Breaking News

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalashuv yo'lidan boryaptimi?


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

Toshkent aprel oyida Markaziy Osiyo liderlarining navbatdagi norasmiy sammitiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Toshkentda Markaziy Osiyo hamkorligiga oid o’tayotgan xalqaro konferensiyada ma’lum qilingan. Markaziy Osiyoda o’zaro hamkorlikni tiklash Prezident Mirziyoyevning islohotchi sifatida taqdim etgan asosiy tashabbuslaridan biri. Ammo kuzatuvchilar fikricha, bu borada hali aniq natija ko'ringani yo'q.

Markaziy Osiyo hamkorligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:03 0:00

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon amalga oshirgan eng samarali o'zgarish Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar qayta ko’rib chiqilganida, mintaqada yangi siyosiy muhit shakllanganida ko'rinmoqda.

Mirziyoyevga islohotchi prezident sifatida qarash shu o’zgarishlardan so’ng kuzatildi. Bir paytlar ziddiyatlarga ko’milgan mintaqada boshlangan iliqlik O’zbekiston rahbarini xalqaro miqyosda ham islohotchi maqomida ko’rsatdi.
Prezident Mirziyoyev uzoq yillik tanaffusdan so’ng mintaqa liderlarining o’zaro uchrashuvini tikladi, norasmiy sammiti sifatida taqdim etilgan ilk uchrashuv Ostonada o’tdi, navbatdagisi aprel oyida Toshkentda kutilmoqda.

Bu haqda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentdagi Markaziy Osiyo xavfsizligiga oid xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.

Mintaqa ekstremizm tahdidlaridan xoli emasligi, barqarorlik bilan bog’liq vaziyat, mintaqa hamkorligi va umumiy tahdidlari haqida gapirgan Komilov Markaziy Osiyoda yaqinlashuv uchinchi tomon manfaatlariga qaratilmayotganini yana bir bor eslatib o’tgan.

30 dan oshiq davlat, xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashgan konferensiyada mintaqa hamkorligi, tahdidlar, xavfsizlik masalasi muhokama qilingan.

Ammo sharhlovchilarga ko’ra, bu konferensiya Markaziy Osiyo integratsiyasini, tahdidlarga qarshi turish, hamkorlikni rivojlantirish uchun mintaqaviy tashkilotga ehtiyoj zarurligini chetlab o’tmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov bu haqda shunday deydi:

“Sammit arafasida o’tkazilayotgan bu yig’ilishdagi ekspertlar mintaqaviy tashkilotga ehtiyoj borligini muhokama ham qilishayotgani yo’q. Aprelda kutilayotgan sammit ham maslahatlashuv maqomida bo’lishiga diqqat qaratilmoqda. Ekspertlar munozarasida ham mintqaviy integratsiya so’zi ishlatilayotgani yo’q, asosan, tashabbus zo’rligi, yaxshi hamkorlik zarurligi haqidagi yaxshi niyatlar, umumiy gaplardan iborat. Hatto sammit ham, bu yig’ilish ham uchinchi tomon manfaatlariga qaratilmagani haqidagi ishoralar berilmoqda”, - deydi Tolipov.

Mintaqa prezidentlarining aprelda Toshkentda kutilayotgan sammiti arafasida o’tkazilgan bu konferensiya ishidan hukumatlar qanday xulosa chiqarishi hozircha noma’lum.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy tashabbuslar qayta uyg’onganiga ikki yil bo’lyapti. O’zbekiston tomoni ko’targan tashabbusini mintaqa davlatlari qo’llab-quvvatlashdi, ammo bu tashabbuslar hozircha biror tashkiliy ko’rinishga kelmadi.

Asosiy tashabbuschi sifatida tanilgan Prezident Mirziyoyev ham biror bayonot qilayotgani yo’q, aksincha, mintaqaviy uyushmaga asos solish kun tartibida emasligini bildirib keladi.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, mintaqa xalqi, mamlakatlar integratsiya jarayoniga allaqachon tayyor, gap siyosiy rahbariyatda qolgan.

“Biz 90-yillardan bosib o’tgan yo’lni eslasak, bu boradagi tajribalarni nazarga olsak, orqaga qaytib hammasini noldan boshlashga, bu qadar hadikka hojat yo’qligi ko’rinadi. Markaziy Osiyo integratsiyasi biror tomon manfaatiga qarshi bo’lishi mumkin emas. Bu integratsiya konsepsiyasi dadil muhokamaga olib chiqilishi kerak. Mintaqa davlatlari, xalqlari bu jarayonga allaqachon tayyor, faqat siyosiy rahbariyat bunga hozircha tayyor emas, shuning uchun ham uchinchi tomonning manfaatlari haqidagi iboralar takrorlanmoqda”, - degan fikrda Farhod Tolipov.

Ayni paytda turli siyosiy qutblarga tortilgan Markaziy Osiyoda faoliyatdagi biror mintaqaviy tashkilot yo’q. Mintaqa sammiti ham norasmiy maqomda, maslahatlashuv uchrashuvi sifatida taqdim etiladi. Yetakchilarning Ostonadagi yig’ilishida yangi mintaqaviy tashkilotga asos solinishi mumkinligi haqidagi xabarlar tasdig’ini topmagan edi.

Markaziy Osiyoni biror mustaqil tashkilot doirasida birlashtirish maqsadi mintaqa liderlarining Toshkentda kutilayotgan norasmiy sammitini ham chetlab o’tishi ta’kidlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG