"Facebook" ijtimoiy tarmog'ida diniy-ma'rifiy mavzularda yozgan maqola va fikrlari bilan tanilgan o'zbekistonlik uch faol xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan. Musannif Adham, Ziyovuddin Rahim va Otabek Usmonov avgust oyining so'nggi kunlarida ichki ishlar bo'limlariga olib ketilgan va uylarida tintuv o'tkazilgan.
Musannif Adham nomi bilan tanilgan toshkentlik bloger Adham Olimovning Olmazor tumanidagi uyiga 28-avgust kuni soat 18:00 larda sakkiz nafar xavfsizlik xodimi borgan. Olimov yaqinlarining aytishicha, ularning orasida mahalla uchastkavoyi bo‘lmagan.
Tashrif buyurganlarning hech biri ism-familiyasini aytmagan va xizmat guvohnomasini ko‘rsatmagan, deydi voqeaga shaxsan guvoh bo'lgan insonlardan biri.
Blogerning uyida tintuv o'tkazilib, kompyuter, telefon, fleshka va hard disk kabi ashyolar olib ketilgan.
Musannif Adham so'roq uchun Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar bo'limiga olib ketilgani aytilmoqda.
Uni ko'rgani borgan yaqinlariga Olimov bilan uchrashish va gaplashishga ruxsat berilmagan.
30-avgust kuni oila a’zolari advokat maslahati bilan Toshkent shahar bosh prokuraturasiga ariza bilan chiqqan. Olmazor tuman prokuraturasining navbatchi prokurori “Adham panelniyda ekanligi, unga 15 kunlik ma’muriy jazo tayinlanganlig”ini aytgan, lekin ma’muriy jazo tayinlangani haqida biror bir hujjat taqdim etilmagan.
Ma'muriy jazoni ijro etish muassasasiga borishganda, 28-avgust kuni Adham Olimov olib kelingani, biroq 29-avgust kuni qayta olib ketilgani haqida ma'lumot berishgan.
Toshkentlik yana bir bloger va diniy faol Ziyovuddin Rahim hamda andijonlik Otabek Usmonov ham mana shunday noma'lum sabablar bilan hibsga olingan. Ularning hozir qayerda ekani va qanday asosda ushlab turilgani haqida ma'lumot yo'q.
Hibsga olingan har uch shaxs ijtimoiy tarmoqlarda diniy va ma'rifiy mavzularda maqolalar va shaxsiy fikrlarini yozib, xususan, O'zbekistonda vijdon erkinligi huquqining buzilishi holatlariga qarshi tanqidiy chiqishlari bilan ham tanilgan.
Biroz avval "Facebook"da Muhammad Shakur taxallusi bilan yozuvchi Shokir Sharipov ham Toshkent viloyati militsiyasi tomonidan so'roqqa tutilgan edi. Xavfsizlik xodimlari piket o'tkazish haqida qoldirgan posti uchun unga qarshi ma'muriy javobgarlik ishi ochilganini aytgan. U ijtimoiy tarmoqda yangi maktab formasiga o'tish munosabati bilan o'quvchi qizlarning o'quv dargohlariga ro'molda kelishiga qo'yilgan taqiqqa qarshi o'z e'tirozini bildirgan edi.
Bu voqealarni yaqindan kuzatib kelayotgan huquq faollarining aytishicha, dindorlarning tanqidiy chiqishlari hukumatni cho'chitib qo'ygan bo'lishi mumkin va xavfsizlik idoralari ular ovozini o'chirish uchun bosim o'tkazish choralarini qo'llashga o'tgan.
Facebook Forum