O’zbekiston hukumati blokdagi mustaqil axborot nashrlaridan to’siqlarni olish emas, noqonuniy, aylanma yo’llar orqali internet manbalariga ulangan shaxslarni jazolash taklifini olg'a surmoqda. Aylanma, noqonuniy yo’llar orqali internetga ulanish uchun jarima yoki uch yilgacha qamoq jazosi taklif qilingan qonun loyihasi mamlakat Islom Karimov davriga qaytayotgani haqidagi muhokamalarga sabab bo’lmoqda.
O’zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bu tanqidlar ortidan qonun loyihasi VPN, Proxy serverlaridan foydalanuvchilarni nazarda tutmayotgani haqida izoh bilan chiqdi. Ammo bu izoh ham blokdagi internet manbalariga kirish uchun javobgarlik xavotirini yo’qotmagan.
O’zbekiston aholisining axborot olish erkinligiga doir huquqi, ayniqsa internetdan foydalanish nazarda tutilsa, Karimov davridagi vaziyatdan o’zgarmagan.
Hukumatni tanqid ostida ko’ruvchi axborot vositalari, muxolifatga tegishli sahifalar O’zbekistonda hamon yopiq. Axborot qidirayotgan o’quvchi (VPN yoki Proxy saytlar) turli aylanma xizmatlardan foydalanishga majbur.
Shu bois Axborot vazirligining internetdan foydalanishga doir qonunchilikka o’zgarishlar kiritish haqidagi taklifi munozara va xavotir bilan qarshilandi.
Qonun loyihasi noqonuniy, aylanma yo’llar orqali internet manbalariga ulangan shaxslarni eng kam ish haqqining 100 barobaridan 300 barobarigacha yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etishni taklif etadi.
Matni turlicha talqin etilishi mumkin bo’lgan bu qonun loyihasi darhol O’zbekistonda bloklangan, aylanma yo’llar orqali o’qib kelinayotgan mustaqil axborot sahifalariga kirganlik uchun javobgarlik joriy qilinayotgani haqidagi qarashlarni yuzaga chiqardi.
Ayrim axborot vositalari shu talqinda - aylanma yo’llar orqali taqiqlangan internet sahifalariga kirish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etilayotgani haqida xabar tarqatishdi.
Bu talqin ortidan Axborot vazirligi qonunga kiritilayotgan o’zgarishlar proksi serverlardan foydalanuvchilarni emas, internet xizmatiga o’g’rincha, qonunchilikni buzish yo’li bilan ulanganlarni nazarda tutayotgani haqidagi rasmiy izohini ochiqladi.
Ammo bu izoh ham jamoatchilikni qoniqtirgani yo’q. Toshkentdan tahlilchi Anvar Nazir:
“Aloqa vazirligi raddiya berdi, VPN, Proxy xizmatlaridan foydalangan vatandoshlarimizni jazolamaymiz qabilida, ammo tegishli qonun loyihasini yaxshilab o’qisangiz, u yerda aniq aytilgan, internetdagi taqiqlangan manbalarga amaldagi qonunchilikni chetlab, boshqa yo’llar bilan aylanib kiradigan bo’lsangiz, sizga shunaqa javobgarlik bo’yingizga qo’yiladi deyilgan, ya’ni jarima to’laysiz yoki ozodlikdan mahrum qilinasiz. Qonun loyihasini o’qigan odam, Axborot vazirligining izohidan qat’i nazar, norasmiy taqiq ostidagi saytlarga VPN yoki boshqa serverlardan foydalanib kirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud degan xulosaga keladi. Bu narsaga hatto Karimov davrida ham jur’at qilinmagan edi, u paytda ham mustaqil saytlar bloklangan edi, ammo bunday saytlarga kirganlik uchun fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortishgacha borishmagan edi”.
Aloqa vazirligi qonun loyihasi yuzasidan bayonotida hozirgacha blokda qolayotgan internet nashrlarini to’sish qanchalik qonuniyligi, internetni bloklash tajribasidan qachon voz kechiliishi haqidagi savollarni tashlagan.
Ayni paytda O’zbekistondagi voqelikni mustaqil yoritayotgan aksar axborot nashrlari to’silganicha qolmoqda. Bu nashrlarning internetdagi sahifalariga mamlakatdan bevosita kirish mumkin emas. O’quvchilar, axborot izlayotganlar bilvosita imkoniyat taqdim etuvchi turli xizmatlarga murojaat qilishga majbur.
Anvar Nazirga ko’ra, hukumat nima sababdan internetni bloklash tajribasidan voz kechmayotgani mavhum. Uning fikricha, cheklovga doir qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani o’zgarishlar va’da qilgan hokimiyat nufuzi uchun xizmat qilmaydi.
“Bu yerda bir mantiq yo’q, masalan, Odnoklassniki tarmog’i ochiq, unda “Hizbut-Tahrir” targ’ibotiga doir ko’plab sahifalarni uchratish mumkin. Men davlat mulozimlariga shu masalada murojaat qildim, ammo jo’yali bir javob eshitmadim. Xullas tushunarsiz, boshqa tomondan bloklangan saytlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish imkoniyati mavjud. Bu qonun loyihasi sovet davridagi tajribani ham eslatadi, o’sha paytlarda “Amerika Ovozi”, “Ozodlik”, “BBC” kabi radiolarning eshittirishlarini bo’g’ish uchun turli choralar ko’rilgan, eshitgan odamlar ushlanganda esa javobgarlikka tortilgan. Bu loyiha ham shu davrlarni eslatmoqda. O’zbekiston raqamli texnologiyaga o’tishi, dunyodagi yirik kompaniyalar bu yerda vakolatxona ochishi haqidagi gaplar aytilgan bir paytda, bunday loyihalar xavotirli”, - deydi Anvar Nazir.
O’zbekistondagi vaziyatni mustaqil yorituvchi xalqaro axborot nashrlarini, o’zbek muxolifatiga doir sahifalarni to’sib qo’yish tajribasi hali marhum Karimov rahbarligi davrida amaliyotga kiritilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlar boshladi, jumladan, so’z erkinligi borasida o’zgarishlar kuzatildi, matbuotda tanqidiy chiqishlar paydo bo’ldi. Ammo uning hukumati ham Karimov davridan beri qo’llab kelinayotgan mustaqil axborot vositalarini bloklash tajribasidan voz kechishga hozirgacha jur’at topmadi.
Facebook Forum