Breaking News

"Texnik" muammoga uchragan saytlar prezidentdan najot kutmoqda


Muammolarga uchray boshlagan o’zbek matbuoti tanqiddan xoli kelayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevdan najot kutmoqda. Bir haftadirki, mamlakatdagi ilg’or axborot agentliklarining internet sahifalariga kirish qiyinlashgan. Ulardan biri, tezkor chiqishlari bilan tanilgan Kun.uz sahifasiga kirish to’silgan.

O'zbekistonda to'silgan saytlar kimga dardini aytsin?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00

Nashrlardan yana biri Sof.uz o’z bayonotida O’zbekistonda aynan tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan axborot vositalari “texnik” muammolarga uchrayotganiga diqqat qaratdi. So’nggi yilda ildamlashgan o’zbek matbuotining “texnik” bosimga uchray boshlashi ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg’otgan, prezidentga murojaat qilinmoqda.

O’tgan haftadan boshlab ochilishi qiyinlashgan Kun.uz, Sof.uz. Azon.uz, Qalampir.uz, Xabar.uz kabi ilg’or nashrlar saytlari ayni paytda bir qadar muammodan xoli. Faqat Kun.uz butunlay to’silganicha qolmoqda.

Tahririyatdagi manbaga ko’ra, “texnik nosozlikni bartaraf etish uchun” muzokaralar davom etmoqda, ammo bu muzokaralarda nimalar muhokama qilinayotganiyuzasidan ochiqlik yo’q.

O’zbektelekom, Axborot texnologiyalari vazirligi ham o’zlarini aybdan soqit qilishgan, ular kimga murojaat qilishni bilishmaydi.

Hozirda faoliyati bir qadar tiklangan Sof.uz nashrining yuzaga kelgan “texnik” nosozliklar yuzasidan tarqatgan bayonoti muammo mohiyatini bir qadar ochiqlaydi.

“Texnik nosozlik deya e’tirof etilayotgan, aslida erkin jurnalistikani qo’llab-quvvatlab, tanqidiy maqolalar e’lon qilishga jur’at topgan tahririyat saytlariga kirish yo’llari to’sib qo’yildi”, - deyiladi tahririyat tarqatgan bayonotda.

Uyg’onayotgan o’zbek jurnalistikasi faqat tanlangan asosda muammoga uchrayotgani jamoatchilik nazaridan chetda emas. “Texnik” nosozlikka uchragan nashrlar ro’yxati tanqidiy, tezkor chiqishlari bilan tanilgan va asosan so’nggi yillarda shakllangan ilg’or tahririyatlardanginaiborat.

Uzoq yillar O’zbekiston matbuoti shakli va maqomini belgilab kelgan aksariyat OAV biror to’siqlarga, e’tirozlarga uchrayotgani yo’q.

O’zbek matbuotining nisbatan yangi avlodiga ko’rsatilgan bu bosim mamlakatdagi vaziyatni shu nashrlar orqali kuzatib kelayotgan jamoatchilik tomonidan norozilik bilan kutib olinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda o’nlab faollar imzo chekkan, Prezident Mirziyoyevga atalgan murojaat paydo bo’ldi.

Murojaat muallifi jurnalist, “O’t yuraklar klubi” rahbari Ulug’bek Bakirov muammoni jamoatchilikning faol munosabati, prezident ko’rsatmasi bartaraf etishi mumkin degan fikrda.

“Ularning dardi ichida, hozircha faqat shu rasmiy bildirilgan bayonot chegarasidan chiqishmayapti. Ularga hozir yordam kerak, xorijdagi, mamlakatdagi oydinlarimiz, faollarimizdan yordam kerak, qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Albatta, xorijdagilarga xavf yo’q, lekin O’zbekistondagi do’stlarimiz, hamkasblarimizni hozir himoya qila olmasak, bir-ikki yil ichida endigina matbuot oyoqqa turayotganda hamma jim tursa, yana eski tuzumga, Karimov davriga qaytish xavfi yuqori. Murojaatda biz shuni yozdik, hozir bunga mamlakatdagi, xorijdagi ko’plab jamoatchilikka taniqli vakillar qo’shilishmoqda”, - deydi Bakirov.

Endigina matbuot oyoqqa turayotganda hamma jim tursa, yana eski tuzumga, Karimov davriga qaytish xavfi yuqori.

Kun.uz nashri muammoni bartaraf etish uchun prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov bilan muloqot o’tkazgani, uning yordamiga umid qilayotgani haqida yozgan edi. Hozirgacha nashr sahifasi yopiq qolayotgani umidlar oqlanmaganini ko’rsatadi.

Ulug’bek Bakirov ham boshqa faollar qatorida Komil Allamjonovga nashrlarga yordam ko’rsatish iltimosi bilan chiqqan:

“Hozir texnik nosozlik uchun javobgar tomonlar O’zbektelekom, Axborot texnologiyalari vazirligi ham o’zlarini aybdan soqit qilishgan, ular kimga murojaat qilishni bilishmaydi. Prezidentni matbuot kotibiga qilingan murojaatlar ham natijasiz qolyapti. Men ham Komil Allamjonovga shu muammo yuzasidan shanba kuni murojaat qilgan edim, prezidentga murojaatni ham unga ilova qildim, qarab kuzatib turibdi, ammo sukutda. Mana Xabar.uz o’z manzilini o’zgartirishga majbur bo’ldi, hozir Xabaruz.com sifatida nisbatan ishlab turibdi”.

Mamlakatda islohotlar o’tkazilayotgani, o’zgarishlar qilinayotganini jamoatchilikka yetkazishda mana shu nashrlar ham muhim o’rin tutayotgan edi.

Jamoatchilikda Shavkat Mirziyoyevning adolatsizlikka qarshi keskin kurashuvchi, muammolarga nisbatan murosasiz, xalqparvar, islohotchi lider qiyofasida namoyon bo’lishi jamiyatning dolzarb muammolarini ilg’ab kelayotgan shu nashrlar ishtirokisiz amalga oshmadi.

O’zbekiston matbuotida Mirziyoyevning tanqiddan xoli ekanligi temir qoida. Bu qoidani ayni paytda nisbatan erkinligi uchun bosimga uchrayotgan nashrlar ham buzishga jur’at etmagan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG