Prezident Donald Tramp AQShga viza bilan kelib, noqonuniy qolib ketayotganlarga qarshi kurashni kuchaytirish niyatida. Yangi rejaga ko'ra, viza qoidasini ko'p buzadigan davlatlar jazolanadi. Bunday mamlakatlar ro'yxatidan, asosan, Afrika davlatlari o'rin olgan.
2018-yil AQSh dunyoning turli burchaklaridan sayyoh, talaba, vaqtinchalik ishchi kabi to'qqiz milliondan ortiq odamga noimmigratsion viza bergan. Ularning ikki foizi Amerikada muddatidan ortiq qolib ketgan.
Oq uy Ichki xavfsizlik vazirligi va Davlat departamentiga uch oy ichida viza qoidasini buzadiganlar sonini kamaytirishni buyurdi.
Fuqarolari AQShda eng ko'p qolib ketadigan davlatlarni viza berishni qiyinlashtirish orqali jazolash ham ko'zda tutilgan. Bu choralar noqonuniy immigratsiyani kamaytirish bo'yicha Tramp siyosatining bir qismi ekani aytilmoqda.
"Kongress ham dahshatli, eskirgan, zaif va achinarli immigratsiya qonunlarimizni tuzatishi kerak", - deydi Tramp.
Rejaga ko'ra, viza olish shartlarini qiyinlashtirish barobarida AQShga keluvchilardan ortga qaytganda qaytarib beriladigan kafolat mablag'i ham olinishi mumkin.
Hukumat ma'lumotiga ko'ra, so'nggi yillarda viza orqali kelib noqonuniy qolib ketayotganlar chegarani buzib kirganlar sonidan oshgan. Bugun AQShda noqonuniy muhojirlar soni 11 million atrofida ekani aytiladi.
Ammo ba'zi tahlilchilar davlatlarni eng ko'p qolib ketuvchilar soni emas, balki foizi bo'yicha jazolash o'zini oqlamasligini aytadi.
"Chad davlati fuqarolarining AQShda qolib ketish darajasi 20 foiz, lekin 2017-yil ular bor-yo'g'i 140 kishi bo'lgan. Bu yoqda esa Britaniyadek bir davlat bor. 2017-yil bu mamlakatdan 23 ming odam qolib ketgan. Britaniyaliklarning qolib ketish darajasi ancha past, lekin 23 ming odam 140 kishidan juda ko'p", - deydi Buffalo universiteti professori Rik Su.
Jibuti, Solomon orollari, Eritreya, Chad, Liberiya va Somali fuqarolarining qolib ketish darajasi yuqori bo'lgan davlatlardan. Ularning hukumatlari AQShga boruvchi fuqarolarini tartibga chaqirish uchun nimalar qilishi mumkinligi mavhum.
Faollarning aytishicha, fuqarolari kam sonli odam keladigan, lekin qolib kotish darajasi yuqori bo'lgan Afrika davlatlari adolatsiz siyosatga ro'baro' kelmoqda.
"Agar hukumat sayyohlik, biznes vizalari sonini qisqartiradigan bo'lsa, buning diskriminatsiyaga asoslangan siyosat ekanini da'vo qilishingiz mumkin", - deydi Afrika xizmatlari qo'mitasi vakili Sama Makgona.
Oq uy nega bunday choralarga qo'l urayotgani ortida boshqa sabablar bo'lishi mumkin, deydi ba'zi tahlilchilar.
"Bular kichik davlatlar. Ma'muriyat ko'plab aloqalarga ega Kanada, Meksika yoki Britaniya kabi katta davlatlar bilan tortishishni istamasdan, shunday kichik mamlakatlarni jazolash osonroq deb o'ylagandir", - dedi tadqiqotchi Su.
Eng ko'p qolib ketuvchilar soni bo'yicha ro'yxat boshida Kanada, Meksika, Britaniya, Braziliya va Venesuela turibdi.
Prezident Trampga ko'ra, "Amerika soliq to'lovchilarini himoya qilish uchun" viza qoidalari buzilishiga qarshi kurash ma'muriyat uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Facebook Forum