Turkiya Oliy ta’lim kengashi ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt mazkur mamlakatning oliy o‘quv yurtlarida 840 nafar o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan talabalar soni bilan solishtirilsa, masalan, turkmanistonlik talabalar soni o‘n ikki mingdan ziyod ekani e’tiborga olinsa, bu raqam ancha sipo ko‘rinadi.
Ammo turk universitetlarida o‘qiydigan o‘zbekistonliklar soni asta-sekin bo‘lsa-da, yil sayin ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ularning o‘zaro aloqada bo‘lishlarini ta’minlaydigan tuzilmalarga ehtiyoj tug‘ildi va bir yilcha muqaddam Istanbuldagi yoshlarning tashabbusi bilan “Turkiyadagi o‘zbek talabalar” jamiyatiga asos solindi.
Jamiyatning maqsadi nafaqat Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni birlashtirish va o‘qishga yangi kelganlarga yordam ko‘rsatish, balki ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarning rivojlanishiga ham hissa qo‘shishdir. Jamiyat vakili Fayzullaxon Otaxonovning aytishicha, o‘zbekistonlik yoshlar uchun Turkiyada o‘qishning bir qator afzalliklari bor.
“Turkiyada o‘zbekistonliklar o‘zini begona his qilmaydi. Chunki tilimiz juda yaqin, dinimiz bir, madaniyatimiz juda yaqin, shunday bo‘lgandan keyin talabalar bemalol o‘zining vatanida yurgandek yuradi. Lekin baribir sog‘inch bo‘ladi. Biz tashkil etgan o‘zbekistonlik talabalar jamiyati shu sog‘inchni oz bo‘lsa-da, kamaytiradi. Talabalar bir bo‘ladi, bir-birini taniydi, birga faoliyat olib boradi. Bu har tomonlama, hamma uchun ham yaxshi”, - deydi u.
Jamiyat o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘zbekistonlik talabalar uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirib kelmoqda. Shu bahonada Turkiyaning turli shaharlarida o‘qiyotgan yoshlar bir-birlari bilan diydorlashadi.
Xo‘sh, o‘zbekistonlik yoshlar Turkiya oliy o‘quv dargohlarida o‘qish uchun nima qilishi lozim?
Izmir shahridagi Kotib Chalabiy universiteti tashqi aloqalar koordinatori, doktor Mehmet Chevikning aytishicha, ba’zi universitetlar hech qanday imtihonsiz, litsey diplomi bilan ham o‘qishga olishi mumkin.
“Turkiyadagi bir qator universitetlar xorijlik abituriyentlarning qisqacha YO‘S (YÖS) deb ataluvchi imtihonga kirishlarini va bu imtihonda ma’lum miqdorda ball to‘plashlarini istaydi. YO‘S imtihoni yigirmatacha universitet tomonidan o‘tkaziladi. Ba’zi universitetlarning YO‘S natijasi boshqa ko‘plab universitetlar tomonidan ham qabul qilinadi. Istanbul universitetining YO‘S sinovi O‘zbekiston poytaxti Toshkentda ham o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Istanbuldagi Yeni yuzyil universiteti va Kavkaz universitetlar uyushmasi ham Toshkentda imtihon tashkil etadi”, - deydi Chevik.
Turkiyada O‘zbekistondagi singari stipendiya tizimi mavjud emas. Ko‘plab xayriya tashkilotlari mahalliy talabalar uchun cheklangan miqdorda stipendiya ta’sis etgan. Aynan xorijlik yoshlar uchun esa Turkiya hukumatining “Turkiya burslari” deb ataluvchi yirik stipendiya dasturi mavjud. Mazkur dastur orqali Turkiyaga o‘qishga kelganlar uchun barcha xarajatlar qoplab beriladi va ularga o‘qishi tugagunga qadar har oy muayyan miqdorda pul to‘lanadi.
Doktor Mehmet Chevik Turkiyada o‘z hisobidan o‘qimoqchi bo‘lganlarga davlat universitetlarini tasviya qildi, chunki ularda ta’lim uchun to‘lovlar ancha arzon.
“Ammo bu ta’lim sifatining past ekanini anglatmaydi”, - deydi u.
Facebook Forum