Bu hafta Alyaska shtatining Feyerbenks shahrida Arktika kengashi uchrashdi. Bu tashkilotga Rossiya, Grenlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya va AQSh kiradi. Maqsad - iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi birgalikda chora ko'rish. Lekin hududda raqobat kuchaymoqda, chunki muzliklar eriyotgani uchun yangi yo'llar ochilmoqda. Har bir davlat o'z kemalarini ko'paytirib, mintaqani o'z foydasi uchun qo'llashga urinmoqda. Mamlakatlar iqlim kelajagi yo'lida hamkorlik qilishga bel bo'glagan lekin biznes manfaatlar yuqori o'rinda ekani ayon.
Alyaskada yashaydigan har bir inson uchun Arktika dengizidagi vaziyat hayot-mamot masalasidir. Shtat 1,7 million kvadrat kilometr maydonni egallaydi, 800 mingga yaqin aholiga ega.
Tirikchilik shu dengiz bilan bog'liq. U yerda esa suv ilib bormoqda. Muzliklar ham tezlikda erimoqda. Boshqa joylarga qaraganda ikki baravar tez, deydi olimlar.
Erish hozirgi darajada davom etsa, 2040-yilgacha Arktikada muz qolmasligi mumkin.
Alyaska tub aholisi, turli qabilalar, vaziyatdan nihoyatda tashvishda.
Geyb Tegosik, mahalliy faollardan:
"Bolaligimda suv yetishmas edi. Ota-onam uchun bizni kerakli suv bilan ta'minlash kundalik ish edi. Yaqinimizdagi ko'lga borib muz olib kelar edik va uni eritib ishlatardik. Bir bo'lak muz hayot manbaimiz edi".
Alyaska neft va gaz sanoatiga qaram. Prezident Donald Trump yaqinda shtatda yangi joylarni qazish uchun farmon berdi. Bu degani katta yer maydonlari sanoat ixtiyoriga o'tmoqda.
"Suv manbalari bu jarayonda zarar ko'rmoqda. Bir tomondan ona tabiat o'zgarmoqda. Ikkinchi tomondan esa sanoatlar hayotimizga ta'sir o'tkazmoqda. Ovchilik va boshqa sohalar esa orqaga ketgan. Endi qanday yashaymiz"? - deydi Geyb.
"Dengiz bizni to'ydirib keladi. Iqtisodning har bir jabhasi dengiz orqali ishlaydi".
Yangi gaz va neft quvurlari dengizdan o'tadi. Qazish ishlari avj olar ekan, suvosti dunyosi xavf ostida. Baliqchilik zarar ko'rmoqda. Tub aholi bu biznessiz yashay olmaydi.
Buning ustiga yillar davomida dengizga tonnalab qoramoy to'kilgan va atrof-muhitni zaharlagan.
Muzlar erigani sari bu ofatning ta'siri ham chuqurroq ko'zga tashlanmoqda. Yovvoyi olam oldingidek faol emas.
Mark Roys, mahalliy tabiatparvar:
"Afsuski, qish qisqarmoqda, harorat ko'tarilmoqda. Sanoatlar esa bundan kengayish uchun foydalanmoqda. Tabiat va aholi hayoti har tomonlama zarar ko'rmoqda".