Breaking News

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi sudga berildi


O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi hijob taqiqini bekor qilish talabi bilan yana bir ariza sudga topshirilgan. O’zbek jamoatchiligida keskin munozaralar qo’zg’agan diniy liboslarga qo’yilgan taqiq masalasi mahkama tomonidan ko’rib chiqilmoqda. Sud Vazirlar mahkamasi qarori Konstitutsiyada kafolatlangan e’tiqod erkinligini buzishi yoki buzmasligi yuzasidan ajrim chiqarishi kerak. 5-fevral kuni Shayxontohur tuman sudida islom akademiyasi qoshidagi litsey o'quvchisi haq-huquqlari yuzasidan mahkama boshlangan edi.

Islom akademiyasi ustidan sud
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

Luiza Mo’minjonova hijobdan voz kechmagani uchun Islom akademiyasidan haydalgan qizlardan biri.

Mo’nimjonova 6-fevral kuni Shayxontohur tuman sudiga o’zining o’qishdan haydalishiga sabab bo’lgan qoida - akademiyada ro’molga qo’yilgan taqiq bekor qilinishi yuzasidan ariza kiritgan.

“Bugun sudga ariza tashlab keldik, akademiya masalasida alohida sud bo’ladi. Islom akademiyasidan meni darslarni sababsiz qoldirgan degan bahona bilan haydashgan, lekin aslida men hijobni yechmaganim uchun akademiya binosiga kiritilmadim. Ro’mol tufayli meni o’qishdan haydashgani uchun o’z huquqlarim tiklanishini talab qilyapman. Shuningdek, akademiyadagi ro’molni taqiqlovchi ichki qonunlar Konstitutsiya bandlariga bog’langan holda qarab chiqilishini talab qilyapman”, - deydi Luiza Mo’minjonova Shayxontohur tuman sudiga kiritgan arizasi haqida.

5-fevral kuni Shayxontohur tuman sudi hijob masalasida Islom universiteti litseyi talabasi bo’lgan qizning otasi Abduvahob Yoqubov kiritgan arizani ko’rib chiqishni boshlagan edi. Kasbi advokat bo’lgan Abduvohid Yoqubov litseyda qizining hijob o’rashiga to’sqinlik qilingani yuzasidan mahkamaga murojaat kiritgan.

7- fevral kuni davom etishi kutilgan bu sud majlisi advokat Abduvohid Yoqubov iltimosnomasiga binoan boshqa kunga ko’chirilgani aytilmoqda.

Mahkamadagi da’volar hijobni yechishdan bosh tortgan talabalarga ko’rsatilgan bosimlarni o’rganish, talabalarni o’qishga qayta tiklash, hijob taqiqlanishini O’zbekiston konstitutsiyasida kafolatlangan e’tiqod erkinligiga qanchalik mos kelishi haqida.

“Akademiyaga katta umidlar bilan kirgan edim, hammasi yaxshi edi, ammo keyinchalik tazyiqlar boshlandi, oldimizga o’qish yoki ro’mol tanlovini qo’yishdi, yotoqxonadan tashqariga chiqishni ham taqiqlab qo’yishdi. Biz rosa qiynaldik, ammo hammasi yaxshi bo’lishiga umid qilib, bugun mana shu mahkamani boshlayapmiz”, - deydi Luiza Mo’minjonova.

O’zbekiston ta’lim maskanlarida diniy liboslarda yurish Vazirlar mahkamasi qaroriga ko’ra taqiqlangan. O’tgan yili avgust oyida tasdiqlangan bu qaror jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’agan hodisalardan biri bo’lgan edi.
Vazirlar Mahkamasi qarori ortidan hijob himoyasi uchun chiqish qilgan blogerlarning bir nechtasi 15 kundan qamoqqa tashlandi, bu borada prezident Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan sobiq imom Fazliddin Parpiyev ishdan haydaldi, keyinroq esa mamlakatdan chiqib ketdi.

Shayxontohur sudida o’tgan dastlabki mahkamada qatnashgan guvohlarga ko’ra, majlis xolis boshlanmagan, jarayonga kelgan huquq himoyachilari, jurnalistlar va blogerlarga bosim ko’rsatilgan.

Advokatning sud raisiga bildirgan ishonchsizligidan so’ng mahkamani yuritish uchun boshqa sudya belgilangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG