O’zbekiston Oliy sudi o'zbekistonlik jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va G’ayrat Bobojonovlarga tegishli uy-joy musodara qilinishini tasdiqlagan. Da'vogarlarga ko'ra, Oliy sud ajrimi ularining kasbiy faoliyatlari uchun qasd olishga qaratilgan.
Avvalroq Urganch tuman fuqarolik sudi Shuhrat, Qudrat, G’ayrat Bobojonovlarga tegilishli Xorazmdagi ko’chmas mulkni davlat hisobiga musodara qilish yuzasidan ajrim chiqargan edi. Bu qaror yuzasidan kiritilgan shikoyat arizasi yaqinda Oliy sudda ko’rib chiqilgan, ajrim o’z kuchida qoldirilgan.
Bobojonovlarga tegishli Xorazmdagi uy-joy Urganch tuman hokimligining mulk qarovsiz qolganligi haqidagi da’vosiga ko’ra qo’zg’atilgan, tumanlararo fuqarolik sudi aka-ukalarga tegishli uy-joyni hokimiyat balansiga o’tkazish haqida qaror chiqargan edi.
Bu ma’muriy ish yuzasidan shikoyat arizasini ko’rib chiqqan Olis sud dastlabki qarorni o’z kuchida qoldirgan. Sudning mulk musodarasi haqidagi qaroriga aka-ukalarga tegishli Xorazmdagi uy-joy qarovsiz holda qolganligi asos qilib ko’rsatilgan.
Bu da’volarni rad etgan Bobojonovlar uy-joylari qarovsiz qolmagani, unda qarindoshlari yashab kelgani, jurnalistik faoliyatlari uchun o’ch olinayotganini ta’kidlashmoqda.
Shuhrat Bobojonov “Ozodlik” radiosining Pragadagi ofisida ishlaydi, Shvetsiyada yashayotgan Qudrat Bobojonov “Eltuz” nashriga muharrirlik qiladi, Xorazmdagi G’ayrat Bobojon ham jurnalist-tasvirchi.
Qudrat Bobojonovga ko’ra, tanqidiy qarashdagi jurnalistlarning mol-mulkiga tajovuz qilish hatto matbuot keskin ta'qib ostida bo’lgan Karimov davrida ham kuzatilmagan edi.
Jurnalistning aytishicha, Oliy sud darajasida qabul qilingan bu qaror siyosiy sabablarga ega. “Eltuz” nashri mamlakatdagi huquq-tartibot idoralaridagi vaziyat, xususan, DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi va bu tizimdagi korrupsiyaga doir qator maqolalar e’lon qilgan. Ularning aksariyati o’z tasdig’ini topdi, deydi jurnalistlar.
“Men uylarimizni tortib olish haqida Oliy sud chiqargan ajrimni jurnalistik faoliyatimiz uchun qasd olinishi, deb hisoblayman. Chunki men muharrirlik qilayotgan “Eltuz” nashri qator tanqidiy maqolalar e’lon qilib keladi. Shulardan so’nggisi DXXning o’sha paytdagi raisi Ixtiyor Abdullayev kirdikorlari haqida edi. Bu maqola Oliy sud ajrimi chiqishidan 15 kun oldin e’lon qilingan edi. Ordan bir oy o’tmasdan bu maqolada keltirilgan faktlar tasdiqlandi, Abdullayev ishdan olindi. Ayni paytda uning qarindoshlari ustidan ham tergov ketmoqda. Bizning uy-joyimizni tortib olish haqidagi Urganch tuman fuqarolik sudi chiqargan qaror mutlaqo noqonuniy, bu ham qaror qasd olish uchun chiqarilganini ko’rsatib turibdi”, - deydi Qudrat Bobojon.
Jurnalist fikricha, Oliy sud hokimiyatning jurnalistlarga nisbatan bosim quroli vazifasini o’tamoqda va bu tizimning o’zi ham korrupsiyadan xoli emas.
Yaqinda Oliy sud raisining ma’muriy ishlar bo’yicha o‘rinbosari Bahodir Dehqonov xizmat xonasida hibsga olingani xabar qilindi.
Mahalliy matbuotga ko’ra, 21-fevral kuni hibsga olingan Bahodir Dehqonov ustidan jinoyat ishi qo’zg’atilgan. U bu lavozimda ikki yilga yaqin ishlagan. Jurnalistlar mol-mulki musodarasi bilan bog’liq ma’muriy mahkama ham shu davrda o’tkazilgan.
Qudrat Bobojonning aytishicha, ularga tegishli uy-joylarning musodara qilinishi ortida tanqidiy maqolalarga nishon bo’lib kelgan xavfsizlik idoralari vakillari turibdi; mol-mulkka tajovuz qilish bilan jurnalistlar ovozini o’chirishga harakat qilinmoqda.
Aka-uka Bobojonovlarga tegishli mulklarni musodara qilish haqidagi tuman fuqarolik sudi ajrimiga ko’ra, uylar qarovsiz qolganligi uchun hokimiyat balansiga o’tkazishga qaror qilingan.
Facebook Forum