Breaking News

Myanma hukumati: Mamlakatga roxinjalik ilk oila qaytarildi


Myanmaga qaytarilgan roxinjalik ilk qochqinlar
Myanmaga qaytarilgan roxinjalik ilk qochqinlar

Myanma hukumati roxinjalik ilk qochqinlar qo'shni Bangladeshdagi qochqinlar lageridan Myanmaga qaytarilgani haqida ma'lum qilmoqda. Inson huquqlari faollariga ko'ra, bu siyosiy reklamadan boshqa narsa emas, Myanma hukumati roxinjaliklarning o'z tuproqlariga qaytishi uchun xavfsizlikka doir talablarini bajarmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy komissariatining ta'kidlashicha, qochqinlarning qaytishi uchun Myanmada sharoit yaratilmagan.

Myanma hukumatiga ko'ra, besh kishidan iborat bir oila repatriatsiya uchun zarur jarayondan o'tib, ayni damda Myanma-Bangladesh chegarasiga yaqin joyda qarindoshlarinikida turibdi.

Oila a'zolariga shaxsini tasdiqlovchi hujjat berilgani aytilmoqda, ammo bu hujjatda ularning Myanma fuqarolari ekani haqida ma'lumot yo'q. Roxinjaliklar yetakchilari bunday hujjatni qabul qilishdan bosh tortar ekan, o'z xalqi vakillari uchun to'liq fuqarolik berilishini talab qilmoqda.

Roxinjaliklar Myanmada fuqarolikdan mahrum. Asosan buddistlar yashaydigan bu mamlakatda musulmon aholi kelgindi sifatida ko'riladi.

O'tgan yil avgust oyida Myanma g'arbidagi Rakxayn shtatida bir guruh jangarilar xavfsizlik kuchlariga hujum qilishi ketidan askarlar roxinjaliklarni qirishga kirishdi. Natijada 700 ming odam o'z uylarini tashlab, qo'shni Bangladeshga qochishga majbur bo'ldi.

Myanma hukumati etnik tozalash haqidagi ayblovlarni rad etarkan, askarlar roxinjalik jangarilarni nishonga olganini da'vo qiladi.

Bangladeshdagi qochqinlar lagerlarida jon saqlayotgan roxinjalik musulmonlarning aytishicha, xavfsizlik kuchlari ularning qishloqlarini o'margan, yoqqan, ayollarni zo'rlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG