AQSh-Meksika chegarasiga devor qurish bahslari yuzasidan Prezident Donald Tramp va qonunchilar kelisha olmagach, yil boshida hukumat bir oydan ortiq faoliyatini to'xtatishga majbur bo'lgan edi. Vashingtonda siyosiy hayot qayta izga tushar ekan, demokratlar immigratsiya bo'yicha yangi rejalarni taqdim etmoqda. Demokratlar hukmron Vakillar palatasi Tramp ma'muriyati siyosati tufayli huquqiy maqomini boy berish arafasida turgan yuz minglab muhojirlarni himoya qilish niyatida.
Demokratlar bir necha oydan beri chegaraga devor qurish-qurmaslik haqidagi bahslar bilan band bo'ldi. Qo'llari bo'shab, endi jiddiy islohotlar ustida bosh qotirishmoqda.
"DACA, TPS va DED dasturidagi yuz minglab odamga imkoniyat eshiklarini ochadigan qonunni qabul qilish muhim. Amerika qadriyatlarini himoya qilishimiz kerak", - deydi demokrat qonunchi Xoakin Kastro.
Tramp ma'muriyati ko'rgan choralar yoshligida AQShga noqonuniy kelib qolgan yoki urush va tabiiy ofatlardan qochib kelgan yuz minglab muhojirlar taqdirini savol ostiga qo'ymoqda.
"Bu nafaqat himoya ostidagi shaxslarga, balki mamlakatimizga yetkazilayotgan jarohatdir. AQShni tark etishi talab qilinganlar orasida olimlar ham bor. Bunday olimlarni, bizga tibbiy xizmat ko'rsatadigan tibbiyot talabalarini nega haydashimiz kerak?" - deydi yana bir demokrat Zo Lofgren.
Demokratlar kelasi hafta muhojirlarni himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ustida ish boshlaydi. Immigratsiya tizimi tubdan isloh qilinmasa, bu choralar befoyda, deydi respublikachilar.
"Muhojirlarni ommaviy oqlovchi har qanday qonunga biz respublikachilar qarshi chiqamiz", - deydi qonunchi Dag Kollins.
Xavfsizlik bo'yicha prezident vakillarining aytishicha, AQShga bolaligida noqonuniy kelgan muhojirlarga fuqarolik berilishi noqonuniy immigratsiyaning kuchayishiga hissa qo'shadi.
"Ular xavfsizlik uchun tahdid emas, iqtisodiy tahdid ham emas, lekin fuqarolik olishiga qarshisiz, shundaymi?", - deya so'raydi qonunchi Dina Taytus.
"Chegaradagi inqirozni davom ettiruvchi holatlarni qo'llab-quvvatlamayman", - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen.
Nilsen buyrug'i bilan chegarada ushlangan oilalarni hibsga olish siyosati demokratlarni xavotirga solmoqda.
"Bolalarni bugun ham qafasga solyapsizlarmi?", - deb so'raydi demokrat Benni Tompson.
"Bolalar chegarada siz bo'lgan markazda tekshiruvdan o'tkazilyapti", - deydi Nilsen.
"Men qafaslarni ko'rdim. Hibsxonalar borligini tan olishingizni istayman", - deydi qonunchi.
"Ular qafas emas. Tekshiruvdan o'tguncha ushlab turilganlarning xavfsizligini ta'minlash uchun tayyorlangan hududlar", - deb javob beradi vazir.
Demokratlarga ko'ra, chegarada ushlangan bolalarga yetarli tibbiy va huquqiy yordam ko'rsatish zarur. Tayyorlanayotgan qonun loyihasida yosh muhojirlar mavzusiga alohida e'tibor qaratiladi.
"Meksikadan keladigan yolg'iz erkaklarga mo'ljallangan tizim bolalar uchun ishlamaydi. Demak, biz bu vaziyatga e'tibor qaratishimiz kerak", - deydi demokrat senator Meyzi Xirono.
Yangi qonun qabul qilinsa ham, uning respublikachilar ustun Senatdan o'tishi amri mahol. Lekin yoshligida noqonuniy kelgan muhojirlarga qonuniy maqom berish masalasida kelishuvga erishish imkoniyati bor.
Facebook Forum