Breaking News

AQSh hukumati yana ishdan to'xtaydimi?


Tramp: Devor qurilmasa, hukumatni yopaman
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:11 0:00

Prezident Donald Tramp va demokrat liderlar 11-dekabr kuni AQSh-Meksika chegarasida devor qurilishi hamda byudjet masalasida tortishdi. Demokratlar chegara devorining qurilishiga davlat byudjetidan yirik hajmda mablag’ ajratilishiga qarshi. AQSh byudjeti Kongressda 21-dekabr kuni ovozga qo’yiladi. Respublikachilar nazoratidagi Kongress bayram arafasida hukumat byudjetsiz ma’lum muddatga yopilishining oldini olishga urinmoqda.

Prezident Tramp noan’anaviy bayonot berdi:

“Chegara xavfsizligi uchun hukumatni yopish men uchun faxr”.

Markaziy amerikalik migrantlar oqimini to’xtatishning mukammal yechimi Meksika bilan chegaraga devor qurish deb hisoblaydi prezident. Demokratlar lideri Nensi Pelosi aksincha fikrlaydi.

“Biz masalaga asosli yondashib, qaysi yo’l to’g’ri, unga qancha xarajat ketadi, qaysi qaror samarali ekanini o’ylashimiz kerak” - deydi u.

Byudjetni tasdiqlashga bir necha kun qolganda bo’layotgan bahs ikki partiya o’rtasida hanuz murosa yo’qligini anglatadi.

“Ikki yo’l taklif qildik. Ikkisi ham Vakillar palatasida ko’pchilik ovozini, Senatda 60 ovozni oladi. Hukumat ham yopilmaydi. Prezident buni qabul qiladi, deb o’ylayman”, - deydi demokrat senator Chak Shumer.

Demokratlar chegara xavfsizligi uchun 1,3 milliard dollar ajratishni taklif qilgan. Prezident devor qurilishi bilan birga umumiy 5 milliard dollar talab qilmoqda.

“Vakillar palatasida ko’pchilikni tashkil etish arafasida turgan demokratlarning chegara xavfsizligiga qarshi chiqishi mantiqsiz. Oldinda Senatda 60 ovoz olish talabi turibdi”, - deydi spiker Pol Rayn.

Senat respublikachilar nazoratida bo’lsa-da, byudjet tasdiqlanishi uchun demokratlarning ovozi ham kerak bo’ladi.

Bayram arafasida poytaxtni tark etishga urinayotgan qonunchilar vaziyatning siyosiy oqibatlarini ham o’ylamoqda.

“Prezident hukumatni yopishdan faxrlanmasligi kerak”, - deydi Shumer.

“Hukumat yopilishini xalq istamaydi”, - deydi respublikachi Mitch Makkonel.

Agar hukumat yopilsa, asosiy xizmatlarni kechiktiradigan va millionlab odamlarga ta'sir qiladigan bu voqea 2018-yilda 3-marta yuz bergan bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG