Breaking News

BMT: Rohinja musulmonlari kelajagi tahdid ostida


Kemada yo'lga chiqqan rohinja qochoqlari
Kemada yo'lga chiqqan rohinja qochoqlari

Myanmadagi inson huquqlari holatini o'rgangan maxsus tergovchining aytishicha, mamlakatdagi rohinja musulmonlarini mavhum kelajak kutmoqda. Zo'ravonliklardan qochib, ozchilikni tashkil etgan musulmon elat qo'shni Bangladeshga qochib o'tgan edi.

Millionga yaqin rohinja qochqini Bangladeshning Koks-Bazar shahrida og'ir sharoitdagi lagerlarda yashamoqda. Ular Myanmada boshlangan zo'ravonliklardan omon qolish uchun 2017-yil avgustda shu yerga kelgan. BMT tayinlagan maxsus tergovchi Yangi Lining aytishicha, bangladeshliklar qochoqlarni har doim ham mehmon qila olmaydi; ayni paytda Myanmadagi vaziyat ularning qaytishi uchun hanuz xavfli.

Birmaning Rakxayn shtatida qolgan rohinjalar uchun ahvol o'nglanmagan. Ularning va chetga chiqib ketgan boshqa rohinjalarning kelajagidan tashvishdaman, dedi maxsus tergovchi Li.

"Rohinjalar muammosining xalqaro tus olayotganidan xavotirdaman. Ularni Hindiston va Saudiya Arabistonidan deportatsiya qilishyapti. Malayziyaga qayiqda borishgani yanada tashvishli. Bu odamlarning ahvoli juda og'irligini ko'rsatadi va 2015-yilgi qayiqlar inqirozini esga soladi. Bu holat takrorlanmasligi kerak", - dedi u.

2015-yil o'z hayotlarini saqlab qolish uchun qayiqlarda yo'lga chiqqan ko'plab rohinja qochqinlari dengizda halok bo'lgan edi.

Bangladesh hukumati 23 ming rohinja qochqinini Bengal qo'ltig'idagi orolga ko'chirishni rejalamoqda. Bu yer tabiiy ofatlar yuz berishi ehtimoli yuqori bo'lgan hudud hisoblanadi.

BMT vakili, shuningdek, Myanmaning yuqori martabali sobiq va hozirgi harbiylarini daraxtlarni kesib xorijga sotish orqali mamlakat ekotizimini buzayotganlikda aybladi.

"Tabiiy boyliklardan olingan daromad muhim xizmatlar uchun kerak, lekin harbiy sohaga yo'naltirilmoqda. Bu fuqarolik hukumati, demokratik islohotlar, tinchlik jarayoni, barqaror taraqqiyot hamda huquqlar ta'minotini xavf ostiga qo'yadi", - dedi BMT tergovchisi.

Myanmaning BMTdagi elchisi Kya Mo Tu Yangi Lining hisobotini noxolis deb atadi. Unga ko'ra, BMT tergovchisi tekshiruv bo'yicha qoidalarga rioya qilmagan va Myanma u bilan hamkorlik qilishni to'xtatadi.

Uning yana qo'shimcha qilishicha, Myanmada iqtisodiy va inson huquqlariga oid islohotlar boshlangan hamda rohinja qochqinlarini mamlakatga qaytarish jarayonini tezda boshlash kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG