Breaking News

HRW: O'zbekistonda huquq bobida progress, lekin tuzum hamon avtoritar


2016-yildan beri O'zbekistonda 40 siyosiy mahbus ozod etildi
2016-yildan beri O'zbekistonda 40 siyosiy mahbus ozod etildi

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot O'zbekistondagi bugungi holatga qanday baho bermoqda? Islohotlar, HRW nazarida, bugungacha nima samara berdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvolni tuzatishga bel bog'lab qator ijobiy qarorlar qabul qildi, deya xulosalaydi "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti o'zining yillik hisobotida. Lekin tuzum hamon yakkahokimlikka asoslangan va islohotlar sust, deya eslatmoqda huquq targ'ibotchisi.

O'zbekistonda axborot oqimi va jamoatchilik orasidagi muloqot faollashdi. Tub muammolar muhokamada, so'z erkinligi va majburiy mehnat singari masalalar yechimi ustida oshkora bahs-munozara boshlandi. Hukumat xalqqa xizmat qiladi degan shior amalda biroq javobgarlikni ta'minlash borasida real qadamlar oz, deyiladi tashkilotning shu hafta chiqqan tahlilnomasida.

"Amerika Ovozi" islohotlar real hayotda qanchalik aks etmoqda deya so'raganida, odatda O'zbekistonda buning uchun iroda bor, harakat boshlangan, lekin chora-tadbirlar hali vaziyatni tuzatdi deyish qiyin, degan javoblar oladi.

Xavfsizlik organlari hali ham cheksiz vakolatlarga ega, deya qayd etadi HRW. Uning nima qila olishi va qilmasligi xususidagi qonun bu tashkilot nazarida mavhum. Qonun chiqaruvchilar hujjatni qayta ko'rib chiqishi, rasmiylarni savolga tutib aniqlik kiritishi zarur, deydi bu xalqaro organ ekspertlari.

O'zbekistonda saylovlar endi qanchalik erkin o'tadi? Siyosiy muxolifatga yo'l beriladimi? Siyosiy sabablar bilan qamoqda o'tirgan minglab fuqarolarning ishi qayta ko'rib chiqiladimi? HRW o'z tahlilnomasida shu savollarni o'rtaga tashlamoqda.

O'zbekiston Jinoyat Kodeksidagi 159, 216, 244-1 va 244-2 moddalar va bandlar qayta ko'rilsin va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga mos ravishda yangilansin, deya undamoqda tashkilot. Bu qismlar ekstremizm va davlatga qarshi harakatlar bilan bog'liq. Tuzumni tanqid qilib tanilgan odamlar yo mutaassiblikda yoki konstitutsion sistemaga nisbatan jinoyatlarda ayblanib qamalgan hollar O'zbekistonda ko'p uchragan. Mahbuslarning jazo muddatini qamoqdagi ichki tartibni buzdi, deya uzaytirish odatiga ham chek qo'yish kerak, deydi xalqaro mutaxassislar.

Ekstremizmda ayblanib qamalgan minglab dindorlar ozod etilgani rost, lekin ularning ro'yxati hali taqdim etilmagan. HRW singari tashkilotlar hukumat berayotgan son va mustaqil manbalardan olingan ma'lumotlarni qiyoslab ko'rishni xohlaydi.

Hukumatga ko'ra, Davlat Xavfsizlik Xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi butkul isloh qilinmoqda va tizimda ulkan o'zgarishlar bo'lmoqda. Natijani sarhisob qilish uchun vaqt kerak, deydi rasmiylar. HRW nazarida esa o'tgan ikki yilga qarab, o'zgarishlar ancha sust deyishga asos bor.

Sobiq siyosiy mahbuslar oqlanishni istaydi. Ular o'zlarini aybsiz ravishda uzoq payt qamoqda saqlangan, xo'rlangan fuqarolar deb biladi. Ularning murojaatlariga diqqat qaratib, hukumat bugun O'zbekiston haqiqatdan ham adolat tomon qadam tashlayotganini isbotlashi zarur, deydi HRWning Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston bo'yicha bosh eksperti Stiv Sverdlov.

Hozirda panjara ortida o'tirgan va aynan siyosiy sabablar bilan qamalganlar bor, jumladan: ziyolilar Andrey Kubatin, Akrom Malikov, Rustam Abdumannopov, Jamoliddin Abdurahmonov va Mirsobir Hamidkariev, shuningdek, tadbirkor Aramais Avakyan, taqvodorlar Ruhiddin Faxriddinov va Jahongir Kulijanov hamda Ravshan Qosimov, Viktor Shin va Alisher Achildiev singari harbiylar; Amerikadan deportatsiya qilingan Nodirbek Yusupov va "Ozodlik" radiosi jurnalisti Farrux Yusupovning ukasi Aziz Yusupov.

Bu borada so'ralganda, mutasaddilar masala tegishli organlar tomonidan ko'rib chiqilayotgani, ayrim hollarda xulosalar allaqachon taqdim etilib, murojaatlarga javob berilganini aytadi. Oldingidek tamoman sukut saqlanmayapti, deydi rasmiylar.

Adliya va huquq-tartibot tizimi jamoatchilikning kuchli bosimi ostida, deydi Ombudsman Ulug'bek Muhammadiyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. Adolatsizlikdan shikoyat qilganlar ko'p va hukumat ogoh, deya qo'shadi u. Parlamentning bu masalalar bo'yicha maxsus vakili sifatida u o'z vakolatlari kengaygani va hozirda, masalan, O'zbekiston qamoqxona va hibsxonalariga istagan paytida kirib, vaziyatni tekshirayotganini aytadi.

So'z va matbuot erkinligi bobida ham siljishlar bor, deya kuzatadi HRW. Lekin internet blokda. Tanqidiy ma'lumotlari bilan tanilgan xorijiy manbalar, shuningdek, Facebook va YouTube singari global ijtimoiy tarmoqlar qulflangan. Faqat VPN bilan kirish mumkin. "Amerika Ovozi"ga mamlakatdan axborot uzatishga ruxsat berildi, lekin BBC va "Ozodlik" hali bunday imkoniyatga ega emas.

Nohukumat tashkilotlarni ro'yxatga olish borasida ham islohotlarga qo'l urildi, lekin yangi tashkilotlar juda oz va faoliyatini erkinlashtirish borasida ham qarorlar mavhumligicha qolmoqda, deya tahlil qiladi HRW.

AQShda asoslangan ACCELS, ta'lim va madaniy sohada ishlaydigan xalqaro tashkilot O'zbekistonda ishini qayta boshlamoqda. HRWning o'zi izlanishlar olib boryapti, biroq vakolatxonasini ochish uchun Oliy Sudning 2011-yilda chiqargan hukmi bekor qilinishi kerak.

Majburiy mehnatni bartaraf etish yo'lida O'zbekistonda o'tgan ikki yil ichida ko'p ishlar qilindi va vaziyat sezilarli darajada yaxshilangan, deya kuzatmoqda HRW. Lekin 2018-yilda ham ko'plab fuqarolar majburan paxta dalalariga olib chiqildi. Qishloq xo'jaligida odamlarning huquqlarini buzish hollari kuzatildi. Yuqori lavozimdagi rasmiylarning qo'llari ostidagi insonlarga zulm o'tkazayotganini ko'rsatuvchi videolar chiqdi. Hukumat chora ko'rdi, lekin adolat ta'minlanmadi, deydi HRW vakili Sverdlov.

O'zbekiston hozirda Xalqaro Mehnat Tashkiloti va BMTning boshqa agentliklari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yib, yaqindan ishlamoqda. Erkinlik, adliya, xavfsizlik va taraqqiyot borasida tashqi dunyo bilan muloqot kengaygan. Toshkentdan xorijiy rasmiylarning qadami arimaydi. Hukumat zimmasida yangidan-yangi majburiyatlar va va'dalar, shu bilan birga davlat hozirda ko'proq xalqaro sheriklarga ega. Respublikani islohotlar jarayonida qo'llashga va unga bu murakkab yo'lda madad ko'rsatishga tayyor davlatlar va tashkilotlar ko'paygan. Xususan AQSh va Yevropa Ittifoqi ko'makka shay.

Vashington O'zbekistonda 2018-yilda diniy erkinlik va mehnat huquqlari yuzasidan qora ro'yxatlardan chiqardi. Tramp ma'muriyati bu bilan Toshkentni to'g'ri yo'lda ekanini tan oldi, deydi Amerika rasmiylari, va unda davom eting, deya undamoqda. Islohotlar jadallashishi zarur, deydi vaziyatdan ko'z uzmayotgan AQSh diplomatlari.

HRW nazarida hozirgi eng dolzarb vazifa tuzum erkinlik va mas'uliyatli boshqaruv tomon yo'nalishini ta'minlash, ya'ni tashqi dunyo, xususan G'arb shu borada yordamni oshirishi lozim. Prezident Mirziyoyev va uning ma’muriyatiga o’z xalqi va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini eslatib turish joiz, deya eslatmoqda HRW.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG