Fevral oyining oxirgi kunida Xitoyning Turkiyadagi elchixonasi Izmir shahrida 2015-yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bosh konsulluk vaqtinchalik yopilganini ma’lum qildi. Konsullikning yopilish sababi aniq aytilmadi, biroq bu Anqara Sharqiy Turkiston masalasida Pekinni tanqid qilib kelayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Xususan, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li 25-fevral kuni BMT Inson huquqlari kengashining Jenevadagi sessiyasida xitoylik uyg‘urlar va boshqa musulmon xalqlarning huquqlari buzilishi xavotirga sabab bo‘layotganini bildirdi. Ertasi kuni Xitoyning Turkiyadagi elchisi Deng Li turk tomonining iddaolari asossiz ekani haqida bayonot berdi.
Izmirdagi Egey universitetida talabalarga saboq berib kelayotgan uyg‘ur ziyolisi va faoli, professor Olimjon Inoyat Turkiya Sharqiy Turkiston bo‘yicha qat’iy pozitsiyada bo‘lishi kerak, degan fikrda. Chunki qardosh va qondosh Turkiyaning Sharqiy Turkistonga aloqador har bir bayonotini uyg‘urlar katta xursandchilik bilan, umid bilan qarshi olishadi, deydi u. Professorning aytishicha, Sharqiy Turkistondagi konslagerlarda majburan ushlab turilgan uyg‘urlarning soni 3 milliondan ortgan. Xitoy bu lagerlarni ochishdan maqsad radikalizmga qarshi kurashish ekanini aytadi. Olimjon Inoyat esa, agar u yerda chindan ham radikalizm bo‘lsa, bunga Xitoyning diniy erkinlik borasidagi siyosati sababchi ekanini ta’kidlaydi: mintaqadagi musulmonlarga 60 yildan beri o‘z dinlarini to‘g‘ri manbalardan o‘rganishlariga ruxsat berilmayapti, diniy ta’lim taqiqlangan.
“Bu lagerlarda majburan ushlab turilganlar orasida ko‘p sonli ziyolilar, ya’ni olimlar, shifokolar, san’atkorlar, shoirlar, yozuvchilar bor. Ularning radikalizm yoki terrorizmga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular Xitoy Konstitutsiyasi va muxtor tuman qonunlari doirasida o‘z vazifalarini bajarib kelishgan. Xitoyning bu ziyolilarni lagerlarda ushlab turishidan maqsadi “miyalarini yuvib”, milliy o‘zliklaridan voz kechish va xitoy o‘zligini qabul qilishga majburlashdir. Turgan gapki, buning oqibati - assimilyatsiya”, - deydi u.
Olimjon Inoyatning fikriga ko‘ra, uyg‘urlarning milliy o‘zligini yo‘q qilish siyosatidan ko‘zlangan maqsad oxir-oqibat Sharqiy Turkiston ishg‘olini qonuniylashtirishdir. Dunyo hamjamiyati mintaqadagi adolatsizliklarni to‘xtatishga urinishi lozim, aks holda Xitoyning bunday siyosati avtoritar tuzumlar uchun namuna vazifasini o‘tab beradi, deydi u.
Chanakkale 18-mart universitetida xalqaro munosabatlar sohada ilmiy izlanish olib borayotgan o‘zbekistonlik Otabek Omonqulovning aytishicha, Xitoyning Izmirdagi konsulligi yopilishiga oxirgi paytda ikki davlat o‘rtasida kuzatilgan taranglikning aloqasi yo‘q; bu, shunchaki, Xitoyning tashqi siyosatidagi masala, xolos.
Unga ko'ra, rasmiy Anqara Xitoy bilan munosabatlari jiddiy buzilishini istamaydi; Pekinni tanqid qilish orqali Sharqiy Turkistondagi vaziyatga ta‘sir ko‘rsata olmasligini ham yaxshi tushunadi. Chunki Xitoy juda katta kuch, Turkiyada esa unga siyosiy yoki iqtisodiy bosim ko‘rsata oladigan vosita mavjud emas, - deydi u.
“Turkiya avvaldan Xitoyning Sharqiy Turkiston borasidagi siyosatidan norozi. Lekin shu paytgacha sukut saqlab kelayotgan edi. Nihoyat, Anqaraning ham sabri toshdi, - deydi Omonqulov. - Oxirgi paytda Turkiyaning uyg‘urlar masalasi bo‘yicha bayonotlar bilan chiqishiga boshqa bir sabab ham bor: ma’lumki, 31-mart kuni Turkiyada mahalliy hokimiyat organlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Turk jamoatchiligi Xitoyning uyg‘urlar borasidagi siyosatidan qattiq norozi va bu kayfiyat oxirgi paytda yanada kuchaydi. Bunday vaziyatda Turkiya hukumati jim tura olmasdi”.
Sharqiy Turkiston borasida Xitoyga qanday ta’sir ko‘rsatish mumkin? Otabek Omonqulov ham professor Olimjon Inoyatning fikrini takrorladi: jahon hamjamiyatining yakdil harakat qilishi orqali.
“Chunki bunga birgina Turkiyaning kuchi yetmaydi”, - deydi suhbatdoslar.
Facebook Forum