Donald Tramp saylovoldi kampaniyasidan bugunga qadar tashqi siyosatda o’zini mohir vositachi va hal qiluvchi yechimlar topishga qodir lider, deya ta’riflab keladi. Lekin prezidentligining ikkinchi yilida ham tashqi siyosatda jiddiy yutuqlar ko’zga tashlanmadi.
Vashington Eron AQSh kuchlariga hujum qilishi mumkin deya xavotirda. Shu bois Yaqin Sharq mintaqasiga qo’shimcha harbiy kema va samolyotlar safarbar qilindi.
Shimoliy Koreya ikki raketani sinovdan o’tkazib, Amerikaning yadroviy qurolsizlanish tashabbuslarini chippakka chiqardi.
Venesuelada AQSh muxolifatni dastaklasa-da, to’qnashuvlarga qaramay Nikolas Maduro hokimiyatdan ketmadi.
“Tashqi aloqalarimiz faqat ziddiyatlardan iborat”, - deydi ekspert Entoni Kordesmen.
Tramp tashqi siyosatda katta va’dalar bergan.
AQSh Eron bo’yicha yadroviy bitim, Iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimi va Tinch okeani savdo hamkorligidan chiqdi. Tramp muqobil yo’llar taklif qilmagan.
Prezident “Islomiy davlat” ustidan g’alaba e’lon qildi.
Shri Lankada sodir etilgan portlash terrorchilar hanuz yengilmaganini ko’rsatdi.
Tashqi siyosat strategiyasida izchillik yoq, deydi ko’plab tahlilchilar.
“Uzoq muddatni o’ylamay qadam tashlanmoqda, sizdan ugina, bizdan bugina, qabilida. Rejalash sezilmaydi”, - deydi Kordsmen.
Tahlilchilarga ko’ra, bunday pozitsiya qisqa muddatli manfaat keltiradi. Biroq ishonchsizlik yuzaga kelishi tashqi kuchlar foydasiga hal bo’ladi.
“Shuning uchun ham xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik bo’yicha Xitoy yetakchilik qilayotganiga guvoh bo’layapmiz. Yaqin Sharq mamlakatlari xavfsizligidagi faol ishtiroki oqibatida Rossiya ham munosib hamkor sifatida ko’rilmoqda”, - deydi tahlilchi Aleks Vatanka.
Tramp 2016-yilda boshlagan “Amerika birinchi” nomli kampaniyasining muvaffaqiyatlarini 2020-yil ostonasida sarhisob qilish umidida. Prezident NATO mamlakatlarining mudofaa uchun ko’proq mablag’ ajratishiga erishganini g’alaba deb ataydi.
“Har safar xorijdan biror rahbar, prezident, bosh vazir, qirol, qirolicha yoki diktator keladimi, barchasi iqtisodiy yutuqlarimiz bilan qutlaydi. Bu olamshumul voqelik”, - deydi Tramp.
So’rovlar natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 40 foizi Tramp tashqi siyosatini qo’llab-quvvatlaydi. Qarashlardagi bunday tafovut AQShning xalqaro nufuzida aks etadi, deydi tahlilchilar.
“Amerika jamiyati va hukumati tashqi siyosatda ikki boshqa-boshqa dunyo. “Bu bizmiz, biz shundaymiz, shuning uchun ham boshqa mamlakat, siyosat yoki hukumatga bosim o’tkazayapmiz”, deyiladi. Nazarimda, prezident strategiyasi zamirida ana shunday ishonch bor. Bu siyosatni xalq fikri bilan bog’lash qiyin”,- deydi tahlilchi Vanessa Bisli.
Iqtisodiyot joyida ekan, demokratlar 2020-yilgi saylovlarda tashqi siyosat bobida Trampni ko’proq tanqid qilishi mumkin.
Facebook Forum