Breaking News

O'zbekiston nihoyat qiynoqdan xoli davlatga aylanadimi?


Qiynoqlar O’zbekistonni dunyoning eng repressiv rejimlaridan biri sifatida tanitgan. Hukumat sobiq tuzumdan qolgan bu tamg’adan xalos bo’lish harakatida. Qiynoq uchun jazo kuchaytirilgan qonun 5-apreldan kuchga kirdi.

O'zbekistonda qiynoq qo'llaganlik uchun jazo kuchaytirildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:32 0:00

Qiynoq qo'llash uchun 7 yillik qamoq muddati 10 yilga o’zgartirilgan bu qonun hozircha dahshatli qiynoqlar qo’llanilgani aytilgan ko’plab mahkamalarni, jumladan hokimiyatni egallashga urinishda ayblanayotgan jurnalistlar ishini ham chetlab o’tdi. Qonun ustuvorligi masalasi ular ustidan boshlangan navbatdagi mahkamada ham ko’tarilishi kutilmoqda.

5-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-tergov davomida fuqarolarning huquqlari kafolatlanishini kuchaytirishga qaratilgan qonunga imzo chekdi. Unda javobgarlik va jazo kuchaytirilgan. Javobgarlar doirasi jiddiy kengaytirilgan, aniqlashtirilgan.

Qiynoqqa bevosita va bilvosita ko’rsatma bergan, indamay rozilik bergan, kuzatgan, davlat organlarini xabardor qilmagan huquq-tartibot idoralari vakillari, boshqa davlat idoralari vakillari ham jazoga tortiladi. Qonunga kiritilgan o’zgartirishlar qiynoqlarni bilvosita, uchinchi tomon ishtirokida amalga oshirish holatlarini ham nazarda tutadi.

Dalillarni soxtalashtirish maqsadida sodir etilgan qiynoqlar uchun 5 yildan 7 yilgacha, ushbu holatlar badanga og’ir shikast yetkazish yoki boshqa og’ir oqibatlar bilan kuzatilgan taqdirda 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilandi. Har iki holatda ham aybdor muayyan huquqdan, ya’ni huquq-tartibot tizimida ishlash huquqidan mahrum etiladi.

O’zbekistonda qiynoqlar bilan bog’liq vaziyat, qiynoqqa solish uchun javobgarlikni oshirish masalasi so’nggi bir yilda bir necha bor muhokama chiqdi.

Adolatsiz sudlov tizimi mavjudligini tan olgan Prezident Mirziyoyev hibsxonalarda, tergov bo’limlarida kuzatuv kameralarini o’rnatishga ko’rsatma bergan edi.

Huquq himoyachilari bu qarorlarni, imzolanayotgan qonunlarni olqishlaydi. Qiynoqlar O’zbekistonni eng repressiv rejimlardan biri sifatida dunyoga tanitgan tamg’a edi.

Ammo bu qonunlarning ta'siri hali amalda sezilgani yo'q. O'tgan bir yil davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan keskin qiynoqlar qo’llangani iddao qilingan ko’plab hibslar, mahkamalar o’tdi. Ularning birortasida qiynoq alomatlariga doir holat aniqlanmagan, qiynoqlar haqida ochiq bayonot berilgan jurnalistlar ustidan o’tayotgan Toshkentdagi mahkama ham bundan mustasno emas.

Masalan, sudda jurnalist Bobomurod Abdullayev hibsxonada unga nisbatan dahshatli qiynoqlar qo’llangani haqida ko’rsatma berdi. Sudning tibbiy ekspertiza o’tkazish haqidagi qarori olqishlar bilan kutib olindi, ammo ekspertiza xulosasida qiynoq alomatlari topilmadi.

Abdullayevning turmush o’rtog’i Katya Balxiboyeva ochiq mahkama ishtirokchilariga namoyish qilingan qiynoq alomatlari tibbiy ekspertiza tomonidan inobatga olinmaganini shubhali baholaydi.

“Bobomurodga nisbatan qiynoqlar ko’rsatilganiga zalda o’tirganlarning hammasi, diplomatlar, jurnalistlar, huquq himoyachilari guvoh bo’lishgan edi. Ko’rsating degan joyini yechinib ko’rsatgan edi. Bobomurod qiynoqlar haqida aytgan gaplariga hatto sud zalida o’tirgan odamlar ham chiday olmay ketgan edi”, - deydi Balxiboyeva.

Bu voqeadan so'ng ayblanuvchi jurnalistlardan yana biri Hayotxon Nasriddinov qiynoqlar haqida bergan avvalgi arizasini rad etdi. Bu ishni kuzatib kelayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromov buning sababini qiynoqlar davom etayotganida ko’radi.

“Nasriddinovning advokati qiynoqlar haqida aytgan edi, lekin sudda Nasriddinovning o’zi buni rad qilishni boshladi. Advokatining aytishicha, Nasriddinov qo’rqqan, u yoqqa [hibsxonaga] borganidan so'ng qiynoqlar yana davom etishidan qo’rqishini aytgan. U shuning uchun ham mahkamada biri-biriga zid ko’rsatmalar bera boshladi, bu tergovda Nasriddinov bilan juda qattiq ishlashganidan dalolat beradi. Nafaqat Nasriddinov, Abdullayevdan tashqari boshqa hamma sudlanuvchilar qattiq qo’rqitilgan, bosimga uchragan, ularga nima deyish, nima demaslik o’rgatilgan”, - deydi Ikromov.

Ikromov asosan dindorlar huquqi bilan shug’ullanadi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan qiynoqqa uchrayotganlar ham ko’proq shu diniy motivlar bilan hibsga tortilgan namozxonlar hisobiga to’g’ri keladi.

Surat Ikromovga ko’ra, Toshkentda konstitutsiyaviy tuzumga nisbatan tajovuzda ayblanayotgan bir guruh dindorlar ustidan navbatdagi mahkama boshlangan.

Ayblanuvchilarning hibsga olinishidan tortib, tergov-surishtiruv jarayonigacha qiynoqlar bilan kuzatilgani iddao qilinayotgan bu ishning mahkama tomonidan qanday ko’rib chiqilishihozircha mavhum. Navbatdagi majlisi 16-aprelga belgilangan dindorlar ishi ham jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudida ko’rib chiqilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG