Breaking News

Rossiya ShHT, BRIKS anjumaniga mezbon bo'ladi


O'zbekiston rahbari Islom Karimov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ShHTning Dushanbedagi sammitida. 11-sentabr, 2014-yil.
O'zbekiston rahbari Islom Karimov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ShHTning Dushanbedagi sammitida. 11-sentabr, 2014-yil.

Xitoy va Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika homiy BRIKS (BRICS - Brazil, Russia, India, China, South Africa) rahbarlari Rossiyaning Ufa shahrida uchrashib, mintaqada siyosiy-iqtisodiy ahvol, terror harakatlariga qarshi choralarni muhokama qilmoqchi. Ufadagi anjumanda O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etadi.

Rossiya ShHT, BRIKS anjumanlariga mezbon bo'ladi-Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:51 0:00

ShHT sammitidagi asosiy masala tashkilotga yangi a'zolar - Hindiston va Pokistonni qo'shib olish bo'ladi.

Karimov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan 6-iyul kuni Toshkentda uchrashgan edi. Bu muzokarada ShHT doirasidagi hamkorlik gaplashilgani haqida ma'lumotlar yo'q, ammo Modining tashrifi ikki o'rtadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishi ta'kidlanmoqda.

Karimov ShHT sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashishi kutilmoqda.

Ufada ikki yirik tashkilot BRIKS va ShHT sammitlari baravar o'tayotgani bejiz emas. Moskva askil-g'arb kayfiyatini kuchaytirib, G'arb joriy etgan sanksiyalar bois yo'qotgan nufuzini tiklamoqchi.

“ShHT va BRIKSni bir-biriga yaqinlashtirish, qolversa, BRIKSni ko'tarish Rossiya siyosatiga xos bo'lib keldi. Har ikki tashkilotda ham aksil-g'arbcha siyosat yaqqol ko'zga tashlanadi va tobora kuchayib kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, ShHTning boshqa a'zolari BRIKSga ham a'zo. Ya'ni agar tendensiya shunday ketadigan bo'lsa, har ikki tashkilot ham bir xil bo'lib qolishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov.

ShHTda, Rossiya asosiy o'yinchilardan biri bo'lgan bu tashkilotda ham so'nggi paytda G'arbga qarshi siyosat kuchaygan.

Tolipovning aytishicha, ShHT va BRIKSdagi g'oyaviy siyosat mintaqa davlatlarining tashqi siyosatiga ham bevosita ta'sir ko'rsatadi.

“O'zbekiston tashqi siyosatida ham mintaqaning boshqa davlatlari kabi geosiyosiy o'lcham juda kuchli. Ya'ni qudratli davlatlar o'rtasida muvozanatni saqlashga qaratilgan edi. Agar bu muvozanat hozir ShHT, BRIKS bilan bog'liq tarzda o'zgarib borsa, O'zbekiston ham tashqi siyosatida bunga javoban o'zgarishlar qilishga majbur bo'ladi. G'arb, AQSh, NATO bilan yiroqlashish emas, aksincha, AQSh bilan, Yevropa bilan aloqalarni yanada rivojlantirishi mumkin. Albatta, bu mening qarashim, chuqur analiz qilish kerak. Ammo G'arb tomon yanada yaqinlashishimiz ehtimoldan xoli emas”, - deydi Tolipov.

“Rossiya hozir ShHT va BRIKSni yaqinlashtirish siyosatini ilgari surayapti. Shuning uchun hozir ko'p narsa ShHT dasturlari va maqsadlarida qanday o'zgarishlar bo'lishiga, yangi a'zolar qanday g'oyalar, pozitsiyalar bilan tashkilotga kirib kelishiga, boshqa tomondan esa Makaziy Osiyo davlatlari tashkilotdagi yangi sharoitda o'zlarini qanday tutishlariga ham bog'liq”, - deydi Tolipov.

2001-yilda Shanxayda asos solingan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Rossiya, Xitoy, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston va O'zbekistondan iborat. Tashkilot qoshidagi mintaqaviy aksil-terror markazi Toshkentda joylashgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG