Breaking News
Din

O'zbekiston: Yangicha diniy siyosat qanday bo'lishi kerak?


O’zbekistonda davlat va din munosabatlarini qayta ko’rib chiqish taklif qilinmoqda. Diniy siyosat o’tgan hafta Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga safari davomida ham muhokama qilindi. Endi diniy erkinlik bo’yicha AQSh maxsus elchisining O’zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

O'zbekistonda yangi diniy konsepsiya muhokamasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:33 0:00

Toshkent e’tiqod erkinligi, inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yo’l xaritasini amaliyotga kiritmoqchi. Bu xarita tafsilotlari hozircha noma’lum.

Nisbiy erkinlik ayrim radikal qarashlarni yuzaga chiqarar ekan, jamoatchilik davlat va din munosabatlari qayta tahrirga muhtojligini muhokama qilmoqda.

Abdulaziz Komilov AQShning diniy erkinlik bo’yicha maxsus elchisi Sem Braunbek bilan ham uchrashgan. Braunbek sentabr oyida O'zbekistonga safar qilishi kutilmoqda.

Vashingtondagi uchrashuvlar davomida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O’zbekistonda diniy sohada ijobiy o’zgarishlar mavjudligini qayd etdi. O’zbekiston e’tiqod erkinligi bo’yicha xavotirga molik davlatlar ro’yxatidan joy olib kelgani inobatga olinsa, maxsus elchining O’zbekistonga safari bu ro’yxatdan chiqish uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

Jamiyatning tinchligi, xotirjamligi taqiq, kuch, zulm bilan bo’lmaydi. Men bu konsepsiyada murosa yo’lini taklif qilyapman.

O’zbekistonda davlat, hukumat va din munosabatlari o’ta ziddiyatli bo’lib kelgan. Hokimiyat almashishi ortidan bu ziddiyat nisbatan susaygan bo’lsa-da, e’tiqod erkinligiga oid taranglik hamon mavjud, diniy tashkilotlar faoliyati ustidan nazorat o’ta kuchli, dindor guruhlar davlatga, hukumatga tahdid sifatida ko’riladi.

Davlat va din munosabatlarini qayta ko’rib chiqish yuzasidan bildirilayotgan tashabbuslar oradagi ishonchsizlikni yo’qotish, diniy faoliyatni hukumat nazoratidan chiqarish, radikalizmga hamjihatlikda qarshi turish, Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) diniy faoliyatga aralashishini cheklashni maqsad qiladi.

Davlat va din munosabatini qayta ko’rib chiqish tashabbusini bildirayotgan follardan biri, diniy ekstremizmda ayblangan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxondir (Nurullo Otaxonov). U marhum Karimov boshqaruvidagi turg’unlik davrida davlat va din munosabatlari tahlil qilingan, jamoatchilik orasida ancha mashhur bo’lgan “Bu kunlar” romani uchun tergovga tortilgan edi.

Raufxon yangi diniy siyosatga doir takliflari bilan Mirziyoyev qabulxonasiga murojaat qilgan. Hukumat qoshidagi Din ishlari qo’mitasini tarqatib yuborish tashabbusi ko’tarilgan bu murojaat qo’mitaning o’ziga kelib tushgan.

Yaqinda u o’z diniy konsepsiyasini ijtimoiy tarmoqda jamoatchilik muhokamasiga qo’ydi. Undagi asosiy g’oya - din ustidan hukumat nazoratini olib tashlash, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo’mitasini tugatish, diniy faoliyatni prezident davlat maslahatchisi vakolatiga o’tkazish, MXXning din ishlariga aralashuviga chek qo’yish.

Diniy sohada muammolar tiqilib yotibdi, ko’piga rahbarlar, ulamolarning o’zi aybdor.

“Ozgina berilgan erkinlik ta’siridan ayrimlar o’ta keskin munosabat bildirayotgani ham kuzatiladi. Boshqacha aytganda, radikallik, ya’ni radikal fikrlar ham aytilmoqda. Bundan xavotirga tushgan davlat, e bu bo’lmas ekan-ku degan xulosaga ham kelib qolishi mumkin. Shuning uchun ham men yangi konsepsiyani taklif qildim, bu shu radikallikni ham yo’qotishi mumkin, davlat va musulmonlar o’rtasida biror keskinlik bo’lmaydigan holatga ham olib kelishi mumkin. Albatta, buning amaliyoti qanday bo'lishi haqida batafsil tushuntirish beraman, lozim ko’rilsa. Ammo shundoq ham aniq-ki, taqiq yo’li, hijobni yoki boshqani taqiqlash yana eski qoliplarni ushlab turish bo’ladi. Jamiyatning tinchligi, xotirjamligi taqiq, kuch, zulm bilan bo’lmaydi. Men bu konsepsiyada murosa yo’lini taklif qilyapman, xalq bilan davlatni birlashtirish kerak, hamfikr, hamjihatlik g’oyasi asosida. Eng muhimi, diniy siyosatda g’oyaviy asos yangilanishi kerak”, - deydi yozuvchi.

Raufxon fikricha, hokimiyat almashishi ortidan diniy siyosatda ayrim o’zgarishlar bo’ldi, ammo davlat idoralari dindorlarga tahdid sifatida qarashini o’zgartirmas ekan, davlat, hukumat va din munosabatlari qayta ko’rib chiqilmas, yangi g‘oya, konsepsiya qabul qilinmas ekan, ko’pchilik dindorlar, jumladan xalqaro jamoatchilik tomonidan ham kutilayotgan o’zgarishlar bo’lishi qiyin.

“Xalqaro jamoatchilik, mana AQSh ham Mirziyoyevning islohotlariga ishondi, yangiliklar, o’zgarishlar bo’layotganini tan oldi, butun G’arbni O’zbekiston haqidagi fikrlari o’zgarmoqda. Shuning uchun ayrim muammolar, cheklovlar hafsalani pir qilishi mumkin, kecha bunday edi, bugun bunaqa degan fikrlarni keltirib chiqarishi mumkin. Diniy sohada muammolar tiqilib yotibdi, ko’piga rahbarlar, ulamolarning o’zi aybdor. Men buni kitobimda ham yozganman, ular o’z atrofida musulmonlarni biriktira olmadimi, aybdor ular. Keyin davlat albatta tinchlikni saqlashga harakat qiladi, jiqqa musht bo’layotganlarni jim kuzatmaydi, chora ko’rishga majbur bo’ladi”, - deydi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Ta’kidlash joiz, yozuvchining ijtimoiy tarmoqda taqdim qilingan diniy konsepsiya doirasidagi muhokamalar jamoatchilikda davlat va din munosabatlariga doir keskin radikal fikrlar mavjudligi bilan ham kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG