Breaking News

Aydaxoga safar: qora ikra qanday tayyorlanadi?


Ikra - Kaspiy dengizida yashovchi osyotr balig'i yoki o'zbekchada bakrabaliqning (bikri) tuxumi bo'lib, undan tansiq taom tayyorlanadi. Amerikaning Aydaxo shtatidagi baliqchilik fermasi ham uni ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan. Aydaxo ikrasining bir grammi bir dollar. Shunga qaramay, restoran va do'konlarda besh baravar ko'p sotilmoqda.

Yorqin rangli, biroz sho'r hamda juda mazali - Aydaxodagi fermada yetishtirayotgan qora ikra mamlakat bo'ylab mashhur. Leo Rey Sneyk daryosi vodiysida osyotr biznesiga 1988-yilda asos solgan.

"Birinchi yil yarim kilo, ikkinchi yil 2-3 kilogacha tosh bosadi", - deydi fermer.

Biznes yaxshi daromad keltiradi, lekin foyda olish uchun uzoq kutish kerak. Shu bois ham narxlar qimmat.

"Baliq uvuldiriq berishi uchun 10 yil vaqt oladi", - deydi Leo Rey.

Rey baliqchilik bilan shug'ullanayotganiga 50 yildan oshdi. U dastlab 1968-yil Kaliforniyada laqqa baliq boqishni boshlagan. Suvi tiniq, ob-havosi yaxshiroq bo'lgani uchun keyinroq Aydaxoga ko'chgan.

"180 kilolik baliq ham bor. Bunisi 50 kilodan oshsa kerak", - deydi Rey.

Ikrani ajratib olish uchun baliq yetilgan bo'lishi kerak. Buni aniqlash uchun ultratovush yoki biopsiyadan foydalaniladi. Agar urug' yetilgan bo'lsa, baliq o'ldiriladi va ichidan tuxumi ajratib olinadi. Tirik baliqdan urug' olish taqiqlangan.

"Baliq tabiiy qiladi buni. Ayolning organizmi chaqaloqni paydo qiladigan gormonlar ishlab chiqargandek, baliqlar ham urug' chiqaradi. Buni sun'iy bajarish va baliq tanasidan tuxumlarni chiqarib olish uchun ularga gormon berish kerak, lekin AQShda bu noqonuniy", - deydi ferma xodimi Key Neb.

Tuxum olingach, suzgichdan o'tkaziladi.

"Uni shu idishga solamiz, teshiklari bor. Tuxumlar qolib, suv yoki boshqa suyuqliklari oqib ostidagi tovoqqa tushadi. Idishga muz solingan", - deydi ishchi.

Muz muhim. Tuxum qanchalik sovuq bo'lsa, shunchalik sifatli bo'ladi. Ajratib olingandan so'ng, tuxum yuvib tozalanadi. Tuz qo'shilgach, ikrani dasturxonga tortiq qilish mumkin.

"Bu yarim kilo yoki bir kiloga yaqin bo'lsa kerak. Grammini bir dollardan sotamiz", - deydi Neb.

So'nggi bosqichda ikra metal va shisha idishlarga konservalanadi, do'kon va restoranlarga sotilguncha muzxonada saqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG