Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevga qarashli biznes imperiya kengaygan. Ortiqxo’jayev hokimiyat vositasida o’z xusisiy manfaatlarini olg’a surayotganini inkor etgan. Ammo shiddat bilan o’sayotgan bu biznes imperiyaga doir tadqiqotlar qator sohalardagi loyihalar hokimga aloqador shirkatlarga o’tayotganini ko’rsatgan. Egasi noma’lum, O’zbekistonga xorij sarmoyadori sifatida kirib kelayotgan kompaniyalar ortida ham Ortiqxo’jayevga aloqador shaxslar turgani ta’kidlanmoqda.
Jahongir Ortiqxo’jayev nafaqat Toshkent shahar hokimi, balki so’nggi tadqiqotga tayanilsa, poytaxtdagi yirik loyiha “Tashkent-City” ning ham asosiy investorlaridan biridir.
Ortiqxo’jayevning o’zi buni tan olayotgani yo’q, aksincha, bu manfaatni jamoatchilikdan, ehtimolki hokimiyatdan ham, yashirish uchun xorijdagi ofshor kompaniyalardan foydalangan.
Britaniyada joylashgan Korrupsiyaga qarshi kurash va inson huquqlari bo’yicha tashabbus (CHRI) tashkiloti doirasida o’tkazilgan tadqiqotda shu haqda, shuningdek Ortiqxo’jeyevga tegishli ko’rilayotgan biznes imperiya tarmoqlari haqida gap boradi.
Tadqiqot muallifi - kriminologiya bo’yicha professor Kristian Lasslet.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, hukumatdagi korrupsiyaviy manfaatlarni inson huquqlariga ta’sirini o’rganayotgan tashkilot uchun yuzlab aholi majburan ko’chirlib, uning o’rniga bunyod etilayotgan “Tashkent-City” loyihasi yaxshi misol bo’lgan.
“Hisobot muallifi kriminologiya bo’yicha professor, tadqiqot esa hukumat miqyosidagi korrupsiyaviy jinoyatlarni ochish, korrupsiyani inson huquqlariga ta’sirini o’rganishga ixtisoslashgan tashkilot bilan hamkorlikda tayyorlangan. O’zbekistondagi qurilishlar esa mavhum investorlar va sarmoyalar aholi huquqiga bevosita daxl qilayotgani bilan diqqatlidir”, - deydi Ilhomov.
“Akfa, “Artel” shirkatlari asoschisi bo’lgan Ortiqxo’jayev hokimlikka tasdiqlanar ekan, jamoatchilik bosimi ostida biznes kompaniyasi boshqaruvidan voz kechganini bildirgan edi.
Tadqiqotga ko’ra, “Akfa-Artel” tarmog’idagi 67 shirkat bevosita yoki bilvosita Ortiqxo’jayevga bog’liq, ayrimlari xorijda ro’yxatdan o’tgan. Ortiqxo’jayev Toshkent shahar hokimligiga tasdiqlanishi ortidan uning biznes imperiyasiga aloqador shirkatlar soni ham bir necha barobarga ko’paygani kuzatiladi.
Bu Ortiqxo’jayev hokim vakolatini suiiste’mol qilayotgani, lavozimdan o’z biznes kompaniyalari manfaatini surishda foydalanayotganidan darak beradimi?
“Albatta, menda bu borada isbotlar yo’q, ammo kompaniyalar tarmog’ini kengaytirishga bo’lgan ishtiyoq ko’rinib turibdi. U hozir hokim, ammo shu bilan qatorda biznesmen, ya’ni kompaniya kengayishidan manfaatdor. Umuman, mamlakatda manfaatlar to’qnashuvini belgilovchi aniq bir qoidalar, shaffof tizim, korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmi ishlamayotgan bir paytda biznesmenni hokimiyatdagi bu lavozimga tayinlash xavotirdan xoli emas. Chunki bunday sharoit hokimiyat vakolati, davlat dastaklaridan foydalanib boylik orttirish uchun qulay muhit”, - deydi Ilhomov.
“Aylanma yo’llar, ko’rinmas qo’llar: Yangi O’zbekistonda davlat va xususiy sektor qanday birlashmoqda?” deb nomlangan tadqiqotda Ortiqxo’jayevga qarashli shirkatlar faoliyati, hukumat bilan munosabati, xususiylashtirish jarayonidagi ishtiroki o’rganilgan.
O’zbekistonda hamon hokimiyat va biznes manfaatlar o’zaro birikib ketgan, deyiladi hisobotda, Toshkent shahar hokimi Ortiqxo’jayev shaxsi shu qiyofada namoyon bo’ladi.
“Ortiqxo’jayev “Tashkent-City” direksiyasini boshqarayotgan paytdan manfaatdor tomonlardan biri edi, uning kompaniyasi qurilishga deraza romlarini yetkazib beruvchi shirkat. Vaholanki, u meni bunga aloqam yo’q, manfaatdor emasman degan edi. U aprel oyidagina o’z aksiyalarini boshqalar nomiga o’tkaza boshladi. Hokimlikka o’tgach to’qnash manfaatlari, biznesi yuzasidan axborotni ochiqlashi kerak edi. Hozirga kelib uning 67 shirkatga aloqadorligi aniqlandi. Uni hokimlikka olib kelish prezidentning tashabbusi, ammo prezident Ortiqxo’jeyevning bu faoliyatidan xabardormi, yo’qmi, noma’lum. Agar xabardor holda tasdiqlangan bo’lsa, demak soyaning bir qismi prezident ma’muriyatiga ham tushadi. Agar xabarsiz bo’lsa, demak, u prezident ma’muriyatiga ham o’z manfaatlari yuzasidan hammasini ochiqlamagan”, - deydi Ilhomov.
Jahongir Ortiqxo’jayev 2017- yilda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangan edi. Uning boshqaruvidagi qurilish mollari va maishiy texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya so’nggi yillardan faoliyat doirasini ancha kengaytirgan. Xususiylashish arafasida turgan tibbiyot, ta’lim sohasida ham kompaniyaga aloqador shirkatlarga bir qator imtiyozlar berilgan.
Kristian Lasletning tadqiqotida ta’kidlanishicha, Ortiqxo’jayevga qarashli kompaniyalar tender, tanlovlarsiz yirik loyihalarni qo’lga kiritgani, turli imtiyozlariga ega chiqayotgani mamlakatda hamon hokimiyat va biznes doiralar manfaatlari tutash qolayotganidan darak beradi.
Facebook Forum