Breaking News

Turkistonliklar jamiyati Shukronalik kuni muhtojlarga taom ulashdi


O'zbekistonliklar jamiyatida Shukronalik bayrami
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:51 0:00

1621-yilda asos solingan Shukronalik kuni AQShda yashovchi o'zbekistonlik muhojirlarga ham ardoqli. Amerikadagi vatandoshlarning keksa tashkiloti “Turkiston-Amerika uyushmasi” umummamlakat bayrami Shukronalik kuni arafasida har yili Nyu-Jersi shtati Dover shahrigi binosida muhtoj odamlarga mehr-saxovat ko'rsatadi. Bu yil ushbu tashabbusning boshlanganiga 10 yil to'ldi.

Tadbirning asosiy shoh taomi bo'lgan kurkani Turkiston-Amerika jamiyati raisi Abdulla Xo'janing o'zi pishirdi. Jamiyatning katta oshxonasida 12 xil taom va boshqa yeguliklar tayyorlanmoqda. Jamiyat an'anaga ko'ra, Amerikaning umummilliy va qadimiy bayrami - Shukronalik kuni arafasida saxovat ziyofati uyushtirildi.

“O'n yildan buyon biz Dover shahridagi jamiyatimiz binosida Dover shahri fuqarolari bilan aloqani yaxshilash uchun, fuqarolarga o'zimizni tanishtirish, borligimizni bildirish uchun “Thanksgiving day” dasturxonini yozib taom tarqatamiz. Bayramning asosiy taomi “qul-qul” tovuq” - deydi jamiyat raisi Abdulla Xo'ja.

Tashkilot a'zolari 800 - 1000 kishilik yeguliklar pishirdi. Shukronalik kuni bois bayram bosh taomi yoniga Turkiston-Amerika uyushmasi mana 10 yildirki o'z mehmonlari, doverlik yo'qsillar, keksalar va bechoralarga o'zbekona palovni ham tortiq etib kelayapti. So'nggi yillarda oshni tashkilot raisi muovini Abdulvohid Sobri pishirmoqda.

“Bayram dasturxonida kurka bo'lishi shart. Uning yonida palovimiz ham bo'ladi. Tovuqqa qo'shib yeyiladigan yana boshqa har xil taomlar tayyorlaganmiz. Yana xamirli ovqat beramiz. Aslida ularning hammasi bo'lishi shart emas. Ammo xayr qilayotganimiz uchun yaxshiroq ovqatlarni pishirib berayapmiz”- deydi Abdulvohid Sobri.

“Bu bizning tashabbusimiz. O'zimizning milliy ovqatni tanittiraylik deb osh ham pishiramiz. Bilasiz, o'zbekda oshsiz mehmondorchilik bo'lmaydi. Shuning uchun o'zimizning oshimizni ham taklif qilib yedirayapmiz. Ularga eng ma'qul bo'lgani ham osh bo'layapti” - qo'shimcha qiladi Abdulla Xo'ja.

Tadbirlarni o'tkazishda jamiyatning kattalariga muhojirlarning yangi avlodi yordamchi bo'lyapti. Bugungi amerikacha Shukronalik kunida eng yosh dastyor - Rayan Shukur. U 12 yoshda. Jamiyatga uni onasi boshlab kelgan. Vatandoshlarga qo'shilsin deb. U kabi Tina va Murodni ham bu yerga ota-onasi bir necha yil avval o'zbekona tarbiyadan uzoqlashmasin deb olib kelganlar. Endilikda ular jamiyatning doimiy jonkuyar a'zolari.

“Har yil jamiyatda Shukronalik kuni bois ovqat tarqatadilar. Uy-joysiz, kambag'al odamlarga taom ulashadilar. 5 yildan beri shu yerga kelaman va savob ishlarda qatnashaman”- deydi Tina.

“Amerikada bu katta an'ana. Shu atrofda bechoralar, oilasi yo'q odamlar bo'lsa, bizning uyushmaga kelib ushbu bayramni birga o'tkazadi. O'zimga ham bugun shunaqa odamlarga qarashish juda yoqdi. Men bu yerga ko'ngilli bo'lib keldim. Ovqat tashidim, yordamlashdim”, - deya taassurotlari bilan bo'lishdi Murod.

Tashkilot a'zolari ko'rsatayotgan o'zbekona mehmondorchilik doverliklarga manzur kelmoqda.

“Bugun 335 ta xonadonga taom tarqatdik. Bundan tashqari yana ko'plab odamlarning o'zlari shu yerga kelib ovqatlanib ketdilar. Menimcha, jamiyatning shahar jamoatchiligi uchun ko'rsatayotgan saxovati ulkan ahamiyatga ega. Turkiston - Amerika uyushmasi tashkil etgan ziyofat bu yerga kelganlarga juda manzur bo'ldi. Ular duo qilishdi” - deydi Dover shahar ma'muriyati vakili Karolin Blekmen.

Noyabr oyining so'nggi payshanbasida nishonlanadigan bu bayramni o'zbekistonliklar jamiyati ham shukronalik bilan qarshilayotganlaridan mamnun.

“Shu yerda yashaganimiz uchun, shu yerda avlodlarimiz tug'ilgan, demak o'zimizni tanitishimiz kerak. Shu orqali o'zimizni tanitgan bo'lamiz. Ko'rayotganingizdek, bayrog'imiz osig'liq turibdi. O'zbekiston haqida gazetalar turibdi. Kelganlar bular qaysi xalq ekan deb so'rashadi, ko'rishadi. Shu bilan o'zimizni tanitgan bo'lamiz” - deb o'z so'zini yakunlaydi Turkiston-Amerika jamiyati raisi Abdulla Xo'ja.

Shukronalik kunida hozir bo'lgan har bir o'zbekistonlik muhojir bayram qadriyatlaridan xabardor. Umummamlakat ayyomida jamoatchilik va oila qadrlanishi, to'kin-sochinlik uchun shukr qilinishi kerak, deydi ular.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG