Salkam 20 yil avval qatlga hukm qilingan o’g’lining o’lganiga ishonmayotgan ona O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqmoqda. Ayni paytda Shveysariyada yashayotgan o’zbekistonlik faollardan biri Bashorat Yeshova uzoq yillardan buyon huquq-tartibot idoralaridan o’g’lining o’limiga doir aniq dalillar taqdim etilishini talab qilib keladi. U hukumat idoralari tomonidan o’g’lining o’limiga doir berilgan guvohnomaga ishonmaydi, mamlakatda o’lim jazosi bekor qilinishi ortidan o’g’li tirik qolgan degan umidda.
Xorijdagi o’zbekistonlik faollardan biri Bashorat Yeshovaning farzandi Ulug’bek Yeshov Buxorodagi qamoqxonada kuzatilgan isyonda qatnashganlikda ayblanib o’lim jazosiga hukm qilingan. Rasmiy hujjatlarga ishonilsa, o’lim jazosi 2001-yilda ijro qilingan.
2005-yilga kelib O’zbekistonda o’lim jazosini bekor qilish haqidagi farmon imzolangan. Bashorat Yeshovaga ko’ra, o’g’liga belgilangan o’lim jazosi 2001-yilda ijro etilganiga doir aniq ma’lumot mavjud emas, bu borada so’nggi yillar davomida qilgan murojaatlariga ham aniq dalilli javob olmagan.
“O’lim haqidagi guvohnoma berilgan, unda 2001-yil 13-sentabrda o’lgan deb yozilgan. Lekin men 2003-yili o’sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Zokir Alamatovning qabuliga kirishni talab qilib chiqqan edim, o’shanda bizni general Ahmad Usmonov qabul qilgan, Almatovning o’rinbosari edi. Shunda GUVD boshlig’i Shodmonov ham bor edi. Usmonovning bu kishini o’g’li qayerda, xat, yashik, kiyimlari, narsalari kelganmi degan savoliga, u yo’q, toshturmada deb aytgan. Men Abdukarim Shodiyevning gapiga ishonaman, chunki buni mening yolg’iz o’zimga emas, ko’pchilikka aytgan, Usmonov, Sharafiddinov va boshqalar ham bor edi. Shuning uchun ham hozirgacha o’g’lim o’lganiga ishonlamayman, bu haqdagi aktni, kiyimlarini olmaganman. Shundan keyin 2003-yilda o’g’lingiz 2001-yilda o’lgan degan xat oldim, vaholanki o’g’lim bilan 2001-yilning avgust oyida ko’rishgan edim, o’shanda o’g’im meni otishar ekan deb aytgan edi. Keyin men Toshturmaning boshlig’iga kirdim, unga o’g’lim otilar ekan desam, u yo’q bu hali-beri bo’lmaydi, uni davolaymiz kasal bo’lsa, yozilgan shikoyatlar hammasi qarab chiqiladi, xohlasangiz har oyda uchrashuv olishingiz, hatto uylantirib qo’yishingiz ham mumkin degan edi. Shundan so`ng men afv komissiyasiga ko’plab murojaatlar yozdim, o’zi, advokati yozdi. 2003-yili esa menga o’g’lingiz 2001-yil sentabr oyida o’lgan degan xat kelyapti Buxorodan”, - deydi Bashorat Yeshova.
O’g’lining taqdiriga oydinlik kiritilishini talab qilayotgan Bashorat Yeshova ikki yil avval O’zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan, ammo bu shikoyatiga ham aniq bir javob olmagan. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali rahbariyatga bevosita murojaat bilan chiqqan onaning asosiy talabi o’g’li taqdiri haqida aniq ma’lumotga ega bo’lish.
“Mirziyoyevga iltijo qilaman, u odam yangi prezident, eski sistemada yurmaydi deb umid qilaman. Men hozirgacha berilgan javoblardan qoniqmadim, chunki advokatlar ham bu javoblar qoniqarli emasligini aytmoqda. Men o’g’limni topib berishlarini so’rayapman, o’lganiga ishonmayman, ko’nglim sezadi buni, onaman, lekin qayerda ekanligini bilmayman. Karimov hozir yo’q, Mirziyoyevning o’zi aytdi o’sha davrda biz qo’rquv ostida yashadik deb. Shuning uchun Almatov ham, Inotayov ham Karimovdan qo’rqib hech narsa deyishmagan. Endi Karimov yo’q", - deydi u.
Bashorat Yeshovaning o’g’li Ulug’bek Yeshov dastlab o’g’irlikda ayblanib 10 yilga qamalgan, ammo unga belgilangan o’lim jazosi doxil mahkama 1999-yilda Buxorodagi qamoqxonada o’nlab odam qurbon bo’lgan isyon voqeasi bilan bog’liq.
Jazo o’tayotgan mahkumlar, qamoqxona ma’muriyati vakillaridan iborat guruh ustidan o’tkazilgan bu mahkama o’z vaqtida jamoatchilik orasida keng munozaraga sabab bo'lgan edi.
Facebook Forum