Josuslikda ayblangan rossiyalik 30 yoshli Mariya Butina ustidan tez orada hukm o'qilishi mumkin. "Amerika Ovozi" Rossiyaning Barnaul shahriga borib, Butinaning oilasi bilan gaplashdi.
Mariya Butina saqlanayotgan Virjiniyadagi qamoqxonadan 10 ming kilometr olisdagi Barnaul shahrida Butinaning ota-onasi va singlisi yashaydi.
Bu yerda hech kim Mariyaning aybdor ekaniga ishonmaydi. Otasining aytishicha, qizi amerikaliklar bilan aloqa o'rnatishga uringan, xolos.
"Ikki davlat o'rtasidagi aloqalarning yaxshiroq, do'stona bo'lishini xohlagan odamni ayblash juda g'alati. Mamlakatlarimiz orasida hozir aloqalar yaxshi emasligini hisobga olsak, buni tushunamiz. Mariya doim ikki davlat munosabatlari do'stona bo'lishini xohlagan", - deydi Mariyaning otasi Valeriy Butin.
Advokat xarajatlari ko'payib, oilaning moliyaviy ahvoli og'irlashgan. Kreml siyosiy quvvatlov berib turibdi, ammo moddiy yordam berilmayapti.
"Oilam bu voqealardan ancha xavotirda. Biz matbuotga tez-tez murojaat qilib, yordam so'rayapmiz. Chunki Amerikada advokatlar juda qimmat", - deydi Mariyaning singlisi Marina Butina.
Butina shu shaharda o'qigan. Yoshlarni lobbichilikka o'rgatuvchi Haqiqiy siyosat maktabida siyosiy karyerasini boshlagan.
AQSh prokurorlarining aytishicha, ularda Mariya Butinaning Rossiya razvedka xodimlari bilan aloqa o'rnatgani haqida dalillar bor. Aslida u Vashingtondagi siyosiy mojarolar qurboni bo'ldi, deydi Mariyaning ustozi Konstantin Yemeshin.
"Bu Rossiya va Amerika masalasi emas. Mening nazarimda, haqiqiy siyosatga qaraydigan bo'lsak, bu Amerikaning ichki muammosi. Boshqacha aytganda, Tramp va demokratlar mashmashasi", - deydi Haqiqiy siyosat maktabi asoschisi Yemeshin.
Moskvada Butinaning ishi G'arbning Rossiyaga qarshi navbatdagi agressiyasi sifatida ko'rilmoqda.
Barnaulda esa bu ziddiyatdan Mariya Butinaning oilasi aziyat chekmoqda. Ular qizlarining yaqin orada oila bag'riga qaytishidan umidvor.
"Kutyapmiz. Ilk lahzalar qanday bo'lishini tasavvur qila olmayman. Bir-birimizni quchoqlab, biroz yig'lasak ham kerak. Lekin bu quvonch ko'z yoshlari bo'ladi", - deydi Mariyaning onasi.
Mariya Butina Amerika siyosatiga ta'sir o'tkazishga urinish aybini tan olgan. Sud hukmi ortidan uning deportatsiya qilinishi kutilmoqda.
Moskva va Vashington o'rtasidagi ziddiyat olis Sibirdagi sovuq shaharda ham ayrimlar ko'ngliga izg'irin olib kirdi.
Facebook Forum