Breaking News

Tojikiston ahli: Tinchlik eng ulug' ne'matdir


2015-yil yakunlanar ekan, Tojikistonda yodda qoluvchi eng asosiy voqealar qatorida parlament saylovlari, madofaa vaziri o’ribosari general Nazarzodaning hukumatga qarshi isyoni, islom partiyasining taqiqlanishini, erkin valyuta bozorining yo’qotilgani, dollarning qimmatlashivi aytiladi.

Tojikiston ahli: Tinchlik eng ulug' ne'matdir - Ravshan Shams lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:10 0:00

Rasmiy Dushanbe nazarida respublikada haqiqatan ko’zga ko’rinarli o’zgarishlar bo’ldi, shaharlar obodonlashtirildi, mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida turar-joy qurilishi avj oldi, hatto yangi shaharlar qurilishiga poydevor qo’yildi. Lekin oddiy xalq nazarida o’zgarishlar ko’zga tashlansa-da, bundan elga manfaat yo’q, ishsizlik xalqni nihoyatda holdan toydirmoqda, iqtisodiy tanazzul har qadamda ko’zga tashlanadi.

Tarixchi olim Munavvar Sodiq Rossiya va Ukraina o’rtasidagi urush mamlakatga katta ta’sir o’tkazgan bo’lsa-da, respublikada hayot bir maromda ketmoqda, deydi. Xalqimiz qo’shnilarga qaraganda yaxshiroq yashamoqda, deb aytadi.

"Bir mehmondorchilikka borsangiz, bir-ikki emas, to’rt xil masalliq tayyorlab, dasturxonni to’ldirib tashlashadiyu, yana qashshoqmiz deyishadi! Bunaqasini qayerda ko’rgansiz?" - deydi Munavvar Sodiq.

Germaniyada o’qib kelgan mutaxassis Mamadali Xo’jayev shuncha o’qiganiga qaramasdan o’ziga loyiq ish topolmayotganini, odamlarning hatto yashashdan ko’ngli qolganini, jamiyatda ishsizlik sabab o’g'irlik ortib borayotgani, chiroqsiz zimistonda yashashdan odamlarning toqatlari toq bo’layotganini nadomat bilan so’zlaydi.

Tojikistondagi o’zbeklar jamiyati faoli, agronom Ergashali Mirzoaliyev yutuqlarning oz emasligidan gapiradi. Uning aytishicha, respublika hukumatining besh va 10 yillik rejalariga muvofiq Tojikistonda bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilganki, buning samarasi sifatida ishsizlik muammosi qisman bo’lsa-da hal etiladi.

"2015-yilda mamlakatda ko’plab qo’shma korxonalar ishga tushirildi, janubiy Tojikistonda AQSh hukumati ko’magida yirik to’qimachilik kombinati qurilishi boshlandi. Agar u ishga tushirilsa, 40 mingga yaqin ish joyi yaratiladi, respublikada dolzarb masala - ishchi kuchini ish bilan ta’minlash. Bu muammo ozmi-ko’pmi hal etiladi. Bu kombinat xom ashyosi tayyorlanadigan 10 ming gektardan ortiq yangi o’zlashtiriladigan yerlar uchun AQSh hukumati tomonidan ikki yuzdan ortiq texnika keltirildi, bularning hammasi iqtisodimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi", - deydi Mirzoaliyev.

O’zbek ziyolisiga ko’ra, Tojikistonga salbiy nisbat berilayotgan harbiylarning hukumatga qarshi qurolli qo’zg’oloni, islom uyg’onish partiyasining taqiqlanishi voqealar rivojining tadrijiy davomi bo’lib, 2015-yilda butun dunyo terroristik xurujlar ostida qolgan.

"Siyosiy jabhada bu yil jahon miqyosida ko’pdan-ko’p keskin vaziyatlar yuzaga keldi, shu qatori Tojikistonda ham. Bu yil Tojikiston uchun matonatli yil bo’ldi, ayniqsa, sentabr oyida ro’y bergan voqealar hisobga olinadigan bo’lsa, hukumatimiz o'sha qora kuchlarni yo’q qilishga erishdi, hukumat bunday vaziyatga oldindan tayyor ekanini ko’rsatdi. Bu siyosiy jihatdan ham oldinda ekanligimizni ko’rsatadi", - deydi Mirzoaliyev.

Ziyoli shuningdek, So'g’d viloyati markazi Xo'jandga yo’ldosh Sayxun, Istravshan noxiyasida esa Bahoriston nomidagi yangi shaharlar qurilishi boshlanganini joriy yilning yodda qolarli sanasi deb hisoblaydi.

O’qituvchi Qurbonoy Jo’rayeva yil sarhisobi haqida gapirganda haqiqatni so’zlash kerak, ko’zbo’yamachilik qilmaylik, deydi.

"O’sha aytilayotgan gaplar hammasi haqiqatan bo’ladimi, yo rasmiy marosimda bir kelib korxonalarni ochib ketishadiyu, shu bilan tamommi? Axir, hamma korxonalar taqa-taq to’xtab yotadimi? To’g’risini aytsam, bularga biron gramm ishonchim yo’q. Chunki, bu yerda shunaqa-ki, kelishadi, bayram qilishadi, ikki kundan so’ng hammasi eskicha qoladi. Gapirsak haqni aytaylik, ko’zbo’yamachilik qilmaylik, tokay xalqni aldaymiz", - deydi Qurbonoy.

Ziyoli Farrux Axrorov bu yilga baho berarkan, ishsizlik va iqtisodiy inqiroz yodda qolganini aytadi.

"Milliy pulimiz - somoniy qurbi qadrsizlanib ketdi, iqtisodiy inqiroz juda ham jiddiy bo’ldi, bularning hammasi albatta yodda qoladi. Bunyodkorlik ishlari yo’q emas, yo’llar obod bo’ldi, katta zavodlar qurilishi boshlandi, respublikada parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Lekin erkin valyuta bozorining yo’qotilishi, polkovnik Halimovning Suriya jangarilariga qo’shilib ketishi, general Nazarzodaning qurolli qo’zg’oloni, islom partiyasining taqiqlanishi respublika siyosiy hayotidagi manfiy ko’rinishlar bo’lib qoldi", - deydi Axrorov.

Farruxning fikricha, eng asosiysi, aholi tinch yashayotganidan mamnun, negaki, tinchlik va osoyishtalik eng ulug’ ne’mat hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG