Prezident Donald Tramp mamlakatning immigrantlarga boshpana berish siyosatiga o’zgartirishlar kiritishga urinmoqda. Jumladan, boshpana so’rab murojaat qilish uchun to’lov joriy qilinishi mumkin. Bunday tartib AQSh-Meksika chegarasiga yo’l olgan migrantlar oqimini qisqartirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
AQSh rahbari ana shunday mazmundagi ko’rsatmani Adliya va Ichki xavfsizlik vazirlariga yuborgan.
Tramp boshpana murojaatlari ko’rib chiqilgunga qadar migrantlardan AQShda ishlash huquqini olish uchun pul undirilishi kerak deb hisoblaydi. Sud boshpana berishni lozim topmasa, ishlash huquqi ham bekor bo’lishi lozim, deydi prezident. AQSh rahbari, shuningdek, mamlakatga noqonuniy yo’llar bilan kirgan yoki kirishga uringanlarga sud qarorisiz ishlash huquqi berilmasligiga erishmoqchi.
Tramp ko’rsatmasida boshpana murojaatlarining 180 kun ichida ko’rib chiqilishi, “tazyiq va tahdidlarga oid murojaatlar bo’yicha qarorlarning haqqoniyligini oshirish, immigratsiya qonunlarining amal qilishini kuchaytirish, mamlakatni tark etishga hukm qilinganlarning tegishli qonunga rioya qilishini ta’minlash” maqsadida Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiylarining xodimlarni qayta tayinlashi nazarda tutilgan.
Tramp mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida AQSh-Meksika chegarasida devor o’rnatish uchun zarur mablag’ ajratilishini talab qilgan edi. Kongress samarasiz va mamlakatga qimmatga tushadi degan sabab bilan talabni inkor etgan va Tramp chegarada favqulodda vaziyat e’lon qilgan edi.
“Firibgarlik yo’li bilan asossiz ravishda boshpana olish imkoniyati” migrantlarni chegara tomon yetaklayotgan “eng yirik qonuniy nomutanosiblik” deydi Tramp.
AQSh chegarasiga Meksika orqali yetib kelgan migrantlar asosan Salvador, Gonduras va Gvatemaladan. Ularning boshpana so’rashiga sabab bo’lgan omillar turlicha. Jumladan, zo’ravonlik, ta’qib, iqtisodiy muammolar va tabiiy ofatlar migrantlarning vatanini tark etishga sabab bo’lgan omillar sifatida ko’rsatilmoqda. AQShga kelishdan maqsad esa oila a’zolarining birdamligi, xavfsizlik va boshpanaga erishish, zo’ravonlikdan qutulish va ko’proq pul orttirish ekani qayd etilgan.
Facebook Forum