Breaking News

Tojikiston-O'zbekiston aloqalarining iliqlashuvi nimaga bog'liq?


Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon (chapda) O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, Olma-ota, Qozog'iston, 28-aprel, 2009-yil.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon (chapda) O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, Olma-ota, Qozog'iston, 28-aprel, 2009-yil.

Mustaqilligining ilk yillarida chegara bilmagan Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi sim to’siqlar bugun shu darajadaki, hatto qurolli to’qnashuvlar bo’lib turgan tojik-qirg’iz chegarasida ham bu qadar qattiq nazorat yo’q.

O'zbekiston-Tojikiston aloqalari tahlili - Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:06 0:00
Yuklab oling

Ikki qo’shni mamlakat o’rtasidagi savdo aloqalari keskin pasayib ketgan. O’tgan 2014-yilda bu ko’rsatkich atigi uch million dollarni tashkil etgan, xolos. Faqat bu yilga kelibgina munosabatlar biroz iliqlashgani kuzatilmoqda; to’rt oy ichida savdo-sotiq 50 milloin dollarga yetgan.

Mahalliy ziyolilar fikricha, hozir Tojikistonda O’zbekistonni cho’chitadigan islomiy patiya faoliyati taqiqlangan, ekstremistik kayfiyatdagi odamlar yo’q qilinib, ko’pchiligi qamoqqa olingan; ichki dushmanlar yo’qotilgan, aloqalarni yaxsilashga imkoniyat bor. Lekin tashqi kuchlarga qarshi kurashda mamlakat rahbariyati ojizlik qilishi aytiladi. Bu masala yechimi boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga bo’g’liq, deydi kuzatuvchilar.

Mahalliy tahlilchilar ham ikki qo’shni davlat orasidagi munosabatlar rivoji ularning o’zlariga bo’g’liq bo’lmay qolganligini ta’kidlashadi, chunki o’rtada geosiyosiy manfaatlar ustunlik qilib kelmoqda.

Tojikiston va O’zbekiston munosabatlari keyingi bir yil orasida ancha iliqlashib, oradagi savdo-sotiq ham ko’payib qolgan, chegaralar nazorati qattiqligicha qolayotgan bo’lsa ham, turli sohalardagi aloqalar ortayotgani kuzatiladi.

O’zbekiston rasmiy idorlari shu yil yozida keyingi 10 yil orasida birinchi marta tojikistonlik ijodkorlarni rasman ilmiy-amaliy anjumanga taklif etgan.

Bungacha norasmiy uchrashuvlarni ikki mamlakat ijodkorlari o’zaro norasmiy, tor doiralarda uyushtirib kelayotgan edi.

Tojikistondagi O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’naviyat” gazetasi bosh muharriri Hakim Zokir keyingi yillarda ikki qardosh mamlakat o’rtasidagi aloqalar yana rivojlanayotganini ta’kidlab, O’zbekistonda o’zi ilk bor ishtirok etgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani misol keltiradi.

"O’zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan ma’rifiy-madaniy do’stlik aloqalari jamiyatlari kengashi taklifi bilan biz iyul oyida Toshkentda bo’lgan edik. U yerdagi taassurotlarim haqida “Sog’inch diyori” nomli bir kitob bitdim. Quvonarlisi shundaki, bu kitobni mehmonlikka da’vat etgan jamiyat kengashi Toshkentda nashr etishga rozilik bildirdi. Xalqaro anjumanda ma’ruza qilgan chog’imda o’zbek va tojik munosabatlarini rivojlantirish uchun taklif qildimki, Tojikiston shimoli - Xo'jandda ham O’zbekiston konsulligi ochilsa, xalqlarning bir-biriga borib kelishi vizalar orqali bo’lmoqda. Etu-tirnoq bo’lib yashayotgan ikki xalqning bordi-keldilari juda ham qiyin holatda, bularni yengillashtirish choralarini ko’rishni taklif etganman. Bundan tashqari, tojikistonlik talabalar ilgari O’zbekistonda - Toshkentda, Samarqanddagi oliy o’quv yurtlarida bilim olib, o’sha yerlarda ishlashar yoki u yerda olingan diplomlar hamma yerda bir xil qabul qilinar edi. Ana shu an'analarni davom ettirish takliflarimni ham bayon etganman", - deydi Hakim Zokir.

Tojikistonlik tahlilchi Abdujabbor Yo’ldoshev ikki qo’shni davlat orasidagi sovuqlikdan boshqalar o’z manfaatlari yo'lida foydalanayotganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu holatdan, avvalo, Rossiyaga foyda. Markaziy Osyo davlatlari axil bo’lmas ekan, tashqi kuchlar mintaqada o’z manfaatlarini ustuvor tutib kelaveradi, deydi Yo'ldoshev.

"Markaziy Osiyo davlatlari axil emas ekan, Rossiya bundan foydalanadi. Tojikistonni O’zbekiston bilan, O’zbekistonni Tojikiston bilan qo’rqitib, boshqalarni ham shu yo’l bilan ayirib turib, mintaqada o’z hukmronligini ushlab qolishga intiladi. Tomoqdagi suyakdek ko’rilayotgan Rog’un GESi qurilishi aslida region manfaatlariga xizmat qiladigan inshoot. Do’stlik ramzi bo’lishi mumkin bo’lgan bu qurilishni siyosatga, nifoq o’chog’iga aylantirishdi. Agar biz O’zbekiston bilan axil bo’lsak, bu qurilishni birgalikda nihoyasiga yetkazsak, manfaatlarimiz birlashar edi, bu hammamizga foydali", - deydi tojik eksperti.

Mahalliy o’zbek ziyolisi G’ofurxon Qosimov ikki qo’shni davlat orasidagi sovuqlikni vaqtinchalik ko’rinish deb hisoblaydi.

"Zamon talabi bilan shunaqa bo’lib ketmoqda. Xudo xohlasa, aloqalarimiz Yevropa davlatlaridek yaxshi bo’lib ketadiki, O’zbekistonu-Qirg’izistonga to’g’ri boradigan bo’lamiz. Buning uchun vaqt kerak, dunyodagi ekstremistik kuchlarning xavfi sabab sharoit shunaqa, keyinroq vaziyat, albatta, yaxshi bo’lib ketadi, degan umiddaman", - deydi o’zbek ziyolisi.

Metodist o’qituvchi Rajabboy Xudoyqulov fikricha, aloqalarning yaxshilanishi ko’proq O’zbekistonga bog’liq. Tojikiston o‘z tomonidan qo’shnisi istagan zarur choralarni ko’rib bo’lgan, bu masalada xalqaro tashkilotlarning faoliyati esa sust, deydi u.

"Hozirgi siyosat yumshasa, dushmanlar payi qirqilsa, ichki dushmanlar tamoman yo’qotilsa, chegaralar ochiq bo’lishi mumkin. Buning ko’p tomonlari, 60 foizi O’zbekiston siyosatiga, ularning rahbarlariga bog’liq. O’zbekiston ham tinch bo’lsin deb, atrofdagi qo’shnilarni hisobga olishi kerak. Sharoit yaxshi bo’lib kelmoqda, hozir u qadar yomon emas. Urush chiqaradigan kishilarning hammasini bizda qamoqqa olishdi, yo’q qilishdi. Dunyoni boshqaradigan Amerikadagi tashkilotlar yoki BMT kabi xolis qozilar yaxshi ishlashi kerak, shular unchalik yaxshi ishlamas ekan", - deb yozg’iradi Xudoyqulov.

Ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev metodist o’qituvchining fikrini tasdiqlar ekan, ikki qo’shni davlat o’rtasidagi aloqalarning yaxshilanishi mintaqada manfaatlari bo’lgan qudratli davlatlarning harakatiga bo’gliq, deb o’ylaydi.

"Mening fikrimcha, bu aloqalarning yaxshilanishi na bizning prezidentimiz Emomali Rahmonga, na prezident Islom Karimovga bog’liq. Hamkor qudratli davlatlardan birortasi bizlarni yarashtirib qo’ya olsagina munosabatlar yaxshilanadi, murosaga keltiruvchilar ham ana o’shalar bo’ladi. Chunki bu mintaqada hozir Rossiya davlatchiligi kelajagini, Xitoy birligini hal qiladigan kuchlar paydo bo’lishi mumkin, bu shunchaki oddiy gap emas. Aslida ikki qo’shni davlat prezidentlari kelishib ish yuritishlari mumkin, lekin bunga boshqalar yo’l bermaydi", - deydi tojik ziyolisi.

Uning fikricha, Rossiyaning taqdirini Markaziy Osiyo hal qiladi va buni rus siyosatdonlari yaxshi tushungan holda mintaqani qo’ldan chiqarishni istashmaydi. Region davlatlari orasidagi sovuqlik esa ularga qo’l kelmoqda, deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG