Breaking News

Tojikistonda Amerikaga nisbatan munosabat ko'p hollarda salbiy


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning 3-noyabrida Dushanbeda bo'lib, Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan gaplashgan edi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning 3-noyabrida Dushanbeda bo'lib, Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan gaplashgan edi

Tojikistonda aholining aksar qismini 40 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi. Bu jamiyatda yoshlar orasida muqim siyosiy qarashlar yo'q, islomiy aqidalar chuqur ildiz otmoqda. Respublika Rossiya informatsion ta'siri ostida. Tojikiston hali mustaqil siyosat olib boruvchi davlat sifatida shakllanmagan, shuning uchun hukumat goh G’arb, goh Rossiya va Xitoy ta’sirida ish tutadi, deydi ziyolilar.

Tojikistonda AQShga nisbatan munosabat qanday?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:43 0:00

AQSh global siyosati haqida so’z ketganda, odamlar Vashingtonni gegemonlikda ayblab, begona yurtlarni o’z hukmiga kirgazishga intiladi deb hisoblaydi.

Tojik yozuvchisi Muhiddin Xo’jazod fikricha, Amerika insonparvarlik ko’magi ortida g’araz yashiringan.

"Nihoyatda hushyor bo’lish zarur. Yordamu-madad, turli missiyalari bilan avval vujudingizga kirib olishadi, so’ng esa tuprog’ingizga kirib kelishadi va siz o’z vataningizda bir omonatdek bo’lib qolasiz. Asliyatingizga o’zgalar ega bo’lishadi", - deydi Xo’jazod.

Sharqshunos jurnalist Jo’ra Yusufiy AQSh tashqi siyosatining global jihatlarini tahlil etarkan, Amerika dunyosi har qanday odam bolasiga keng imkoniyatlar beradi va bu jihati bilan jahonning eng yetakchi mamlakati, deydi.

"AQSh dunyoning bir qudratli o’lkasi sifatida jahonning turli nuqtalarida o’zining geopolitik manfaatlariga ega. Ko’pchilik uning global siyosatini yomonlaydi, buzg’unchilikda ayblaydi. Ammo aytingchi, nega u yerga ketgan yoshlarimiz qaytishni istamaydi? Nimaga hamma Amerikaga ketishni xohlaydi? Chunki, u yerda inson omili birinchi o’rinda, hamma narsa inson uchun xizmat qiladi. Imkoniyatlaringizni to’la ishga sola bilasiz, ilmingiz bo’lsa qadrlanasiz, yo’lingizga g’ov bo’lmaydilar, barchasi taraqqiyot uchun qaratilgan. Kelib chiqishi Afrikadan bo’lgan qora tanli, negr, prezident bo’ldi, bizda shunaqa bo’ladimi? Buni tushingizda ham ko’rmaysiz",- deydi Yusufiy.

Geografiya o’qituvchisi Hasanjon Abdug’aniyev nazarida, AQSh tashqi siyosatida o’zga o’lkalarni bo’ysindirish harakati oldinda turadi.

"G’arb iqtisodiy tomondan bizdan yuqoriroq turadi, biz esa pastdamiz. Shuning uchun biz ko’r-ko’rona ularni qabul qilyapmiz, ammo ularning foydasi yo’q. Bizni ngmadaniyatimiz yuksakda turadi, o’sha g’arbliklar ham bizning mehmonnavozligimizga, sharqona munosabatlarimizga qoyil qolishadi. Lekin Amerika!... Amerika butun dunyoni bo’ysindiraman deydi. Uning aytgani bo’lmaydi, ular o’zlarini o’zlari inqirozga olib bormoqda. Negaki, mutlaq hukmronlikka intilishning oxiri hamma vaqt voy bo’lgan", - deydi Hasanjon.

Tojikistonlik o’zbek shoiri Ahli Rasul Muhammad ham AQSh global siyosatini tanqid qiladi, ammo Amerikani uddaburo davlat deb biladi.

"Amerika dunyoga hukmronlik maqsadini ko’zlayotgan mamlakat deganlar kim bo’lsa o’shalar haq hammasi! Chunki, Amerika juda ham uzoqni ko’radigan davlat, uning rahbarlari juda uzoqni ko’zlaydigan odamlar. Ular er sharidagi hayotni juda ham uzoq, kerak bo’lsa 200-300 yillik uzoqni ko’ra oladigan davlat. Shuning uchun ham kelajakda o’zining yashash imkoniyatlari maydonini kengaytirish uchun birinchi o’rinda dunyoga hukmronlik qilish kerak. Bu Amerikaning uzoq yashashini ta’minlaydigan shart hisoblanadi. Bizning davlatlarimiz esa hozir oyog’ini ostidan narini ko’ra olmayapti. O’zini o’ylaydi, shu bugungi kunini o’ylaydi, o’zining amalini, kursisini o’ylaydi. Xalqning ertasini, 50-100 yillik tomonini o’ylamaydi. Chunki biladiki, ellik yildan keyin o’zi bo’lmaydi. O’zining hayotini ta’minlash, hayotini yaxshi o’tkazishni o’ylaydi", -deydi shoir Ahli Rasul.

Tojikiston oliy o’quv yurti bitiruvchisi, bo’lajak diplomat Nizomjon deydiki, AQSh Yaqin Sharq mamlakatlari va Rossiyaga nisbatan xato siyosat olib bormoqda. Amerika har sohada faqat o'z manfaatlarini o'ylaydi, deydi u.

"Ularning Rossiyaga qarshi harakati bizga zarar keltirmoqda. Butun dunyo hozir bir-biriga chambarchas bog’lanib ketgan. Biz esa hamma vaqt taraqqiyot va tinchlik tarafdori bo’lib kelganmiz. Yoshlar albatta G’arb dunyosiga intiladi, jahonni ko’rgisi keladi. Lekin bizning yoshlarimiz yuragi sharq qadriyatlariga bo’ysinadi", - deydi Nizomjon.

XS
SM
MD
LG