Breaking News

AQShda hujjatli filmlari bilan shuhrat qozonayotgan o’zbekistonlik


AQShda hujjatli filmlari bilan shuhrat qozonayotgan o’zbekistonlik
AQShda hujjatli filmlari bilan shuhrat qozonayotgan o’zbekistonlik

Internetni kezar ekanman, “AQShda o’zbek kino ustasi “Emmy” mukofoti sohibiga aylandi” degan sarlavhaga ko’zim tushdi. Bu AQSh Tele-akademiyasi ulashadigan nufuzli sovrin. Kino olamidagi “Oskar”, musiqa olamidagi “Grammy” bilan bir qatorda ko’riladi. Gollivud kino ustasi Kventin Tarantino bu mukofot sohiblaridan.

Hayot To'ychiyev Amerikaga 2006 yilda almashinuv dasturi orqali kelib, Arkanzas Davlat Universiteti jurnalistika fakultetida o’qigan. Hozirda mana shu dargohda dars beradi.

U bir oz vaqt mahalliy televideniyeda operator-tasvirchi bo’lib ishladi. Hayot suratga olgan reportajlar “Associated Press” axborot agentligi tomonidan ikki marotaba taqdirlangan.

“Men o'qigan universitetda hujjatli filmlarni o'rgatadigan alohida bo’limi bor edi. U yerga kirib, qiziqib, domlalar bilan tanishganman",- deya hikoya qiladi Hayot.

Shu oy u yangi bir asarini taqdim etdi. "Bu film ustida ikki yil ishlaganman. Boshidan oxirigacha o’zim tayyorladim. Ssenariy, suratga olish, montaj - hamma hammasini”, - deydi u.

O’qishni bitirib, Hayot Arkanzas shtatining Fayetvill shahrida televideniyeda operator-tasvirchi bo’lib ishladi
O’qishni bitirib, Hayot Arkanzas shtatining Fayetvill shahrida televideniyeda operator-tasvirchi bo’lib ishladi

Kartina Arkanzas shtatining Fayetvill shahrida ilk bor namoyish etilganida uni ko'rishga 200 ga yaqin odam keldi. Ko’pchilik tik turib ham tomosha qildi.

"Shu yerlik aholiga yoqdi”, - deydi Hayot.

Hujjatli film “Tinchlik Ibodatxonasi" (Temple of Peace) deb ataladi. Kartina diniy bag'rikenglikni targ'ib qilgan bir arab-amerikalik faoliyatini yoritadi.

Birinchi filmini esa Hayot universitetda o’qib yurgan paytlarida ikki kursdoshi bilan suratga olgan. 2008 yilda u hamkorlari Nikki Vays va Kelli Miller bilan “Emmy” mukofotiga mintaqaviy miqyosda sazovor bo’ladi.

Bu film "Soapbox of the Air" deb atalib, Arkanzas shtatidagi kichik bir radio stansiya egasi va bu axborot manbaining aholi hayotiga ta'siri haqida hikoya qiladi.

Ushbu kartina Xalqaro Hujjatli Filmlar Uyushmasi tomonidan ham yuqori baholangan.

“Talabalik paytimdan boshlab bunday muvaffaqiyat kutilmagan voqea bo’ldi. O’zimga va kelajakka ishonchim oshdi. Ko'proq harakat qilishga turtki berdi”, - deydi Hayot To'ychiyev.

Hujjatli filmlar, bu yosh usta nazarida, jamiyatni oyg'otuvchi vositalar. Ular insonlarni o'ylatib, loqayd va befarq bo'lmaslikka undaydi.

“O’zimizdagi texnika va stildan farqli ekan Amerikada. Bizda hujjatli film desangiz, odamlarning ensasi qotadi. Zerikarli deb o’ylashadi. Sovet paytlari esingizda bo’lsa, hujjatli filmlar bo’lar edi. Biz tushunmas edik. Juda zerikarli edi. Amerikaga kelib shuni tushundimki, agar yaxshi g’oya bo’lsa, yaxshi ssenariy bo’lsa, film olayotgan odamning mahorati bo’lsa, badiiy filmdan ham yaxshiroq olsa bo’lar ekan",- deydi u.

"Misol uchun, mana hozir Amerikada bir xil mavzuda ikki film chiqqan. Mavzu bir xil. Iqtisodiy inqiroz haqida. Hujjatli filming foydasi badiiy filmdan yuqori. Sababi, hujjatli filmlar hayotiy bo’ladi-da, shuning uchun ham odamlarga ma’qul bo’lsa kerak. Hujjatli filmlar bizda tushuniladigan filmlardan ancha yuqori darajaga yetgan ekan. Qaniydi, O’zbekistonda ham shunaqa filmlar olinsa”, - deydi u.

Kino sohasini o’rganaman degan qiz-yigitlar uchun imkoniyatlar bir dunyo, deydi u.

"O’zbekistonda film sohasiga qiziqqan yoshlar bo’lsa, Amerika yoki Yevropada ilm dargohlari juda ham ko’p. Internet orqali qarab o’rganib ko’rsa bo’ladi. Kimga murojaat qilish kerak, qanday imtihonlar topshirish kerak... Men o’zimizning yoshlar chet ellarda o’qib, o’rganib kelishlarini juda-juda xohlardim. Internet orqali men bilan bog’lanishlari ham mumkin. Qo’limdan kelgancha yordam beraman”, - deydi Hayot To'ychiyev.

Yosh iste'dod sohibining rejalari ko'p.

"Hozir bu yerda dars beraman. 80 ga yaqib talabam bor. Bo’sh vaqt yo’q. Birinchi marta dars berishim. Bundan keyin ham hujjatli filmlar ustida ishlashga harakat qilaman. Yoz faslida vaqtim bo’ladi".

Maqsad dunyoda sodir bo’layotgan voqealarni shundayligicha aks ettirish.

Inson doim intilib yashash kerak, deydi suhbatdoshim.

“Hamma narsa harakatga bog’liq. Halol mehnat qilib inson orzusiga yeta oladi, bunga ishonaman", deydi Tuychiyev.

Hayotning orzusi prodyuserlik kompaniyasi ochish.

“Tushunmovchiliklar, odamlar bilmagan narsalar haqida filmlar tayyorlab, ommaga yetkazishni istayman”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG