Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ahvol sabab Rossiyaga borgan mehnat muhojirlari, vatandagi siyosiy bosim va o’zga yurtdagi kamsitishlar sabab Rossiya fuqaroligini olishga harakat qilayapti. Moskva jarayonni soddalashtiruvchi qonunni ma’qullaganidan buyon salkam 20 ming o’zbekistonlik fuqaroligini almashtirgan.
Rossiya fuqaroligini qabul qilish aksariyat o’zbeklar uchun muhojirlikdagi kamsitishlar, huquqsizlikka chek qo’yuvchi imkoniyat sifatida ko’riladi. Yaqinda fuqaroligini o’zgartirgan muhojirlardan biri pasport olish oson kechmagani, ammo ishlashda, ish topishda qulaylik yuzaga kelganini aytadi.
“Munosabat o’zgarganini darrov his qildim, mehnat shartnomasi bo’yicha ham, boshqasida ham. Propiska bo’lsa bemalol yuraverasan. Korxonalarga ham muammosiz ishga oladi, ular ham endi o’zidan qo’rqadi. Fuqaroliging bo’lsa, baribir yaxshi”, - deydi u.
Rossiya fuqaroligi berishni soddalashtiruvchi qonun qabul qilinishi ortidan Rossiya fuqaroligini olayotgan o’zbeklar soni oshgan. Bu borada aniq raqamlar yo’q, faollar taxminiy raqamlar bilan cheklanadi, ammo bunday umidda yurgan muhojirlar ko’pligi aytilmoqda.
“Qonun kuchga kirganidan keyin taxminan 15-20 mingga yaqin o’zbek Rossiya fuqaroligini olishgan, ayrimlari olish arafasida turishibdi. Olayapti, yordam ham beramiz, berilsin, ekstremizmga biror aloqasi yo’q degan ma’noda tavsiya ham yozib beramiz. Odamlar iltimoz qilib kelishayapti, pul berib olishmoqchi. Lekin biz pul berib, pul oladigan tashkilot emasmiz. Biz ularga inson huquqlari tashkiloti sifatida fuqarolik olishni tez bitadigan yo’llarini ko’rsatamiz, odamlar shuni qilishayapti”, - deydi Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.
Yaqinda Rossiya fuqarosi bo’lgan o’zbekning aytishicha, pul evaziga fuqarolikni taklif qilayotgan xizmatlar ko’paygan, muhojirlar qayerga va kimga murojaat qilishni yaxshi bilishmaydi.
“Hozir 5-6 oyda, uzog’i bilan bir yilda Rossiya fuqaroligini to’g’rilab beramiz degan firmalar ham bor. Ko’pchilik ularga xizmati uchun 150 ming rubldan ham bergan. Bilmadim, ular qanday qoidalarga ko’ra fuqarolikni to’g’rilashadi, xizmat puli albatta norasmiy. Yo’l ko’rsatadigan odamlarni topishga sal qiynalishadi, bir magazin bo’lsa ekan, borib to’g’rilab kelsang. Ko’pchilik joyini bilmaydi, izlaydi, qarab yuribdi, lekin fuqarolik olishga tayyor. Yuridik kontoralar bor, ularga ham ishonch kam, pulini olib qochib ketishi mumkin deb o’ylashadi. Yaqinda bir firma 15 kishiga pasport tog’rilab bergan ekan, tekshirishsa, qalbaki chiqibdi”, - deydi u.
Moskvadagi “Vatandoshlar” jamiyati rahbari Usmon Baratov so’zlariga ko’ra, ko’pchilik fuqarolikni Rossiyadagi bosim va tahqirlardan qutulishning chorasi sifatida qabul qilmoqda.
“Mahalliy fuqarolarga uylanganlar olayapti, yana 10 foizga yaqini esa bu yerda biznes qilish uchun, ishlash uchun olayapti. Asosan, politsiya bosimi jonga tegib ketganidan, hibslardan, deportatsiyadan bezib qolganidan olishga majbur bo’layapti. O’zbekistonga qaytadigan bo’lsa, iqtisodiy muammolar kutib turgan bo’lsa. Ular iloji boricha Rossiya pasporti olganini bildirmaslikka harakat qilishadi, chunki O’zbekistonga qaytish niyatida ham”, - deydi Baratov.
Rossiya fuqaroligini qabul qilayotgan boshqa bir toifa bu vatandagi diniy ta’qiblardan charchagan o’zbeklar ekanligi aytiladi. Bahrom Hamroyevning aytishicha, ular Rossiya fuqaroligini qabul qilgan bir sharoitda ham Toshkent bosimidan xoli emas.
“Rossiya fuqaroligini olgan, oilasini olib kelib, tinchgina tijoratini va ibodatini qilib urganlar ustidan ham O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ig’vo xatlari yozadi, hammasi islomchilar, terrorchilar, Rossiyada bemalol yurishibdi, degan ma’noda. Bu yerda boy bo’layotgan, hur yashayotgan o’zbeklar bor. Rossiya o’zbeklarga bosim qilayotgan bo’lsa, buni ko’proq Toshkentning talabi bilan ham qiladi. O’zbekiston Rossiya fuqaroligini olgan, ishlari yaxshi bo’lib, O’zbekistonga bormay qo’ygan, lekin vatandoshlariga ko’mak berib yurgan odamlar ustidan turli nayranglar uyushtirib yuribdi”, - deydi Hamroyev.
Qrimning tortib olinishi ortidan qabul qilingan fuqarolik haqidagi qonun Mustaqil davlatlar hamdo’stligidan rusiyzabon aholiga imkoniyat beradi. Qonun aksariyati Rossiyada ishlayotgan mintaqa aholisida katta qiziqish uyg’otdi. Ammo tahlilchilar qonun ostidagi siyosiy maqsadlardan ham ogoh etishadi. Rossiya rusiyzabon aholi manfaatlari bahonasida Ukraina hududini tortib olishi, rossiyaparast ayirmachilar bilan Ukraina sharqida hamon davom etayotgan janglar bunga misol tariqasida keltiriladi.