Breaking News

O'zbekiston avtoritar boshqaruvdan voz kechadimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O’zbekistonda prezidentlik saylovlari bo'lib o'tganiga ikki yil to’ldi. 2016-yilning 4-dekabrida 90 foizga yaqin aholi Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berdi. Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor Islom Karimov ishtirokisiz o'tgan bu saylov chorak asr turg’unlikda yashagan O’zbekistonda inqilobiy islohotlar boshlanishidan darak o’laroq qabul qilingan edi. Islohotlarga umid aksariyatda hamon so’nmagan, ammo Shavkat Mirziyoyev prezidentligi boshlanganiga ikki yildan oshar ekan, marhum Karimov qoldirib ketgan avtoritar tuzum o’zgarmayotgani haqidagi qarashlar ham mavjud.

Karimovdan keyingi O'zbekiston
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:21 0:00

Saylov g’olibi Shavkat Mirziyoyev va unga raqobatchi sifatida qatnashgan nomzodlar ham hokimiyat organlarida faoliyatini davom ettirmoqda. Mag’lubiyatga uchragan muqobillar Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatini qo’llab-quvvatlash bilan band.

Bu Karimov davridagi saylovlardan kelayotgan va yangi hokimiyat davrida O’zbekiston boshqaruv tizimiga ko’chib o’tgan, mamlakatda demokratik tizim emas, avtoritar boshqaruv saqlanib qolayotganidan darak beruvchi asosiy ko’rsatkichlardan biri. O’zbekistonda amaldagi prezident hamisha siyosiy raqobatdan xoli bo’lgan; bu an’ana Mirziyoyev davrida ham davom etyapti.

O’zbekistondagi maydonga kirishga, amaldagi hokimiyatga raqobatchi bo’lishga intilayotgan muxolafatdagi siyosiy kuchlar, asosan, mamlakat tashqarisida. Yaqinda xorijdagi shunday muxoliflardan biri “Birdamlik” harakatining o’z qurultoyini o’tkazishga urinishi yangi hokimiyat bosimiga uchradi.

Muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati yangi hokimiyat xorijdagi muxolif siyosiy kuchlarga izn beradi degan umidda . Harakat lideri, Turkiyada muhojirlikda yashayotgan Muhammad Solih bugun ham siyosiy raqobatga kirishish niyatidan voz kechmagan.

Uning aytishicha, Prezident Mirziyoyevdan kutilgan siyosiy islohotlar amalga oshamadi; O’zbekistonda yangi davlatchilik tizimi paydo bo’lishi uchun siyosiy raqobatga izn berilishi kerak.

“Agar Mirziyoyev biz kutgan siyosiy islohotlarni amalga oshirganda, men siyosatdan ketardim, afsuski, bunday bo’lmadi. Yangi bir davlat qurish uchun, biz orzu qilgan prinsiplarni amalga oshirish uchun, siyosatchi bo’lish talab etiladi. Parlamentga kirish kerak, bir minbar sohibi bo’lishi kerak. Davlatni qurish uchun prezident o’rnida o’tirish kerak bo’ladi, chunki uning o’rnida o’tirmasang, bu davlatni qurolmaysan. Biz aynan shuning uchun prezidentlikka da’vo qildik, prezidentlikni yoki davlatni, bosh bo’lishni sevganimiz uchun emas. Holbuki menga bunday takliflar bo’lgan edi, buni o’sha paytdagi siyosiy vaziyatni kuzatganlar, bizning paritiyamiz ham biladi. Karimov saltanatining yarmini menga va’da qilgan edi. 1992-yilda oltinchi qavatdagi xonasida biz 4 soat gaplashgandik. Menga istasangiz, vitse-prezident bo’ling, bosh vazir bo’ling, to’rtta odamingizga to’rtta vazirlikni beraylik, degan koalitsiya taklifini bergan edi. Men yo’q biz hozir yangi davlat quryapmiz, boshqaruv qonunga asoslanishi kerak, siyosiy maydonda hokimiyat va muxolifat o’rtasidagi uyg’unlik saqlanib qolishi kerak, men muxolifatda qolaman deb bu taklifni rad etdim. Bu gaplarga shoir Omon Matchon shohid. Nega bu taklifni rad etdim, chunki xalqqa xizmat qilish uchun maydonga chiqqan edim. Yangi davlat boshqaruvida hokimiyat va muxolifat uyg’unligini saqlab qolish o’ta muhim edi”, - deydi Muhammad Solih.

So’nggi chorak asr davomida mustaqil O’zbekiston diktatura boshqaruvida shakllandi. Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan turg’unlik ostida shakllangan davlat va jamiyat yaralari yaqqol ko'zga tashlandi.

Shavkat Mirziyoyev bugun bu yaralarni tuzatish niyatida; milliy yuksalish, ochiq demokratik jamiyat qurish, mamlakatni farovonlikka yetaklovchi iqtisodiy islohotlar o'tkazish haqida va’dalar bermoqda.

Mustaqil O’zbekiston boshqaruvida diktaturaga yo’l ochgan tarixiy xatolarni to’g’rilash, mamlakatni, jamiyatni turg’unlikka cho’mdirgan siyosiy boshqaruvda islohotlar boshlash hozircha yangi prezident rejalarida ko’zga tashlanmayapti.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG