Breaking News

Bruklinda o'zbekistonlik ijodkor badiiy film suratga oldi


Pazanda - Amerikada o'zbekistonlik suratga olgan film
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:20 0:00

AQShning Nyu-York shahri Bruklin tumanida yuzlab o'zbekistonlik vatandoshlar yashaydi. Ularning aksariyati grin karta sohiblari, ya'no doimiy yashovchi rezidentlar. Amerikadagi o'zbekistonliklar orasida muhojirotning chig'iriqlaridan muvaffaqiyatli o'tib bolalikdagi orzusiga erishayotganlar oz emas. Shulardan biri samarqandlik Ulug'bek Hakimov. 2018-yil u Amerikada ilk badiiy filmini suratga olish ishlarini yakunlab, uni yangi yil arafasida tomoshabinlar hukmiga havola qildi.

“Kulinar” yoki “Pazanda” deb nomlangan film muallifi va rejissyori ham, rollarni ijro etganlar ham muhojirlar. Aksariyati o'zbekistonlik. “Kulinar” yoki “Pazanda” ularning bolalikdagi orzulari mahsuli.

“Men 14 yil oldin AQShga kelganman. Ko'p qatori ishladim. Lekin bolalikdan kino olishni orzu qilganman. Ushbu orzuimga erishish uchun intildim. Nihoyat bugun filmni taqdim etayapmiz. Ushbu filmimda professional aktyorlar emas, balki oddiy odamlar jalb qilingani bilan betakrordir” - deydi film ressisyori Ulugbek Hakimov.

Rejissyor va aktyorlar havaskor bo'lishsa-da, ularning kino olami sari intilishlari jiddiy. Buni tasvirga olgan kino kartinalarini keng ommaga yetkazishdan oldin yopiq namoyishni uyushtirganlaridan ham bilsa bo'ladi. U Bruklindagi “Art House” restoranida o'tkazildi.

“Kinolentani festivalga yuborishdan oldin tomoshabinlar uni qanday qabul qilishini bilishni istadik. Shuning uchun filmning yopiq namoyishini o'tkazishga qaror qildik. Shundan so'ng filmni festivalga taqdim eta olamizmi yo'qmi ko'ramiz”, - deydi Ulug'bek.

Detektiv janrida olingan film Amerikaga muhojir bo'lib kelgan bir tadbirkor, sobiq harbiy va uning o'zbekistonlik sherigi kechinmalariga asoslangan. Bir soat davom etadigan kartina ustida ijodkorlar ikki yil ishlagan.

“Ushbu filmni ko'pchilik bo'lib tasvirga oldik. O'zbekistonlik bo'la turib rusiyzabon muhojirlar orasida birinchilardan bo'lib mana shunaqa byudjetsiz ilk filmni suratga olishga muvaffaq bo'lganimdan iftixordaman. Kinoni olishda do'stlarim qatnashdilar. Kimdir so'z bilan, kimdir maslahati bilan, yana boshqasi mikrofonni ushlash orqali yordamlashdi. Nihoyat ko'pchilikning sa'yi harakatlari bilan kino olindi” - deydi Ulug'bek Hakimov.

Kino ishlashga qiziqishi boisini so'raganimizda, u shunday javob berdi:

“Men aktyor Tursunboy Hakimovning farzandiman. U kishi Samarqanddagi O'zbek drama teatrida ishlagan. Oilamizning har bir a'zosi otam ishtirokidagi barcha spektakllarda uning yonida turardi. Shuning uchun menga bolalikdan artistlarning sahna ortidagi hayoti qiziqarli bo'lgan”.

Bruklinldagi havaskor o'zbekistonlik rejissyorning ilk to'liq metrajli filmi 2019-yilda teleekran yuzini ko'radi.

“Amerikadagi ruscha RTN kanali filmni namoyish etadi. Ko'ramiz, agarda festivalda sovrin olsak, uni YouTube kanaliga ham yuklaymiz. Shuni ham aytmoqchimanki, mazkur kinoning davomi bor, uning ikkinchi qismini kelgusi yilda olishni mo'ljallayapmiz”, - deydi rejissyor.

Muhojirotda o'zbekistonliklar hayotini aks ettirgan filmi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ldi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG