Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) internet to’sig’ini to’xtatishni so’rab, O’zbekiston hukumatiga murojaat bilan chiqqan. Murojaat muallifi, YXHTning matbuot erkinligi bo’yicha vakili Arlem Dezir O’zbekistonda mustaqil internet nashrlari to’siq ortida qolayotganini ta’kidlar ekan, hukumatni so’z erkinligi bo’yicha islohotlar o’tkazishga chaqiradi.
Hukumat bu murojaatga zudlik bilan javob qaytarib, internetda ayrim nashrlarga kirish qiyinlashgani sabablarini o’rganishga va’da bergan. Matbuot erkinligiga doir navbatdagi hisobotini e’lon qilgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining qayd etishicha, o’zbek matbuoti hamon hukumat nazoratida qolmoqda.
YXHTning rasmiy veb-sahifasida joylashtirilgan xabarda Arlem Dezir O’zbekiston hukumatiga internetga qo’yilgan to’siqlarni olib tashlash, mustaqil axborot vositalariga kirishni osonlashtirish yuzasidan murojaat qilgani bildiriladi.
YXHT vakili bu murojaatda O’zbekistonda bir qator mustaqil internet nashrlari to’siq ostida qolayotganini, biroq buning sabablari hozirgacha izohlanmaganini qayd etar ekan, 2018-yilda hukumat internetda “ekstremistik, nafrat, adovat qo'zg'atuvchi materiallar tarqatilishini taqiqlashga” doir qaror qabul qilganiga, ammo mustaqil axborot nashrlari nima sababdan hamon to’siq ostida qolayotgani izohlanmaganiga diqqatni qaratadi.
YXHTga ko’ra, internetni bloklashga doir istisno sifatida qabul qilinayotgan har qanday qaror xalqaro me’yorlarga muvofiqlashgan bo'lishi, bloklangan nashrlar ro’yxati rasman e’lon qilinishi kerak.
YXHTning murojaati matbuotda ochiqlanishi ortidan hukumat zudlik bilan javob qaytargan. Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov kirish qiyinlashgan mustaqil axborot nashrlariga doir vaziyat o’rganiladi, deya bayonot qilgan.
“Agentlik YXHTning so’z erkinligi bo’yicha vakili Arlem Dezir bayonoti bilan tanishib chiqdi va veb resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o’rganib chiqadi”, deyiladi Allamjanovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirilgan xabarda.
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti 2019-yilda dunyodagi matbuot erkinligiga doir yillik hisobotini taqdim etdi.
O’zbekistonda Islom Karimov vafoti ortidan boshlangan iliqlik shabadasi davom etayotgani qayt etilgan bu hisobotda mamlakat so’z erkinligi bo’yicha reytingda 5 o’ringa yuqorilagani (dunyo davlatlari orasida 160-o’rin) va so’z erkinligi o’ta xavfli sanalgan hududni tark etgani urg’ulanadi.
"Chegara bilmas muxbirlar"ga ko’ra, O’zbekistonda jurnalistlar turli ijtimoiy muammolar haqida yoza boshlaganiga qaramasdan, mamlakatda uzoq yillar hukmronlik qilgan tashqi va ichki senzuradan xalos bo’lish uchun hali ko’p ishlar qilinishi kerak.
Ta’kidlash joiz, O’zbekiston matbuotiga doir tilga olinayotgan umidli uyg’onishlar mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan yuz berdi. Karimov o’rniga hokimiyatga kelgan Mirziyoyev barcha sohalarda, shu jumladan, so’z erkinligi yuzasidan ham islohotlar o’tkazilishini e’lon qildi.
Islohotlar e’lon qilinganiga ham ikki yildan oshiq vaqt o’tmoqda, ammo bu vaqt davomida Karimov davrida amalda bo’lgan mustaqil internet nashrlarini bloklash tajribasidan voz kechilmadi.
Mamlakatda hamon o’nlab mustaqil axborot vositalari to’siq ortida qolmoqda, shu jumladan, O'zbekistondagi voqealarni yoritib kelayotgan “Amerikaovozi.com” ham.
Muxlislarimizga muqobil yo'llar orqali kirishni maslahat beramiz. "Psiphon 3" bu "Psiphon Inc." kompaniyasi tomonidan yaratilgan VPN va HTTP proksi serverlar yordamida Internetga aylanma yo'l bilan kirish imkonini beradigan vositadir. Psiphon 3 foydalanuvchisi (yuzeri) avtomatik tarzda Internetga kirishning yangi aylanma yo'llarini topib, qo'yilgan to'siqlarni chetlab o'tish imkoniga ega bo'ladi.
Ilovani yuklab olish uchun (hech qanday mavzusiz) uzbekinfo@psiphon3.com elektron pochtasiga maktub yo'llang. Sizga maxsus link yuboriladi.
Facebook Forum