Qirgʻizistonning Botken viloyatidagi Tojikistonga chegaradosh hudud aholisi bilan tojikistonliklar oʻrtasida nizo kelib chiqdi. 13-mart kuni boshlangan janjal 14-mart kuni ham davom etib, kunning ikkinchi yarmida ikki davlat chegarasida o’q ovozlari yangragan. Tojikistonning Vorux anklavi tarafidan otilgan o’qdan qirg’izistonlik militsiya xodimi yaralanib, kasalxonaga olib ketilgan.
Qirgʻiziston Chegara xizmatining matbuot bo'limi tarqatgan maʼlumotga koʻra, janjalga Qirgʻiziston tomonidan qurilayotgan Oqsoy-Tamdiq aylanma yoʻli sabab boʻlgan.
Xabarlarga koʻra, yoʻl qurilishiga qarshi boʻlgan tojikistonliklar qirgʻizistonlik quruvchilarni ketkazish uchun toshboʻron qilgan. Buning ortidan voqea joyiga Qirgʻizistonning Oqsoy qishlogʻidan oʻrtacha 100 kishi, Tojikistonning Mehnatobod qishlogʻidan 50-70 nafar odam yigʻilib, bir-birlariga tosh bilan hujum qilishgan. Janjal kuchayib Qirgʻiziston fuqarosining uyiga oʻt qoʻyilgan, bir necha avtomobil yondirilgan.
Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot kotibining aytishicha, oʻzaro nizo vaqtida bir Qirgʻiziston fuqarosiga oʻq tekkan va hozir u jonlantirish boʻlimida ogʻir ahvolda.
“Ozodlik”ning tojik xizmati Vorux anklavi kasalxonasi bosh shifokoriga tayanib xabar tarqatishicha, 14-mart kuni Rafouddin Teshayev ismli Tojikiston fuqarosi qirg’iz-tojik chegarasida halok bo’lgan. Tojikiston Chegara boshqarmasining bildirishicha, 13-mart kuni ham 43 yoshli Huseyn Hakimov ismli yana bir tojikistonlik o’ldirilgan.
Nizolashuv ortidan ikki tomondan ham turli tan jarohati olganlar bor. Keyinchalik vaziyat ikki tomonning chegara xodimlari tomonidan izga solinganiga qaramay, 14-mart kuni ham ikki tarafdan yigʻilgan mahalliy fuqarolar chegara yaqinida toʻplanib turibdi.
Tojikiston hududidan oʻtuvchi Oʻsh - Isfana yoʻli yopiq boʻlgani uchun 100ga yaqin avtomobil va yoʻlovchilar chegaradan oʻtolmay turibdi.
Botken chegara otryadining shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
14-mart kuni kechga yaqin Qirg’iziston va Tojikiston prezidentlari muammoni telefon orqali muhokama qilgan. Qirg’iziston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotda ikki davlat rahbarlari hodisani xolis o’rganish uchun qo’shma komissiya tashkil qilishga kelishgan. Shuningdek, suhbat davomida Qirg’iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon davlat chegarasini delimitatsiyalash bo’yicha muzokaralarni tezlatish kerakligini ta’kidlab o’tgan.
Janjalga sabab boʻlgan Oqsoy-Tomdiq yoʻlining qurilishi 2014-yili boshlangan. Bu yoʻlning qurib bitkazilishi Qirgʻiziston uchun strategik jihatdan muhim deb hisoblanadi. Chunki uning qurilishi ortidan Botken viloyatining bir necha qishlogʻi aholisi viloyatning boshqa tumanlariga Tojikistonning Vorux anklavini oralab oʻtmay, toʻgʻri qatnay oladigan boʻladi.
Ammo yoʻl qurilishi olib borilayotgan hudud bahsli boʻlgani bois tojikistonliklar bu yoʻlga avvaldan qarshi boʻlib, besh yil avval ham oʻzaro janjal chiqib, oʻq otilgan edi. Otishmadan ikki taraf chegarachilari jarohatlangan. Bu voqeada ikki davlat rasmiylari bir-birlarini ayblagan edi.
Qirgʻizistonning Tojikistondagi elchisi Janish Rustenbekov nizoga sabab boʻlgan yoʻl qurilishi olib borilayotgan hudud Qirgʻizistonga tegishli ekanini “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga bildirdi.
Rasmiy maʼlumotlar boʻyicha Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasining uzunligi 976 kilometrni tashkil qilsa, ularning 504 kilometri demarkatsiya va delimitatsiya qilinmagan.
Facebook Forum