Breaking News

Hibsdagi blogerlar 10 nafardan oshdimi?


O'zbekistonda Ziyo.uz kutubxonasi asoschisi Davronbek Tojialiyev O’zbekistondagi ommaviy hibslar yangi hokimiyatga nisbatan umidlarni so’ndirayotgani haqida gapirmoqda. U ham hibsga olingan blogerlar qatorida ekani haqida ma’lumot tarqalgan edi.

O'zbekiston: Blogerlar ushlanishi ketidan mavhumlik, ishonchsizlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:24 0:00

Hozirgacha olti nafar bloger hibsga olingani tasdiqlangan, huquq himoyachilari tarqatgan xabarda esa hibsdagilar soni 10 kishidan oshgani aytiladi.

So’roqqa tutilganlar ro’yxatida Davron Tojialiyevning ham ismi keltirilgan, uning o’zi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda buni rad etadi, ammo blogerlarning ommaviy ushlanayotgani jamoatchilikni jiddiy xavotirga solganini ta’kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan blogerlarning hibs qilinishi ikki haftadan buyon davom etmoqda. Nafaqat Toshkent, balki viloyatlarni ham qamrab olgan bu hibslar huquq-tartibot organlari rejalangan amaliyot o’tkazishayotganidan darak beradi.

Olti kishi - Adham Olimov, Ziyovuddin Kabirov, Otabek Usmonov, Miraziz Ahmedov, Dilshodbek Xalilov, Xurshidbek Muhammadroziqovlar hibs qilingani, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolangani tasdiqlangan.
O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi 5-sentabr kuni hibsdagilar, ushlanganlar, so’roqqa tutilayotganlar soni 10 kishidan oshgani haqida xabar tarqatdi.

O’zbekistondagi eng ommaviy onlayn kutubxona - Ziyo.uz portali asoschisi Davronbek Tojialiyev hibs yoki so'roq qilingani haqidagi xabarlarni rad etadi.

Oxirgi ikki oy davomida kuzatilayotgan voqealar xalqda davlatga, davlat rahbariga nisbatan endigina shakllanayotgan umidlarni ishonchsiz qildi.

“Toshkentdaman, hali hech kim meni hibsga olgani yo’q, birorta idoradan suhbatga ham chaqirishgani yo’q, ishga borib-kelib yuribman. OAV ma’lumotlariga ko’ra hozir olti kishi hibsda, avvalroq E’zoza Umarova hibs qilingani haqidagi gaplarni asossizligini aytib chiqqan edi, bugun Surat aka tarqatgan ma’lumotda uning ham hibs qilingani ko’rsatilgan. Bilmadim. Hibsdagilar haqida OAVda ma’lumot berildi. Albatta, men bu voqealarga qarshiman. 2001-yilda ham shu kabi voqea kuzatilgan edi. Arbuz.com forumi a’zolari bir kun ichida olib ketilib, “profilaktika” ishlari o’tkazilishi ortidan o’zbeklarni eng asosiy muhokama maydoni bo’lgan Arbuz.com forumi yopilgan edi. Hozirgi holat menga shu voqeani eslatyapti”, - deydi Tojialiyev.

Hibsga olingan blogerlarning hammasini bir mavzu - diniy vaziyatga doir chiqishlari birlashtirib turadi. Ijtimoiy tarmoqdagi munozaralar O’zbekistonda yagona maktab formasining tasdiqlanishi ortidan ayniqsa qizigan edi.

Tojialiyevga ko’ra, hammasi aslida avvalroq, Xalqaro press klubda diniy sohadagi islohotlarga doir o’tgan muloqot, bolalarga machitga borishiga ruxsat bermaslik yuzasidan bildirilgan mulohazalardan so’ng boshlangan. Hukumat tomonidan yagona maktab formasi tasdiqlanishi, maktabda diniy mansublikka oid kiyimlar rasman taqiqlanishi esa formani tasdiqlash yuzasidan o’tkazilgan muhokamada qatnashganlarda keskin norozilik uyg’otgan.

“Muloqotda yosh bolalarni machitga qo’yilmasin, maktabga qatnasin degan fikrlar aytildi. Undan keyin esa maktab formasi haqidagi muhokamalar yuzaga chiqdi. Unda maktabga bosh kiyim bilan kelishgataqiqni olib tashlash uchun juda ko’plab fikrlar bildirildi, lekin ular inobatga olinmadi. Buning ustiga Vazirlar Mahkamasi qarorida diniy mansublikni bildiruvchi har qanday kiyimlar (masalan hijob), belgilar, qoidalar taqiqlanishi aniq-tiniq qilib belgilab qo’yildi. Bu narsa juda ko’pchilikni hayron qoldirdi, ba’zilarni g’azabga ham keltirdi. Chunki shuncha odam davlat bizning fikrimizni eshitar ekan deb targ`iblar qildi, lekin xalq fikri inobatga olinmaganidan keyin ehtiroslar yanada jo’shib ketdi.Nazarimda, bu hibslar shu ehtiroslarni bosish uchun ham boshlandi”, - degan fikrda Tojialiyev.

O’zbekistonda so'nggi ikki yilda matbuotda, jamiyatda jonlanish kuzatildi, ijtimoiy tarmoqlarda turli sohalardagi muammolar muhokama qilingan chiqishlar ko’paydi. Hukumat ham bu chiqishlarga nisbatan e’tiborni kuchaytirgan, davlat idoralari, vazirliklar ijtimoiy tarmoqlarda o’z sahifalarini ochishgan.

Jamoatchilik muhokamalarga faol qo’shilayotgan bir paytda ro'y berayotgan bu hibslar yangi hokimiyatga nisbatan uyg’ongan umidlarini so’ndirishi mumkinligidan xavotirlar bildirilmoqda.

“Oxirgi ikki oy davomida kuzatilayotgan voqealar xalqda davlatga, davlat rahbariga nisbatan endigina shakllanayotgan umidlarni ishonchsiz qildi. Qora ro’yxatlar yo’qotilib, odamlarda umid uyg’onayotgan bir paytda kuzatilgan bu voqealar yana mavhumlik, ishonchsizlik tug’dirmoqda”, - deydi Tojialiyev.

Ayni paytda hibsdagi blogerlarni birortasi rasman ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari uchun jazolangani ma’lum emas.

Avvalroq Bosh prokuratura Adham Olimov va Ziyovuddin Kabirovlar huquq-tartibot xodimlariga qarshilik ko’rsatgani uchun ma’muriy qamoqqa va jarimaga tortilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Hibsdagi to’rt nafar bloger, jumladan 2-sentabr kuni militsiyaga chaqirtirilgan Mirzaaziz Ahmedov taqdiri ham noma’lum qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG