jamoatchiligi diqqatini mehnat muhojirlariga qaratishga undagan. Mamlakatda muhojirlarga nisbatan ommaviy bosim boshlangani qayd etilmoqda.
Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati vakillari nomidan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlariga yozilgan petitsiyada yozilishicha, Sankt-Peterburgdagi mudhish portlash qurbonlari 15 kishining o`limi va 50 dan ortiq odamning jarahotlanishi bilan yakunlanmagan, balki minglab muhojirlar tazyiqqa olinishi hisobiga ortib bormoqda.
Rossiya jamoatchiligida muhojirlarga nisbatan ziddiyat kuchayishi Federal Xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikovning mehnat muhojirlari diniy ekstremizm o`chog'i ekani haqidagi asossiz bayonoti bilan ham bog`liq ko`riladi.
“Biz Rossiya va Markaziy Osiyo rahbarlariga, amaldagi kelishuvlarga muvofiq, MDH fuqarolari Rossiya fuqarolari kabi teng huquqqa egaligini eslatmoqchimiz. Rossiya amaldorlarini, siyosatchilarini millatlarga nisbatan adovat qo`zg`atuvchi bayonotlar qilishdan tiyilishga chaqiramiz. Jamoatchilikda diskriminatsiya, ksenofobiya, islomofobiya holatlarini kuchaytirishga, qo`rquv muhiti yaratishga qaratilgan bayonotlar terrorning oldini olmaydi, balki ekstremistlar foydasiga xizmat qiladi”, - deyiladi Rossiya, Tojikiston, Qirg`iziston va O`zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan imzolangan petitsiyada.
Huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov murojaatni imzolagan faollardan biri. Uning aytishicha, portlashlar Rossiya jamoatchiligidagi hukumatga nisbatan mavjud norozilik to`lqinini muhojirlarga burdi, bu rus matbuoti, siyosiy doiralar tomonidan qo`llanilmoqda.
“Rossiyada iqtisodiy turg`unlik, ahvol yomonlashmoqda, aholi noroziligi kuchayib bormoqda. Buni muxolifatchi Navalniyning chaqirig`iga ko`ra hukumat korrupsiyasiga qarshi o`tkazilgan norozilik namoyishlari ham isbotlab turibdi. Bunday vaziyatda Rossiya hukumati uchun jamoatchilik fikrini chalg`itish juda muhim. Bu o`rtada mana Sankt-Peterburgdagi portlashlar kuzatildi, Suriyada qandaydir urinishlar qilindi. Mehnat muhojirlari avvallari Rossiyada norozilik kuchaygan paytda shunday tazyiqlarga nishon bo`lishgan. Hozir yana takrorlanayapti, hukumat muhojirlarni jamoatchilikka asosiy xavf, muammolar sababi sifatida ko`rsatmoqda. Bu diktatura tuzumlariga xos narsa, xalqning diqqatini mutlaqo boshqa tomonga qaratish, ichki dushmanlar yaratish", - deydi Boymatov.
FXXga ko`ra, Abror Azimov Sankt-Peterburgda Akbarjon Jalilovni terror harakatini sodir etishga tayyorlagan. Sud qaroriga ko`ra, Azimov 3-iyunga qadar qamoqda ushlanadi, shu muddatda unga nisbatan rasmiy ayblov e`lon qilinishi kerak.