Yevropa Ittifoqi shu yil iyun oyida Albaniyaning ittifoqqa a’zoligi istiqbollari haqida ma’lum qiladi. Iyunda mamlakatda, shuningdek, mahalliy saylovlar bo’lib o’tadi. Asosiy muxolif partiya jarayonda qatnashmasligi mumkin. Bu ikki muhim voqea oldidan mamlakatda siyosiy beqarorlik kuchaymoqda.
Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun muzokaralar hali boshlangani yo’q. Iyun oyigacha tashkilot bir qarorga kelishi kutilmoqda.
Fevral oyidan beri poytaxt Tirana ko’chalarida namoyishlar tinmayapti. Yil boshida muxolif Demokratik partiya parlamentdagi o’rinlarini bo’shatgan. Partiya iyunda bo’ladigan mahalliy saylovlarda ham qatnashmoqchi emas. Uning yetakchilari bosh vazir iste’fosini talab qilib, muvaqqat hukumat tuzishga chaqirmoqda.
“Bosh vazir Rama ketsin. Muvaqqat hukumatga jinoyatga qo’l urmagan sotsialistlar kelib, 2017-yil saylovlarida qalloblik yordamida g’alaba qozongan siyosatchilarning tanobini tortib qo’yish uchun prokurorlarga erkinlik berishsin, saylov va adliya islohotlarini amalga oshirish uchun muxolifat bilan hamkorlik qilishsin”, - deydi Albaniya Demokratik partiyasi rahbari Lulzim Basha.
Bosh vazir Edi Ramaning aytishicha, uning hukumati adliya tizimi islohoti, jinoyatchilik, korrupsiya va qoradori savdosiga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishdi.
Agar muxolifat saylovda qatnashishni istamasa, bu ularning ishi, deydi u.
“Biz erkin mamlakatda yashaymiz. Albatta, bu hali demokratiya emas, ammo poydevorimiz mustahkam. Saylovlar barcha uchun degan tamoyil bilan yashaymiz”, - deydi bosh vazir.
Mamlakatdagi siyosiy beqarorlik uning Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatlariga zarar yetkazishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi so’zlovchisi Maya Kosiyanchichning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, siyosiy tanazzulga qaramay, Albaniya katta muvaffaqiyatlarga erishdi, ammo muxolifatning parlamentdan ketishi nafaqat demokratik jarayonlarga, balki uning Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo’lidagi yutuqlariga ziyon qilishi mumkin.
Rasmiyga ko’ra, agar eng yirik muxolif partiya iyun saylovida qatnashmasa, xalq saylov natijasini jiddiy qabul qilmasligi mumkin.
Lulzim Bashaning aytishicha, partiya bu borada hali uzil-kesil qarorga kelgani yo’q.
Facebook Forum