O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Tanzila Norboyeva "Amerika Ovozi" bilan Vashingtonda suhbatlashar ekan, AQSh poytaxtidagi muzokaralarini samarali deya ta'rifladi. Respublikadagi jarayonlarga qiziqish yuqori, deydi u, xususan O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi qanday choralar ko'rilayotgani va ayollarni qiynayotgan muammolarga qarshi kurash qay pallada ekaniga.
Norboyeva deydiki, majburiy mehnatga barham berish va xotin-qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish - davlat oldidagi asosiy vazifalar. Demak, xalq bu o'zgarishlarni his qila boshlashi kerak. Xo'sh, hozirgacha nima o'zgardi, nima o'rgarmadi?
Norboyeva bilan Toshkentdan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ham keldi. Delegatsiya avvalo majburiy mehnatga qarshi targ'iboti bilan tanilgan xalqaro koalitsiya - "Paxta kampaniyasi" bilan muzokara qildi. Bu koalitsiyaga O'zbekiston paxtasini boykot qilgan o'nlab bizneslar va mamlakat "oq oltini" ekspluatatsiya mahsuli deya bong urib kelayotgan huquq tashkilotlari kiradi. "Paxta kampaniyasi" nazarida respublikada muammoga qarshi kurashda qator yutuqlar bor, lekin muammoni yengish uchun hali ko'p ishlash kerak. Bu degani boykot hali-beri bekor qilinmaydi.
Norboyeva va Kudbiyev Oq uy, AQSh Davlat departamenti va Mehnat vazirligi, Jahon banki va Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ham tashrif buyurib, mutasaddilar bilan uchrashdi.
O'zbekistonda islohotlar qay pallada? Tizim oldidagi masalalar, iqtisodiyot va qishloq xo'jaligida tanishtirilayotgan dasturlar, shuningdek, fuqaro jamiyatini rivojlantirish uchun tashlanayotgan qadamlar muhokama qilindi.
2018-yilda paxta terimi davrida qanday muammolar yaqqol ko'zga tashlandi? Hukumatning o'zi jarayonni qanday baholamoqda?
Kasaba uyushmalari mamlakatda bugun qanchalik mustaqil?
Xotin-qizlar hayoti o'tgan ikki yil ichida qanchalik yaxshilandi?
Ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish uchun Norboyeva raisligidagi qo'mita nima qilmoqda?
Bosh vazir o'rinbosari bilan suhbatda bu va boshqa savollarga javob izladik. Tomosha qiling.
Facebook Forum