Breaking News

Minglab jangari Markaziy Osiyo ostonasidami?


O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati o’zini “Islomiy davlat” deb atagan guruhning Markaziy Osiyoga tahdidi oshib borayotgani haqida ogohlantirmoqda. Ekstremistlar mintaqaga kirish uchun afg’on-turkman chegarasini nishonga olayotgani, chegara mudofaasiga O’zbekiston harbiylari ham jalb qilinayotgani xususida xabarlar mavjud.

Minglab jangari Markaziy Osiyo ostonasida, deydi ayrim kuzatuvchilar/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

“Islomiy davlat” Markaziy Osiyoga yurish boshlashi haqidagi talqinlar tobora ko’payib borayapti. Bular O’zbekiston xavfsizlik idoralari berayotgan ma’lumotlarga ham asoslanadi.

Milliy xavfsizlik xizmati tahlilchisi Baxtiyor Sharopovning “centralasiaonline.com” nashriga bildirishicha, regionga yaqinlashgan “Islomiy davlat” xavfi terrorchilik xuruji darajasidan oshgan, to’qnashuvlar harbiy va noharbiy usullar bosqichiga o’tmoqda.

Maqolada “Islomiy davlat”ni yoqlab bayonot bergan O’zbekiston Islomiy harakati tarkibida besh mingga yaqin jangari borligi, ularning yarmi respublika fuqarolari ekaniga ahamiyat qaratiladi.

Afg’oniston shimolida “Islomiy davlat” bayrog’i ostida birlashayotgan jangarilar asosan afg’on-turkman chegarasi yaqinida joylashayotgani ta’kidlanadi.

Ayrim fikrlarga ko’ra, afg’on-turkman chegarasidagi hozirgi vaziyat keskin, to’qnashuvlar muntazamlashgan va qurbonlar borligi ochiq aytilmayapti.

Germaniyada joylashgan Afg’oniston tadqiqotlar markazi direktori Aziz Arianfar “Lenta.ru” nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Afg’oniston shimolidagi besh mingga yaqin jangari afg’on-turkman chegarasini nishonga olayapti va Turkmaniston prezidenti xavfsizlik masalasida Xitoy va Rossiya bilan izchil muloqotga kirishgan.

Turkmanistonga qarashli kam sonli mustaqil nashrlardan biri “Xronika Turkmenistana”ga ko’ra, Islom Karimov va Qurbonguli Berdimuhammedov ham telefon orqali xavfsizlik masalasini muhokama qilgan, turkman-afg’on chegarasini qo’riqlashga O’zbekiston harbiylari jalb qilina boshlangan.

Ukrainadagi “Razumkova” markazi harbiy eksperti Mikolo Singurovskiy fikricha, yozga borib Markaziy Osiyodagi vaziyat jiddiy keskinlashadi, bu esa o’z navbatida Rossiyani Ukrainadan chekinishga ham majbur etadi.

“Men Markaziy Osiyoda vaziyat bunday keskin tus olishini istamasdim, ammo shunday bo’lishiga ishora beruvchi sabablar bor. Bugun mintaqa rahbarlarining o’zlari bu narsani e’tirof etmoqda. Qolaversa, mintaqaning aksar davlatlari Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa birlashmoqchi. Ammo Rossiyaning imkoniyati bu davlatlarga faqat qurol va harbiy yordam ko’rsatish bilangina cheklangan. Geosiyosiy raqobat kuchli, agar bu vaziyatda mintaqaga Xitoy kirib keladigan bo’lsa, Rossiyaga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi”, - deydi Singurovskiy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning aytishicha, maxsus xizmatlar tomonidan O’zbekiston Islomiy harakatini yo’qotish, parchalashga bo’lgan urinishlar muvaffaqiyatsiz tugagan. Bugun bu tashkilot yana kuchayish pallasida.

“Hozir Afg’onistonning o’zida ham mahalliy darajadagi turli islomiy tashkilotlar birlashib bormoqda, shu jumladan O’zbekiston Islomiy harakati ham. Bu harakat tarqoqlashgani haqida gapirish qiyin. Albatta, maxsus xizmatlar ichkaridan uni parchalashga urinib ko’rishdi, ammo hozircha biron natija bo’lgani yo’q“, - deydi Singurovskiy.

“Islomiy davlat”ning mintaqaga tahdidi bu guruh tarkibida jang qilayotgan markaziy osiyoliklar soni oshib borayotgani bilan ham bog’liq.

Xalqaro bo’hronlarni o’rganish guruhi chiqargan so’nggi hisobotga ko’ra, “Islomiy davlat“ tarkibida jang qilayotgan o’zbekistonliklar soni 500 atrofida, turkmanistonliklar esa 360 nafar.

“Islomiy davlat“ va boshqa diniy ekstremistik tashkilotlar asosan mehnat muhojirlari hisobiga kengaymoqda degan qarashlar ham mavjud. Huquq himoyachilari markaziy osiyoliklarning radikal tashkilotlarga qo’shilishga undayotgan asosiy sababni mehnat muhojirligida emas, mintaqa davlatlarining repressiv siyosatida ko’rishadi.

90 foizdan oshiq aholisi musulmonlar bo’lgan O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston diniy erkinliklar keskin cheklangan davlatlar ro’yxatidan joy olgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG