Breaking News

Abdulla: Tolibon tinchlik o'rnatish niyatida jiddiy emas


Mavlud tadbirida yuz bergan xurujda 55 kishi halok bo'ldi, Kobul, Afg'oniston, 21-noyabr, 2018-yil.
Mavlud tadbirida yuz bergan xurujda 55 kishi halok bo'ldi, Kobul, Afg'oniston, 21-noyabr, 2018-yil.

Afg’oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla "Frans-Press" axborot agentligi bilan suhbatda Tolibon tarafidan urushni yakunlashga doir hech qanday tashabbus sezilmayotganini aytdi. Mamlakatda xavfsizlikka tahdid saqlanib qolayotgan bo’lishiga qaramay, bosh vazir keyingi yil apreliga rejalangan prezidentlik saylovlari bekor qilinmasligi lozim deb hisoblaydi. Uning aytishicha, saylovga qadar Tolibon bilan munosbatlarda biror jiddiy o’zgarish yuz berishiga umid yo’q.

Tolibon rasmiylari o’tgan hafta AQShning maxsus elchisi Zalmay Halilzod bilan Qatarda tinchlik muzokaralari olib borganini ma’lum qilgan edi. Biroq Tolibon vakili hech qanday kelishuvga erishilmaganini aytgan. Ayni paytda Kobulda bo’lgan Indiana universiteti professori Nazif Shahroniyning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Afg’oniston rasmiylari tinchlik muzokaralari hukumat ixtiyoriga berilmayotganidan jiddiy norozi.

Bu orada Xost viloyatida 23-noyabr kuni Afg'oniston harbiylarining juma namozida amalga oshirilgan portlash natijasida 30 ga yaqin odam halok bo'ldi, 50 dan ziyod odam jarohatlandi.

Kobulda 20-noyabr kuni Muhammad payg’ambar tavallud kuni munosabati bilan o’tkazilayotgan tadbirda yuz bergan portlash qurbonlari soni 55 taga yetdi. O’limlar soni yana ortishi mumkin. O’nlab jarohatlanganlarning ahvoli og’ir. Portlashdan ko’p o’tmay, Tolibon voqeaga aloqador ekanini inkor etgan.

Pezident Donald Tramp AQSh Afg’onistonda tinchlikka erishish muzokaralarida muhim hissa qo’shishini bildirgan. Shuningdek, Tramp ayni damda minglab AQSh harbiylari joylashgan Afg’onistonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Prezident Tramp 22-noyabr – “Shukronalik bayrami”da AQShning turli mamlakatlardagi harbiylariga video tabrik yo’llagan. Muxbirlar bilan suhbatda yuqoridagi rejalarini aytgan.

“Biz Afg’onistonda tinchlik muzokaralariga erishish yo’lida juda faol ishlayapmiz. Biror ijobiy o’zgarish yuz bersa, juda yaxshi bo’ladi. Bundan men mamnun bo’laman”, - degan Prezident Tramp.

Biroq Donald Tramp tinchlik muzokaralari aynan kimlar bilan olib borilayotganiga oydinlik kiritmagan.

AQSh Afg’onistonda eng uzoq muddat harbiy operatsiyalar olib borgan mamlakat bo’lib qolmoqda. Amerika harbiylari 17 yil avval – 2001-yil 11-sentabr fojialaridan keyin Afg’onistonga kiritilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG