Breaking News

Oliy sud Trampning viza cheklovlarini joriy etish qarorini qo'llab-quvvatladi


AQSh Oliy sudi Prezident Donald Trampning yetti mamlakat fuqarolarining Amerikaga kirishini taqiqlovchi farmonini qo'llab-quvvatladi. Bular Eron, Suriya, Yaman, Somali, Liviya, Venesuela va Shimoliy Koreya. Qora ro'yxatda Chad ham bor edi, ammo keyinchalik olib tashlangan.

Oliy sudning to'qqiz a'zosidan besh nafariga ko'ra, davlat rahbari milliy xavfsizlik bilan bog'liq sabablar asosida, AQShning immigratsion qonunlariga tayangan holda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga nisbatan viza cheklovlari qo'yishda konstitutsion vakolatga ega. Sudning qolgan to'rt a'zosi - liberal sudyalar qarorga qarshi chiqdi.

Oliy sud raisi Jon Roberts qarorni asoslar ekan, uning aytishicha, 1965-yilda qabul qilingan "Immigratsiya haqidagi qonun" AQSh manfaatlariga zarar keltiruvchi xorijliklarning mamlakatga kiritilmasligiga vakolat beradi va Prezident Tramp shu vakolatdan foydalangan.

Tramp prezidentlikka kelganidan beri viza cheklovlariga doir uchta farmon chiqargan. Uning birinchi farmoni 2017-yil yanvarida e'lon qilingan edi. Unga muvofiq, asosan musulmonlar yashovchi yetti mamlakat fuqarolarining AQShga kirishiga 90 kunlik taqiq joriy etilgan, qochqinlarni qabul qilish 120 kunga to'xtatilgan edi.

Federal sudyalar prezidentning birinchi farmoni ijrosini to'xtatganidan so'ng Tramp 2017-yil 6-martida ikkinchi farmonni e'lon qildi. Ro'yxatdan Iroq olib tashlanganiga qaramay, quyi sudlar bu farmonga ham to'sqinlik qildi.

Musulmon tashkilotlar va fuqarolik guruhlari farmon ortida diniy sabablar borligini aytib, Oq uyni musulmonlarni kamsitayotganlikda aybladi.

Oq uy yuristlari quyi sudlar harakatidan Oliy sudga shikoyat qilganidan so'ng masala o'tgan yil oktabrida ko'rilishi kerak edi, biroq Tramp sentabrda viza cheklovlariga doir yana bir farmon imzolab, qora ro'yxatdan Sudanni chiqardi, Chad, Shimoliy Koreya va Venesuelani esa qo'shib qo'ydi. Kuzatuvchilarga ko'ra, farmon ortida diniy sabab borligi haqidagi da'volarni yo'qqa chiqarish uchun shunday qilingan.

Gavayi shtati, Gavayi musulmonlari uyushmasi hamda shtatning uch fuqarosi Tramp farmoni AQSh Konstitutsiyasi va 1965-yilgi qonunga zid ekanini da'vo qilib, quyi sudga shikoyat qilgan edi. Bosh qomusning birinchi tuzatishiga ko'ra, hech bir din davlat dini bo'la olmaydi va hukumatning bir dinni boshqasidan ustun qo'yishga haqqi yo'q.

Oq uy yana bir bor Oliy sudga apellyatsiya qildi. Oliy sudning seshanba kungi qarorida aytilishicha, da'vogarlar farmon Konstitutsiyaga zid ekanini yetarlicha asoslab bera olmagan.

Oliy sud immigratsiya va milliy xavfsizlik masalalariga doir da'volarni tarixan hukumat foydasiga hal qilib kelgan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, bu endi boshlanishi - Oliy sud qaroridan ilhomlangan Tramp bundan keyin qo'shimcha mamlakatlarga cheklovlar joriy etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG