AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining ikkinchi uchrashuvi 27-28-fevral kunlari Vyetnamda bo’lib o’tadi.
Poytaxt Xanoyda o’tadigan tadbirda AQSh Shimoliy Koreyaning qurollanishiga qarshi e’tirozlarini muhokama qilishi mumkin. Bu Vyetnamning neytral hudud sifatidagi roli va xalqaro miqyosdagi maqomiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Jumladan, bizneslarning mamlakatga intilishi ham o’sadi. Yirik xalqaro anjumanlar uchun Vyetnam munosib mezbon sifatida qabul qilinadi.
Vyetnam urush oqibatida katta inqiroz va yo’qotishlarga uchragan davlat. Biroq 1980-yillar oxiridan boshlab qayd etilgan iqtisodiy o’sish sur'ati Vyetnamning xalqaro miqyosdagi reytingini yuksaltirdi.
Arzon ishchi kuchi jalb etgan xorijiy investitsiya Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatining iqtisodiy taraqqiyotiga muhim hissa qo’shdi. Vyetnam iqtisodiyotining 2012-yildan buyon qayd etgan o’rtacha o’sish sur'ati 6-7 foizni tashkil etadi. Joriy yilning yanvar oyida mamlakatga kiritilgan xorijiy sarmoya hajmi o’tgan yilning shu davridagiga nisbatan 27,4 foizga ortgan. Vyetnam, shuningdek, o’tgan oyda dunyo iqtisodiyotining 13,5 foizini qamrab turgan Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimiga ham a’zo bo’ldi.
AQSh hukumati Vyetnamga qarshi 1994-yilda o’rnatgan savdo embargosi 19 yil amal qilgan.
“Amerika iste’molchilari ayni damda Vyetnam poyafzallari, kiyim-kechaklari va maishiy texnika buyumlariga xaridor. Qo’shma Shtatlar firmalari Vyetnam o’rta sinfini samarali eksport bozori sifatida ko’rmoqda”, - deydi Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimining bosh iqtisodchisi Rajiv Bisvas.
Bisvasga ko’ra, Vyetnamda o’tishi rejalangan AQSh-Shimoliy Koreya rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi har tomonlama muhim ahamiyatga ega. Tadbir AQSh-Vyetnam munosabatlarining shakllanishi uchun ham zamin yaratadi.
2017-yilda Donald Tramp Vyetnam iqtisodiyoti o’tmish muammolariga qaramay “katta mo’jiza”ga erishganini e’tirof etgan edi. Tahlilchilarga ko’ra, Trampning bu e’tirofi Vyetnam kabi kommunistik davlat ham taraqqiy etishi mumkin degan qarashni Shimoliy Koreyaga yetkazish vazifasini bajaradi.
Facebook Forum