Breaking News

Tojikiston-Rossiya: Uyushgan migratsiya qanday bo'ladi?


Moskva bozorlaridagi migrant ishchilar
Moskva bozorlaridagi migrant ishchilar

Tojikiston va Rossiya prezidentlari Moskvada muzokaralar yakunida ikki 17 ta shartnoma imzoladi. Rossiya hududida vaqtincha ish faoliyatini amalga oshirish uchun Tojikiston fuqarolarini uyushgan holda jalb etish to‘g‘risida ham kelishuvga erishilgan.

Tojikiston va Rossiya prezidentlari Moskvada 17 ta shartnoma imzoladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:45 0:00

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bitim Tojikiston fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratishdagi yana bir muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham bu hujjatning aynan tojikistonliklar uchun juda muhim ekanligini ta’kidlab, shunday dedi:

«Qayd etish lozimki, bizning mamlakatda Rossiyaga kelgan tojikistonliklar, ularning oila a’zolari, yaqinlarining yashash, mehnat qilish, o‘qishlari, o‘zlarini xavfsiz his qilishlari va farovon yashashlari uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Bu juda muhim, chunki Tojikistonning 1,2 million nafar fuqarosi Rossiyada yashaydi va ishlaydi, ularning vataniga pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodiyoti va oilalari uchun katta yordamdir», – dedi Vladimir Putin.

Ma’lumki, Tojikistondan Rossiyaga boradigan uyushgan ishchi kuchini tashkil etish haqidagi kelishuv loyihasi 2013 yilda tayyorlangan edi. Oradan besh yil o‘tib ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan bu kelishuv rasmiy Kreml va Dushanbe uchun qanchalar muhim? Bu kelishuv tojikistonlik mehnat muhojirlariga nima beradi? Ularning imkoniyatlarini cheklab qo‘ymaydimi?

Rossiya Federatsiyasidagi Tojikiston Migratsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i Zohir Mirzozoda kelishuvni amalga oshirish kelajakda nafaqat ish bilan ta’minlash jarayoni ustidan nazorat qilish, balki muhojirlarning turmush sharoitlari va mehnat faoliyatini yaxshilashga ham yordam berishini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, kelishuv mehnatga oid nizolar bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarni, xususan, ish beruvchilar tomonidan ishchilarga ish haqining kechikishi va to‘lanmasligini bartaraf etadi.

Rossiyalik ekspertlar esa, kelishuv loyihasini tayyorlashda Rossiya Federatsiyasida ishlashni istagan Tojikiston fuqarolarini kasbiy tayyorgarligi hamda rus tili, rus xalqi tarixini bilishi va qonunchilik asoslarini o‘rganishiga alohida urg‘u berishdi. Ya’ni ular mehnat muhojirlarini saralab olishni istaydi. Ammo bu tajriba Tojikiston va Rossiya orasida qanchalik ish beradi?

Bu xususda tojikistonlik mahalliy ekspert Ilhom Yusupov shunday deydi:

"Rossiya masalasida aytadigan bo‘lsak, u yoqqa odamlar necha yillardan beri borib o‘zini imkoniyatlarini yaratib bo‘lgan. Shuning uchun aynan Rossiya Federatsiyasiga guruh bo‘lib borish effekt bermaydi. Balki ba’zi bir sohalarga berar, aytaylik ishlab chiqarishga. Endi buni bir yaxshi tomoni borki, davlatning kafolati bo‘ladi.

Aslida, har kim o‘zining shaxsiy guruhlarini tuzib olgan. Aytaylik bir qishloqdan hamqishloqlarini quruvchilikka olib boryapti, yoki ishlab chiqarishga olib boryapti. Yoki har kim o‘zi individual ketyapti. Shuning uchun Rossiyaga bu ko‘pam ish bermaydi. Lekin albatta beradigan tomoni ham bor. Aytaylik, yangi o‘sib chiqayotgan, maktabni bitirgan yoshlar yoki qizlarni davlat tomonidan kafolat berilib olib borgan albatta yaxshi. Chunki u o‘z yotoqxonasi bilan ta’mirlanadi. Оylik masalalari kafolatlanadi. Bu tomonlari albatta yaxshi. Lekin bu tizim ishga tushsa, yaxshi bo‘ladi. Hamma kafolatlangan joyga ishga borishga harakat qiladi. Chunki bizning Tojikiston sharoitida aksariyat qishloqlarda yashaydiganlar boradi va ular rus tilini ham yaxshi bilmaydi. Davlat tomonidan guruh qilib olib borilganida ishni ko‘rsatadi, qilaveradi va hokazo buning yaxshi tomoni ham ko‘p".

Tojikistonlik siyosatshunos Nurali Davlatning fikricha, Tojikiston fuqarolarini Rossiyada ishlash uchun uyushgan holda jo‘natish to‘g‘risidagi kelishuv, albatta, yurtdoshlarning Rossiyaga borish ishlarini tartibga solishga qaratilgan muhim hujjatdir. "Biroq tomonlar Shartnomaning qoidalarini amalga oshirishga qanchalik tayyor, degan haqli savol tug‘iladi. Masalan, Tojikistonda chorak asrdan ortiq vaqt davomida ularni mehnat migratsiyasiga jo‘natishdan oldin ta’lim tizimi ishlab chiqilmagan. Bugungi kunda bizning muhojirlarimizning aksariyati bu ma’lum kasbga ega bo‘lmagan kishilar. Ular ko‘cha supurish, yuk ko‘tarish, bog‘bonlik, qorovullik kabi ishlarni uddalaydiganlar, xolos.

Moksva ko'chalarida
Moksva ko'chalarida

Mahalliy rahbarlar hisobot berish uchun emas, haqiqiy ish o‘rinlarini yaratish, odamlarni munosib ish haqi bilan ta’minlash ustida bosh qotirmoqlari lozim", deydi Nurali Davlat.

"Imkon" jamiyat tashkilotini direktori, yosh diplomat Xolbibi Bahodirzodaning aytishicha, uyushgan muhojiratni tashkil etadigan Kelishuv muhim, ammo bugungi jamiyatda alternativ yo‘l ham saqlanib qolishi lozim.

"Tojikiston hali hozir Rossiya mehnat muhojirligidan qo‘l tortolmas ekan, shunday kelishuvning imzolanishi foydali. Bu har ikki davlat uchun ham ahamiyatli. Kelishuv ko‘plab muammolarni bartaraf etadi. Ammo baribir tojikistonliklarning Rossiyaga borishi uchun alternativ yo‘llar ham saqlanib qolishi juda muhim. Ya’ni, Shartnomaning "Bu hujjat Tojikiston fuqarolarining Rossiyada mustaqil ravishda va alohida vaqtincha ish bilan ta’minlanishini cheklamaydi", degan punkti juda muhim. Chunki bu holat saqlanib qolinmasa, Rossiyaga yuborish uchun saralanishda ham poraxo‘rlik, mahalliychilik kabi illatlar boshlanib ketishi aniq. Masalan, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga ishlash uchun bormoqchi bo‘lganlarni saralashda kuzatilayotgani kabi poraxo‘rlik, tarafkashlik holatlari. Shuning uchun ham alternativ variant saqlanib qolishi lozim", deydi X.Bahodirzoda.

Yosh diplomatning fikricha, kelishuvda ko‘rsatilgan mehnat muhojirlarining kasbiy tayyorgarligi tekshirilishi, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va rus tili, Rossiya tarixi va amaldagi qonunlarini qanchalik bilishini sinab ko‘rish muhojirlarni saralashda asosiy kriteriya bo‘ladi. Shuning uchun saralash adolatli yoki adolatsiz bo‘lishini nazorat qilish juda qiyin ish.

Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyoliklar adolatsizliklardan nolib keladi
Rossiyada mehnat qilayotgan markaziy osiyoliklar adolatsizliklardan nolib keladi

Rossiyadagi tojikistonliklar sonini Vladimir Putin 1 million 200 ming nafar deya ta’kidladi. Emomali Rahmon esa, o‘tgan 2018 yilda mehnat faoliyati uchun Tojikistonning 480 mingga yaqin fuqarosi Rossiyaga jo‘nab ketganligini aytib, bu jarayonning eng yuqori cho‘qqisidan 50 foiz kamroq ekanligiga urg‘u berdi. Ammo ekspertlar fikricha, bugungi kunda Rossiya hududida ishlayotgan Tojikiston fuqarolarining aniq sonini hech kim bilmaydi, na Tojikiston Hukumati va na Rossiya davlat organlarida aniq ma’lumot yo‘q. Shuning uchun ham ularning xavfsizligini ta’minlash, turli ekstremistik va terroristik guruhlarga qo‘shilib ketishini oldini olish imkonsiz va ikki davlat oldida turgan juda katta muammo bo‘lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG