Breaking News

O'zbekiston Islomiy harakati Afg'onistondagi o'zbeklarni qo'lga qurol olishga chaqirdi


Shimoliy Afg'oniston
Shimoliy Afg'oniston

Afg'oniston qonunchilarining ta'kidlashicha, Pokiston, Checheniston, o'zbekistonlik o'nlab jangarilar har kuni mamlakatga kirib kelmoqda.

O'zbekiston Islomiy harakati esa so'nggi bayonotida Afg'onistondagi o'zbeklarni safga chorlagan. Mahalliy aholini dehqonchilikni yig'ishtirib, qo'lga qurol olishga undagan.

O'zbekiston islomiy harakati Afg'onistondagi o'zbeklarni qo'lga qurol olishga chaqirdi-Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00

Afg'oniston shimolida joylashib, “Islomiy davlat” yordamiga umid qilayotgan O'zbekiston Islomiy harakati navbatdagi bayonotida o'zbeklarga murojaat qiladi.

Bayonot Qunduzda toliblar bilan ziddiyatli janglar davom etayotgani haqida xabarlar tarqalgan bir paytga to'g'ri keldi.

​“Ozodlik” radiosining turkman xizmati Afg'oniston parlamentida 4-may kuni shimoldagi vaziyat muhokama qilingani haqida xabar beradi.

Deputat Ulam Tariq Majruhga tayanib xabar berilishicha, Afg'onistonga har kuni Pokiston, Checheniston va o'zbekistonlik yuzlab jangarilar kirib kelmoqda. Viloyatlarda vaziyat og'irlashgan, aholi yashovchi hududlar jangarilar qo'liga o'tmoqda.

O'zbekiston Islomiy harakati Afg'onistonga ko'chib o'tayotgani haqida ma'lumotlar paydo bo'lgan edi. Guruh rahbari Usmon G'oziy "Facebook" tarmog'ida qilgan so'nggi bayonotida guruh asosan Afg'oniston shimoliga ko'chganini tasdiqlaydi.

Afg'onistonlik o'zbek Haybatullohning aytishicha, harakat jangarilari ayrim mahalliy o'zbeklar orasida quvvatlov topishi ehtimoldan xoli emas.

“Albatta ular bir tomondan til, millatdoshlikni olg'a sursa, boshqa tomondan Tolibon yoki O'zbekiston Islomiy harakatining qonun-qoidalarini yoqlovchi, yoqtiradigan odamlar ham bor, buni rad etib bo'lmaydi. Afg'oniston hukumati avval ham bu harakat Qunduzda joylashishi sababi u yerda o'zbeklar ko'pligi, mafkurasini qabul qilgani bilan izohlagan edi. Qunduzda ularni qo'llagan, munosabatga kirishgan, faoliyat yuritishiga imkoniyat berganlar bo'lishi mumkin. Qunduzda tojikistonlik, qirg'izistonlik jangarilar ham bor”, - deydi u.

Harakatga oid bugungi vaziyat haqida turli munozarali fikrlar mavjud. Ayrim sharhlovchilar guruh kuchaya boshlaganiga urg'u bersa, ayrimlar fikrlariga ko'ra, Pokistondagi vahshiyliklari uchun Vaziristondan siqib chiqarilgan jangarilar hozir hayotlarini saqlab qolish uchun kurashmoqda.

“O'zbekiston Islomiy harakati Vaziristondagi qilmishlaridan so'ng (O'IH tomonidan amalga oshirilgan terror hujumlari) Pokiston hukumati ularni qattiq tazyiqlarga oldi. Hozir ular o'z jonlarini saqlab qolish harakatida yuribdi, kichik-kichik guruhlar shaklida Afg'oniston shimolining chekka hududlariga, asosan, o'zbeklar bor joyga ko'chishmoqda. Harakat o'z faoliyatini O'zbekistonga yoki mintaqaga yo'naltiradi deb o'ylash noto'g'ri. Buning uchun ularda moddiy qudrat ham, texnik imkoniyatlar ham yo'q”, - degan fikrda “Islom va siyosat” sahifasi muallifi Muhammadsolih Abutov.

So'nggi paytda Afg'oniston bilan chegaradosh bo'lgan butun mintaqa bo'ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, terrorizm tahdidiga oid targ'ibot ishlari o'tkazilmoqda.

“Yaqinda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) xavfsizlik idoralari yig'ilib, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashga kelishib olishdi, ammo “Islomiy davlat” qayoqda-yu, ShHT qayoqda. Ekstremizm va terrorizm tahdidi vahimalari mintaqa rejimlari uchun, diktaturaga xizmat qilmoqda, dindorlarga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirmoqda”, - deydi Abutov.

O'tgan hafta O'zbekiston huquq-tartibot idoralari Parkentda topilgan diniy varaqalar bo'yicha favqulodda maxsus amaliyot o'tkazishdi. Yosh o'smirlarni hibsga olish bilan yakunlangan bu operatsiya aholi orasida vahima uyg'otgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG