Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Tojikiston hukumati Turkiyada yurgan siyosiy faolni vatanga qaytarishga muvaffaq bo'lgan. Namunjon Sharipov qiynoqqa solinishi mumkin. Bunga shubha yo'q, deya ogohlantirmoqda "Human Rights Watch" va Norvegiya Inson huquqlari qo'mitasi.
16-fevral kuni Tojikistonga topshirilgani aytilayotgan faol 11 kun Istanbulda hibsda saqlangan. Keyin uni majburan aerportga olib borib, Dushanbega uchayotgan samolyotga o'tkazishgan. Sharipov terrorizmda ayblanmoqda.
HRW bu ishni qoralab, Turkiya hukumatini xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblamoqda. Mahbusning qiynoqqa solinishini bila turib, uni bu xavf tomon yuborish nafaqat vijdonsizlik balki qo'pol huquqbuzarlikdir, deydi Stiv Sverdlov, HRW eksperti.
55 yoshli Sharipov Sug'd viloyatidan. Azaldan muxolifatchi. Islomiy partiya a'zosi bo'lgan. Hozirda bu partiya yo'q. Hukumat uni man etgan. Islomiy partiya liderlarini terrorizm va ekstremizmda ayblab qamagan va qamashda davom etnmoqda.
O'tgan yillarda bu partiyada ishlagan o'nlab tojiklar sudlandi, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etildi. Hukumat ularni mutaassiblikda, ular esa tuzumni adolatsizlikda ayblaydi.Sharipov Istanbulga 2015-yilda qochgan va u yerda choyxona ochib, tirikchilik qilgan. Fevral oyining boshidan unga bosim kuchayib, oilasi va o'zining vatanga qaytishi zarurligi haqida talabnomalar olgan.
5-fevral kuni Sharipov mahalliy politsiya tomonidan olib ketilgan. Faol aslida uchinchi davlatdan boshpana olishga harakat qilayotgan bo'lgan.
Vataniga qaytganidan beri Sharipov "o'zim xohlab keldim" degan bayonotlar bergan. Lekin uning oilasi va qarindoshlari faol kuchli qo'rquvda ekanini, bu gaplarni xavfsizlik organlari talabi bilan aytayotganini da'vo qiladi.
Tojikiston hukumati, deya ta'kidlamoqda Norvegiya Inson huquqlari qo'mitasi, o'z fuqarolarining erkinliklarini buzib, ularni erkin so'zi va fikri uchun nishonga olib, uzviy huquqlarni poymol etmoqda.
Xalqaro hamjamiyat, bu davlatning hamkorlari va adolatparvar har qanday tomon Emomali Rahmon boshchiligidagi tuzumning qora ishlariga ko'z yuma olmaydi, deydi Marius Fossum, qo'mita vakili.
-
Amerika Ovozi
"Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.
Facebook Forum