Din muhim omil bo’lmagan jamiyat yo’q biroq jahon bo’ylab aksariyat jamiyatlar va ularni boshqarayotgan siyosiy tuzumlar o’zlarini dunyoviy deb biladi. Dunyoviylik - sekulyarizm - davlatchilikda dinga o’rin yo’q degan g’oyadir, ya’ni ulamolar mamlakat boshqaruviga aralashmasligi kerak.
Markaziy Osiyo ahli asosan musulmon, besh tuzumning bari - dunyoviy. Mustaqillikning ilk yillarida ularning hammasida diniy uyg’onish kuzatildi. 70 yildan oshiq kommunizm va ateizm hukmronlik qilgan o’lkalar o’zining azaliy e’tiqodini tiklay boshladi. 1990-yillarning oxiriga borib esa mustaqil davlatlarning dinga nisbatan siyosati oydinlashdi: hukumatlar islomni qattiqroq nazorat qila boshladi, musulmonchilikning ham chegarasi bor degandek.
Islom siyosat emas, madaniyat degan yondashuv rasmiy tus olib, tahlil va ta'limda tarixiy-falsafiy qarashlarga ko'proq urg'u berildi. Diniy uyg’onish davrida keng tarqalayotgan islomiy adabiyotlar elakdan o’tkazila boshladi.
Nafaqat islom balki nasroniylik, yahudiylik, budparastlik va boshqa dinlar ustidan ham nazorat oshib, masjidlar qatorida cherkov va ibodatxonalar ham madaniy maskanlar, u yerda siyosatga o’rin yo’q, deya targ’ib qilina boshladi.
Bunga javoban esa diniy erkinlik xususida shikoyatlar, hukumat e’tiqodni cheklamoqda degan tanqidlar yangrab kelmoqda. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, minglab odamlar aynan taqvodor ekani uchun qamoqda o’tiribdi, xususan, O’zbekistonda. Islom Karimov va uning ma’muriyati esa ular ekstremizm va radikalizmda aybdor deb topilgan shaxslar; konstitutsion tuzumga, ya’ni dunyoviy davlatchilikka raxna solgan fuqarolar deya o’z siyosatini oqlashga urinadi.
Aslida ahvol u qadar murakkab emas, deydi bu borada kitoblar va ilmiy asarlar yozgan olim Aleksey Malashenko, Jorj Vashington universitetida so'zlar ekan. Ekspert Markaziy Osiyo davlatlari tepasida turgan odamlar kim ekanini eslatdi: kommunizm va ateizm farzandlari. Davlatlar mustaqil bo’ldi, endi rahbarlar ham dinga qiziqa boshlaydi deb o’ylash mantiqdan emas, deydi Malashenko.
Islom Karimov, Nursulton Nazarboyev va qo’shni davlatlarni boshqargan shaxslar islomdan boshidan yiroq bo’lgan, hozir ham shu. Diniy uyg’onishga milliylikni shakllantirish va mustaqillikni mustahkamlashning bir qismi deb qaragan liderlar e’tiqodni qattiqroq nazorat qilmaslik islomiy muxolifatga yetaklashi mumkinligini tushundi va tizginni mahkamroq ushlay boshladi, deydi Malashenko.
Bunda ular musulmon dunyosining boshqa davlatlaridan saboq oldi, masalan, Misrdan. Rahbarlar buni tan olmasligi mumkin, ammo Husni Muborak 30 yildan oshiq hukmronlik qilgan va bugun general Abdulfattoh al-Sissiy boshqarayotgan Misr ko’p jihatdan namuna sifatida xizmat qildi.
Kolorado universiteti professori Nodir Hoshimiy qayd etishicha, 88 million aholiga ega bu o’lka - Shimoliy Afrika va arab dunyosidagi eng yirik jamiyatda din davlat tomonidan butkul nazorat qilinadi.
Husni Muborak 2011-yilda prezidentlikdan ag’darilgach islomiy muxolifat, ya’ni Musulmon Birodarlar harakati demokratik saylovlar orqali hokimiyatga keldi. 2013-yilda u ham ag’darildi. Boshqaruvni qo’lga olgan harbiy rahbar - general Abdulfattoh al-Sissiy xalqqa murojaat qilib, o’zgarishlarni tushuntirar ekan, uning ikki yonida musulmon va nasroniy ulamolar turdi. Ular al-Sissiyni so’zsiz quvvatladi. Taqvodor adiblar yangi rahbarga atab asarlar, jumladan qasidalar yozdi. Misr kelajagi sekulyarizmda, deydi ular.
Markaziy Osiyodagi avtoritar tuzumlar ham dunyoviylikni olg’a surishda davom etmoqda. Biroq bugun bu jamiyatlar dindorroq, islomiy qarashlar ularda kengroq tarqalgan. Islomiy muxolifat baribir bo’ladi, deydi Aleksey Malashenko, rahbarlar buni tushunib yetgan va qanday nazorat qilish haqida ham o’ylab qo’ygan. Mintaqada faqat Tojikistonda islomiy partiya tan olingan. Parlamentda o’rinlarga ega bu siyosiy guruh - dunyoviylik tarafdori. Tojikiston Islomiy Uyg'onish Partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy “shariatga asoslangan tuzum istamaymiz”, deb keladi.
Malashenko fikricha, yaqin kelajakda dinga nisbatan siyosat o’zgarmaydi, ya’ni taqdovorlar siyosatga bosh suqishiga ruxsat berilmaydi.
Hukumatlar oldidagi vazifa - aksariyat aholi uchun qadriyat hisoblangan islomni emas, zo’ravonlikka yetaklovchi mutaassib harakatlarga qarshi kurashayapmiz deb keng ommani ishontira olish.
Malashenko o’zi yashaydigan Rossiyada sekulyarizm ancha orqaga ketgan deb hisoblaydi. Pravoslav cherkovining qo’li bugun har yerga yetadi, uning siyosatdagi roli oshgan, deydi ekspert. Shimoliy Kavkazda esa g’alati bir manzara, deydi u: Chechenistonda hatto shariatga yo’l berilgan, muxtoriyat rahbari Ramzan Qodirov - diniy rahnamo, islomiy qoidalar tanishtirgan. Dog’istonda esa masjidlar siyosiy markazlarga aylangan. Hukumat va diniy maskan orasida farq qolmagan. Bugungi Rossiya dunyoviylikda Markaziy Osiyodan orqada desak xato bo’lmaydi, deydi Malashenko.
Rossiyada musulmonlar aholining 13-14 foizini tashkil etadi. Kelasi chorak asrda musulmonlar ko’pchilikka aylanishi mumkin degan taxminlar bor.
Qo’shni Xitoyda - 1,3 milliard aholisi bor mamlakatda - musulmonlar atigi 1,2 foizni tashkil etadi. Biroq millionlab uyg’urlar, musulmon turkiylar, yashaydigan Shinjon muxtoriyatida “dunyoviylik” va “islomiy modernizm” ko’p tilga olinadigan tamoyillar, deydi Jorj Vashington universiteti professori Shon Roberts.
Bu mintaqani Sharqiy Turkiston deb atovchi uyg’urlar azaldan Markaziy Osiyo musulmonlariga yaqin bo’lgan. Ekstremizmga qarshi kurash avj olgan davrda aloqalar ancha sustlashdi. Shinjonda islomiy ma’rakalar, islomiy nikoh, islomiy ta’limga qarshi kampaniya avjida.
Xo’sh, uyg’urlarning o’zi qanchasi islomiy tuzumda yashashni istaydi? Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, aksariyat aholi erkin va adolatli jamiyat istaydi. Dinga nisbatan munosabat dunyoviy, ya’ni e’tiqod va siyosat bir-biriga aralashmasligi lozim. Din e’tiborga olinsin, lekin boshqaruv dinga asoslanmasin. Markaziy Osiyo ahli orasida ham shunday qarashdagilar ko’pchilik bo’lsa ajabmas, deydi mutaxassislar.
Nodir Hoshimiyning eslatishicha, din eng muhim rol o’ynaydigan davlatlar Yaqin Sharqda bo’lib, ular orasida Saudiya Arabistoni, islomiy avtoritar mutlaq monarxiya, birinchi o’rinni egallaydi.
Livan, parlamentar demokratiya, oxirgi o’rinda. Qiziq jihati, prezident, bosh vazir va uning o’rinbosari, parlament raisi va uning muovini turli dinlarning vakillari bo’lishi kerak - sunniy va shia mazhabidagi musulmonlar, shuningdek, pravoslav va maroniy nasroniylar.