Prezident Donald Tramp joriy yil avvalida Quddusni Isroilning poytaxti sifatida e’lon qilib, Tel Avivdagi Amerika elchixonasini muqaddas shaharga ko’chirgan edi. Isroilliklar Trampni olqishladi. Falastinliklar duoyi bad qildi. Ayni damda AQShning Quddusdagi eski konsulligini yangi elchixona bilan birlashtirish to’g’risidagi qarori falastinliklarni g’azabga to’ldirdi.
Amerika qaroridan Falastin xalqi g’azabda.
AQSh elchixonasi Quddusga ko’chganda ular norozi bo’lgan edi. Endi uning eski konsullik bilan birlashishi milliy nafsoniyatni toptash sifatida qabul qilinmoqda. Falastinliklar nazarida poytaxti Quddus bo’lgan mustaqil Falastin davlatini tuzish istagi yo’qqa chiqdi.
Isroil uchun mazkur qaror Quddusni daxlsiz poytaxtga aylantirish da’vosining qonuniy ijobati. Vashingtonning ko’p yillik va’dasini Prezident Tramp ado etdi.
Amerikaning yangi elchixonasi Quddusda falastinliklarni Vashington bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’lab kelgan konsullikni o'ziga qo’shib olmoqda.
Falastinliklarni endi elchi Devid Fridman qabul qiladi. Uni Isroil manfaatlariga xizmat qilishda ayblayotganlar umidsizlikka tushgan.
Arablar yashaydigan Quddus sharqida isyon va g’azab tuyg’ulari hukmron.
“Konsullikning Falastin hududidagi vakolati tugatildi. Ikki poytaxt, ikki mustaqil davlat masalasi yechimi ham barham topdi”, - deydi Xalqaro tinchlik va hamkorlik markazi vakili Rami Nasrulloh.
G’arbiy Quddusda yahudiylar Vashington qarorini nafaqat siyosiy, balki masalaning amaliy yechimi sifatida qabul qilmoqda.
“Ushbu moliyaviy va diplomatik islohot davlat kotibining uzoq yillar mobaynida Falastin avtonomiyasiga alohida konsullik xizmatini ta’minlash tartibiga nuqta qo’ydi”, - deydi Quddus jamoatchilik markazi vakili Den Dayker.
Prezident Trampning uzoq va’da qilingan tinchlik rejasi kutilar ekan, mintaqada munosabatlar tangligi yanada kuchaymoqda. G’alaba da’vo qilayotgan Isroil bir tomon, g’azabga to’lgan Falastin bir tomon. Bir yonda umid, bir yonda xavotir hukmron.
Facebook Forum