Breaking News

Kushnerning Yaqin Sharqqa safaridan maqsad nima?


Prezident Trampning maslahatchisi Jared Kushner Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an bilan, Anqara, 27-fervral, 2019
Prezident Trampning maslahatchisi Jared Kushner Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an bilan, Anqara, 27-fervral, 2019

AQSh prezidentining maslahatchisi Jared Kushner 26-fevral kuni Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi. Bu o’tgan yilning oktabr oyida saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilganidan beri ikki tomonning ilk ko'rishishi.

Oq uy 27-fevralda bergan bayonotga ko’ra, Riyodda Yaqin Sharqqa invetstitsiyalar kiritish va mintaqada tinchlik o’rnatishga doir qator masalalar muhokama qilingan.

“Avvalgi muzokaralardan kelib chiqib, AQSh va Saudiya Arabistoni o’rtasida hamkorlikni rivojlantirish, Tramp ma’muriyatining Isroil va Falastin o’rtasida tinchlikka erishish bo’yicha tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash ko'rib chiqildi”, - deyiladi bayonotda.

Biroq ikki davlat o’rtasida tanglikni yuzaga keltirgan holat - jurnalist Qoshiqchining o’limi - yuzasidan hech narsa deyilmagan.

Kushner va Muhammad bin Salmon yaqindan aloqa qilishi ma'lum. AQSh razvedkasiga ko'ra, valiahd jurnalistni o’ldirishga buyruq bergan.

Kushner - Prezident Donald Trampning kuyovi. Uning Yaqin Sharqqa yetti kunlik safari ittifoqchi arab davlatlari rasmiylari bilan uchrashishni ko'zlaydi. Kushnerga AQShing Yaqin Sharq bo’yicha maxsus elchisi Jeyson Grinblatt va Eron bo’yicha maxsus vakili Brayn Xuklar hamrohlik qilmoqda.

Oq uyga ko’ra, Yaqin Sharq tinchlik rejasi joriy yilning 9-aprelida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuning siyosiy taqdirini hal qiladigan saylovdan keyin ma’lum qilinadi.

Delegatsiya 27-fevral kuni jurnalist Qoshiqchi o’ldirilgan Turkiyaga ham tashrif buyurgan. Saudiya konsulligida amalga oshirilgan qotillik shahzoda Muhammad bin Salmonning xalqaro nufuzini tushirib yuborgan va global miqyosda noroziliklarga sabab bo’lgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an bilan Anqarada o’tgan uch soatlik uchrashuvda Kushner Tramp ma’muriyatining Yaqin Sharq bo’yicha tinchlik rejasini muhokama qilgan.

Erdog’an Falastin va “Xamas” guruhini qo’llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan, muzokaralarda murosaga erishish murakkab bo’lgan tomon hisoblanadi. Anqara uchrashuvi tafsilotlari mavhumligicha qolmoqda. Tomonlar hech qanday rasmiy bayonot bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG